Jahon | 17:24 / 13.01.2025
2131
3 daqiqa o‘qiladi

Yahyo Sinvarning ukasi G‘azo sektoridagi HAMAS rahbari bo‘ldi – OAV

Muhammad Sinvar G‘azo sektoridagi HAMAS guruhiga mustaqil ravishda rahbarlik qilyapti va guruhni qayta tiklash ustida ishlamoqda.

Foto: AFP

Yahyo Sinvar o‘ldirilganidan so‘ng, uning ukasi Muhammad Sinvar G‘azo sektoridagi HAMAS rahbari bo‘ldi va guruhni qayta tiklash ustida ishlamoqda, deb yozdi The Wall Street Journal (WSJ).

Qayd etilishicha, 2024 yil oktyabr oyida Yahyo Sinvar o‘ldirilishi ortidan Qatarda joylashgan HAMAS vakillari yetakchilarning jamoaviy kengashini tuzishga qaror qilgan. Ammo nashrning arab manbalariga ko‘ra, guruhning G‘azo sektoridagi jangarilari bunga rozi bo‘lmagan va hozir Muhammad Sinvar boshchiligida mustaqil tarzda harakat qilmoqda.

WSJ bilan gaplashgan arab rasmiylarining aytishicha, jiddiy zarar ko‘rgan HAMAS yangi jangchilarni, jumladan, ularning oilalariga oziq-ovqat va tibbiy yordam va’da qilgan holda yollamoqda. Yollangan jangarilar bir necha kishidan iborat kichik guruhlarda hujumlar uyushtirib, maxsus harbiy tayyorgarlikni talab qilmaydigan o‘qotar va tankka qarshi qurollardan foydalanyapti. Isroil harbiylariga ko‘ra, HAMAS so‘nggi oylarda, asosan, G‘azo sektori shimolida yuzlab odamlarni yollagan.

Muhammad Sinvar taxminan 50 yoshda ekani taxmin qilinadi. U ham katta akasi singari guruhga yoshligida qo‘shilgan, biroq Yahyo Sinvardan farqli o‘laroq, Isroil qamoqxonasida bo‘lmagan va «Isroil xavfsizlik xizmatlari nazariga unchalik tushmagan». Muhammad Sinvar asosan sahna ortida harakat qilgan va «Soya» laqabini olgan.

Isroilning iste’fodagi brigada generali Amir Avivi ham G‘azo sektoridagi jangarilar Muhammad Sinvar tomonidan nazorat qilinishini aytdi. Isroil harbiylari yangi yetakchini topish uchun «barcha choralarni ko‘rmoqda», dedi u.

Yahyo Sinvar Isroil qamoqxonalarida 20 yildan ortiq vaqt o‘tkazdi va 2011 yil oktyabr oyida ozod qilindi. 2024 yil avgustida Yahyo Sinvar Tehronda avvalgi yetakchi Ismoil Haniya o‘ldirilishi ortidan HAMAS siyosiy byurosiga rahbar bo‘ldi. 2024 yil 16 oktyabr kuni G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida patrullik qilayotgan Isroil qo‘shinlari tomonidan o‘ldirildi.

Mavzuga oid