O‘zbekiston | 17:03 / 14.01.2025
14058
2 daqiqa o‘qiladi

DXX raisi Bahodir Qurbonov general-polkovnik unvonini oldi

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonovga general-polkovnik harbiy unvoni berilgan. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, u milliy armiya tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab ayni daqiqalarda o‘tkazilayotgan bayram tadbirida uch yulduzli general pogoni biriktirilgan formada ishtirok etmoqda.

Foto: Kun.uz

General-polkovnik – O‘zbekistonda tinchlik davrida beriladigan eng yuqori harbiy unvon sanaladi.

55 yoshli Bahodir Qurbonov 2024 yil noyabridan buyon DXXni boshqarib kelmoqda. Undan avval 5 yil davomida O‘zbekiston mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

Qurbonov general maqomini 2018 yilda olgan. Ungacha 2015-2018 yillarda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i edi. 2018 yil fevralida unga general-mayor harbiy unvoni berilib, Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimiga tayinlangan. 2019 yil fevraliga kelib, O‘zbekiston mudofaa vaziri sifatida ish boshlagan. 2021 yil 13 yanvarda general-leytenant harbiy unvoniga sazovor bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Bahodir Qurbonov DXX raisi lavozimida general-leytenant Abdusalom Azizovning o‘rnini egallagandi. Mudofaa vazirligida esa uning o‘rnini vazirning birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov egalladi. Bosh shtabga general-mayor Iminov Zaynobiddin Ro‘ziyevich boshliq bo‘lgan.

Mavzuga oid