G‘azo bo‘yicha muzokaralar, HAMASning yangi yetakchisi va Eronda energetik inqiroz - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi humanitar inqiroz
BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo sektori shimolida so‘nggi ikki oy ichida oziq-ovqat yordami deyarli yetkazilmagan, bu hududni eksklavdagi ocharchilikka eng kuchli duchor bo‘lgan mintaqaga aylantirgan.
Hozirda ruxsat etilgan oziq-ovqat hajmi ochlik iskanjasida qolganlarning uchdan bir qisminigina to‘yg‘izishga yetmoqda. Volontyorlar yemak ulushlarini bosqichma-bosqich kamaytirishga majbur bo‘lmoqda.
Bugunga kelib Isroilning to‘xtamayotgan hujumlari oqibatida G‘azo sektorida qurbonlar soni 46 ming 584 kishiga yetgan bo‘lib. Faqat so‘nggi sutka ichida 19 kishi Isroil hujumlari qurboni bo‘ldi.
HAMASga yangi yetakchi tayinlandi
Isroil tomonidan o‘ldirilgan Yahyo Sinvarning o‘rnini uning ukasi, 50 yoshli Muhammad Sinvar egalladi. Bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Muhammad Sinvar «Soya» laqabi bilan tanilgan bo‘lib, maxfiylikda ishlashni afzal ko‘radi. U Yahyo Sinvarning yaqin sherigi va HAMASning sobiq harbiy rahbari Muhammad Deyf bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Ayni paytda, Muhammad Sinvar HAMASning G‘azodagi bo‘linmasini qayta tiklash ishlarini boshqarmoqda.
HAMAS rasman Muhammad Sinvarni yangi yetakchi sifatida e’lon qilganicha yo‘q. Unga qarshi bir qator jiddiy da’volar mavjud: Isroil maxsus xizmatlari uni 2006 yildagi Gilad Shalitning o‘g‘irlanishiga mas’ul deb hisoblaydi, ammo buni HAMAS tasdiqlamagan.
G‘azo bo‘yicha muzokaralar
Turkiyaning Milliy razvedka tashkiloti (MİT) rahbari Ibrohim Qalin HAMAS siyosiy byurosi vakillari bilan telefon muloqotini o‘tkazdi. Uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni muhokama qilgani ma’lum qilindi.
Ayni vaqtda Qatar poytaxti Dohada ham Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda «muhim ildamlash» qayd etilgani haqida Reuters agentligi xabar berdi. Qatar rasmiylari har ikki tomonga o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni ozod qilish haqidagi yakuniy kelishuv loyihasini taqdim etdi.
Muzokaralarga yaqin manbaga ko‘ra, keyingi 24 soat kelishuvga erishishda hal qiluvchi bo‘ladi. Ushbu jarayonda «Mossad» va «Shin Bet» rahbarlari, Qatar bosh vaziri, Donald Tramp ma’muriyatining maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Jo Baydenning maxsus vakili Brett Makgerk qatnashgan.
Har ikki delegatsiya loyihani qabul qilib, o‘z rahbarlariga taqdim etgan.
Isroilning Livanga havodan hujumi
Isroil havo kuchlari Livanning sharqiy hududlariga havo hujumlari amalga oshirdi. Bu bilan ular 2024 yilning 27 noyabrida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini yana buzishdi.
Hujumlar Baalbek sharqiga yaqin joylashgan Jinta shahri atrofida amalga oshirildi. Isroil armiyasi hujumdan maqsad «Hizbulloh»ning Livan va Suriya chegarasidagi qurol-yarog‘ kontrabandasi yo‘llarini yo‘q qilish ekanini ma’lum qildi.
Tinchlik kelishuviga ko‘ra, Livan hukumati «Hizbulloh» yoki boshqa qurolli guruhlarning Isroilga hujum qilishini to‘xtatishi shart. Shuningdek, Isroil fuqarolik, harbiy yoki davlat obektlariga hujum qilmaslik majburiyatini olgan.
Kelishuv bo‘yicha Livan armiyasi 60 kun ichida Isroil qo‘shinlarini janubiy hududlardan chiqarib, o‘rnini egallashi lozim. Ammo Isroilning hujumlari ushbu shartlarni bajarishni xavf ostida qoldirmoqda.
Suriyadagi qochqinlar taqdiri
Suriyaning yangi hukumati rahbari Ahmad ash-Shara’ Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan so‘ng ikki yil ichida 14 milliongacha qochqin yurtiga qaytishini ta’kidladi qaytish jarayoni allaqachon boshlanganini ta’kidladi.
«Xorijda faqat 1–1,5 million suriyalik qoladi», — dedi Ash-Shara’. U Asad rejimi davrida davlat institutlaridan xalqni zulm ostida ushlash, qiynoqlar va o‘ldirishlarda foydalanilganini keskin tanqid qildi.
Ahmad ash-Shara’ Suriyada ijtimoiy birlik va totuvlikni ta’minlaganini, shuningdek, amnistiya siyosatini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Amnistiya qiynoqlar, ommaviy qatllar va portlashlarda ayblangan shaxslarga tatbiq etilmasligini aytdi.
«Inqilob yakunlandi. Endilikda davlatchilik yo‘liga o‘tish zarur. Bizning maqsad — intiqomsiz g‘alaba va mamlakatda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash», — dedi u.
Ukrainaga yordam
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Ukrainaga ajratiladigan yordam hajmini qisqartirishga qarshi chiqdi.
Uning fikricha, yordamni kamaytirish Ukrainaning himoya qobiliyatini zaiflashtirishi mumkin. Berbok «Ukrainani qo‘llab-quvvatlash Yevropada xavfsizligimizni ta’minlashning eng yaxshi yo‘li», deya ta’kidladi.
Berbok Berlinning Ukrainaga qurol yetkazib berish uchun ajratgan 7 mlrd yevrolik yordamini saqlab qolishni talab qilmoqda.
Avvalroq Germaniya kansleri Olaf Shols Kiyevga tashqi ishlar vaziri va mudofaa vaziri Boris Pistorius tomonidan ilgari surilayotgan 3 mlrd yevrolik qo‘shimcha yordam ajratilishiga qarshi ekanini xabar qilgan edi.
Berbok shuningdek, u Rossiyaning «soyadagi floti» Yevropadagi ekologik va iqtisodiy xavfsizlikka tahdid solayotganini qayd etdi.
Unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining «soyadagi floti» sanksiyalar ostida va aslida dengizga umuman chiqmasligi kerak. Berbok Moskva qasddan lomga yuborilishi kerak bo‘lgan kemalar ishtirokida avariyalar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘yayotganini qayd etgan.
Canksiyalar neft narxini oshirdi
13 yanvar kuni neft narxi AQShning Rossiya energetika sektoriga kiritgan yangi sanksiyalari fonida oxirgi oylardagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.
Brent markali neft narxi 2 foizga oshib, barreliga 81,49 dollarga yetdi, bu 2024 yil avgustidan buyongi eng yuqori ko‘rsatkichdir. AQShda ishlab chiqariladigan neft WTI markali neft narxi ham barreliga 78,39 dollarga ko‘tarilib, oktyabr rekordini ortda qoldirdi.
10 yanvar kuni AQSh Rossiya energetika sektoriga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etganini e’lon qildi. «Gazpromneft», «Surgutneftegaz», neft savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar va Rossiyaning «tengsiz floti»ga tegishli kemalar sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.
Buyuk Britaniya ham ushbu choralarni qo‘llab-quvvatladi. AQSh Milliy iqtisodiy kengashi direktori Dalip Singh bu choralarni «o‘ta muhim» deb atab, ular Rossiya iqtisodiyotiga har oy milliardlab dollar zarar keltirishi mumkinligini bildirdi.
Eronda energetik inqiroz
Eron hukumati bir nechta elektr stansiyalarida yoqilg‘i tanqisligi tufayli maktablar va jamoat binolarini yopishga qaror qildi. Bu choralar mamlakatning bir nechta viloyati, jumladan, Tehron, Qum, Mozandaron va Ardabilni qamrab oldi.
Mazkur qaror eskirgan infratuzilma anomal sovuqlar sabab keskin oshgan energiya sarfini ko‘tara olmayotgani tufayli qabul qilindi. Hatto neft va gaz zaxiralari boy bo‘lgan Eron ham uzoq yillik sanksiyalar tufayli elektr ta’minotini cheklashga majbur bo‘lmoqda.
Eron bu kabi energetik inqirozga ilgari ham duch kelgan. Noyabr oyida yuz bergan ommaviy elektr uzilishlari tufayli maktablar bir necha kunga yopilgan edi.
Kaliforniyadagi o‘rmon yong‘inlari
Los-Anjyelesdagi hududiy yong‘inlarda halok bo‘lganlar soni 24 nafarga yetdi. Hujjatlashtirish jarayoni davom etar ekan, bu raqamlar yana ortishi mumkin.
Yong‘in tufayli 150 mingdan ziyod kishi evakuatsiya qilindi, yana 87 ming odam evakuatsiya hududida. 12 mingdan ortiq uy va binolar to‘liq vayron bo‘ldi.
Shiddatli shamol yong‘inlarni tarqatishda davom etmoqda. Janubiy Kaliforniyada qo‘shimcha yordam guruhlari va texnikalar jalb etilgan.
Mashhur shaxslar ham bu ofatdan jabr ko‘rishdi. Peris Hilton, Bella Hadid, Entoni Hopkins, Adam Broudi, Jon Gudmen, Billi Kristal, Jyeff Brijyes va Mel Gibson kabi yulduzlar o‘z uylarini tark etdi. Ben Afflek va Harrison Ford ham evakuatsiya qilinganlar qatoridan joy oldi. AQSh vitse-prezidenti Kamala Harrisning qasri ham yong‘in xavf solayotgan hududda joylashgan.
Hujum oqibatlari katta iqtisodiy zarar keltirgan. Umumiy ziyon 52–57 mlrd dollarga baholanmoqda.
Mavzuga oid
12:56 / 13.01.2025
G‘azodagi otashkesim muhokamasi, asirga tushgan KXDR harbiylari va Rossiyaga nisbatan sanksiyalar oqibati - kun dayjesti
12:44 / 11.01.2025
Putin-Tramp uchrashuviga tayyorgarlik, Rossiya neft kompaniyalariga sanksiyalar va Kaliforniyadagi yong‘in gumondori - kun dayjesti
16:04 / 10.01.2025
G‘azoda zarba qurboni bo‘lgan chaqaloqlar, hibsga olinmaydigan Netanyahu va portlarni tark etgan Rossiya harbiy kemalari - kun dayjesti
14:00 / 09.01.2025