“Hech bir sababsiz xasta bo‘layotganlar bor”: ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi hayot haqida
Kuchli stress, moddiy yo‘qotish yoki og‘ir judolik ko‘p hollarda ruhiy holatning buzilishiga olib keladi. Ammo ruhiy xastalarning yarmida kasallikning kelib chiqish sababi noma’lum. Davolanayotganlar orasida o‘ziga to‘q, oilasida muammosi yo‘q va hatto ilmiy ish qilayotgan olimlar ham bor, deya hikoya qiladi ruhiy asab kasalliklari shifoxonasi shifokori.
Odamlar ruhiy kasalliklar shifoxonasini birmuncha qo‘rqinchli joy sifatida tasavvur qilishadi. U yerda davolanib qaytganlar esa jamiyatdan uzib qo‘yiladi. Negaki, ko‘pincha filmlar va boshqa mediakontentlarda ruhiy kasalliklarga chalingan bemorlar xavfli inson sifatida tasvirlanadi. Ammo ularning barchasini ham bunaqa deya olmaymiz. Aslida ruhiy nosog‘lomlik o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilinsa va tibbiy muolaja olinsa tuzalib ketishi mumkin bo‘lgan xastalikning bir turidir: Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya yo‘nalishi Toshkent shahar filialida shifokorlar va bemorlar bilan suhbatlashib, bunga yana bir bor amin bo‘ldik.
“Bugun olib ketib, ertasiga tashlab ketadiganlar bor”
“Ruhiy kasalliklar shifoxonasi deyilganda, odamlarda ozgina cho‘chish bo‘ladi. Bu bir umrga qandaydir tamg‘a, qarindoshlar orasida qandaydir kamsitilish yoki oilani ajratib qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bizning tilimizda bu “sigma” deyiladi, ya’ni o‘sha shaxsga nisbatan qandaydir chegaralar qo‘yiladi. Aslida bu noto‘g‘ri, chunki ruhiy kasalliklar har qanday oddiy kasalliklar bilan o‘xshash. Bu kasallik hammada bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda zamonning shiddat bilan rivojlanib ketishi va o‘zgarishlarga moslashish insonga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Bu esa ko‘p hollarda ruhiy xastalikka sabab bo‘ladi. Shuning oqibatida turli xil ketma-ket stresslar, har xil kasalliklar va “travma”lar oqibatida har qanday odam bu kasallikdan himoyalanmagan deb o‘ylayman. Ko‘p narsa fuqarolarning bilim darajasi va tushunchalariga bog‘liq. Ayrim oilalar birinchi qo‘ng‘iroqdayoq harakatga tushadi. Masalan, bolalarni oladigan bo‘lsak, o‘qituvchisi bilan gaplashadi, maktab psixologi va atrofdagilarning o‘zgarishini sezib, hamma birdek harakat qilsa, oldini olish mumkin. Ayrim oilalarda esa yuqorida aytib o‘tilganidek, orqaga surish, yaxshi bo‘ladi deb o‘tkazib yuborish holatlari ko‘p bo‘ladi”, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent shahar filiali bo‘lim boshlig‘i Osiyoxon Qosimova.
Psixiatrning aytishicha, davolash muddati holatiga qarab o‘rtacha bir yarim oy davom etadi. Barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi. Chunki ruhiy kasalliklar boshqalariga qaraganda noodatiy xatti-harakatlari, turli xil gap-so‘zlari, hattoki hujum qilish holatlari bilan farq qiladi. Ular nafaqat atrofdagilarga, balki o‘zlariga ham tashlanib qoladi.
“Ayrim ruhiy kasalliklar nasldan naslga o‘tib ketishi mumkin”
“Bizning bo‘limda tug‘ma kasallar soni ko‘p emas, qariyb 2 foiz. Qolgani hayot yo‘lida orttirilgan. Ular orasida ayrim kasalliklar nasldan naslga o‘tib kelishi mumkin. Eng muhimi stressga chidamlilik. Yo‘qotishlarni odamlar har xil ko‘taradi. Masalan, shunaqa insonlar bor, to‘rtta beshta farzandini yo‘qotgan, lekin hayotda o‘zini tutib turgan, agar tashqaridan qarasangiz, dardi yo‘q insonga o‘xshaydi. O‘tirib gaplashsangiz, uning shunaqangi yo‘qotishlari borki, uncha-muncha odam chiday olmaydi. Ayrim odamlar masalan, oddiy ishidan ketsa, lavozimdan tushsa yoki bir avariya oqibatida mashinasidan ayrilsa, stressga tushib qoladi. Oqibatda insonning ruhiy holati buziladi va depressiya yoki nevroz kabi kasalliklar paydo bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda kishiga birinchi o‘rinda oilasi va yaqinlarining qo‘llab-quvvatlovi kerak. Biz stressga dosh bera olmay shifoxonaga tushib qolgan holatlarni ko‘rib juda ham ta’sirlanamiz. Eng katta muammo “sigma”, ya’ni ruhiy bemorlarni ajratish. Ayrim oilalarga bunday bemorlarni qabul qilish qiyin, hattoki yillab tashlab ketishadi. Biroq yaxshi oilalar ham bor, ota-onasini davolatadi”, - deydi psixiatr Osiyoxon Qosimova.
Psixiatr stress ruhiy kasalliklarga sabab bo‘luvchi bir omil ekanini aytib, bunda bolani tarbiyalashda unga erk va mustaqillik berish kerakligini tavsiya qildi.
“Ortiqcha mehr-e’tibor ko‘rsatish stressga chidamlilikni rivojlantirmaydi va bola mustaqil bo‘la olmaydi. U birinchi uchragan muammo oldida taslim bo‘ladi va hamma aybni ota-onaga yoki atrofdagilarga tashlab qo‘yishi odatiy bo‘lib qoladi”, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya yo‘nalishi Toshkent shahar filiali bo‘lim boshlig‘i Osiyoxon Qosimova.
Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent shahar filialida ruhiy bemor ayollar ulushi taxminan 45 foizni tashkil qiladi. Qolgan qismi erkaklar hissasiga to‘g‘ri keladi. “Erkaklarni davolash ayollarga nisbatan osonroq”, deydi 8-yopiq bo‘lim mudiri Gulnoza Ro‘ziyeva.
“Ruhiy kasalliklarda tashxislar erkak va ayollar uchun bir xil bo‘ladi. Bizning kasalligimizni og‘irlashtirishi mumkin bo‘lgan holatlar bor. Masalan, erkaklar alkogol yoki tamaki mahsulotlari qabul qiladi. Shifoxonada qat’iy rejim mavjud bo‘lsa-da, ba’zi bemorlar bu rejimdan norozi bo‘lishadi. Rejim kimgadir mos keladi, kimgadir esa yo‘q. Ammo u bo‘lmasa, davolash yaxshi natija bermasligi mumkin. Ko‘p marta kelgan bemorlar biladi: bu yerda ularga qo‘pol muomala qilinmaydi.
Ruhiy bemorlar o‘zlarining ruhiy holatini to‘liq baholay olmaydi, shuning uchun ular ko‘pincha davoni kerak emas deb o‘ylashadi. Yaqinlari esa holati yomonlashganda yordam so‘rab kelishadi. Yangi kelgan bemorlar bilan ishlashda biz dorilar bilan birga psixaterapevt yordamidan foydalanamiz. Turli terapiyalarni amalga oshiramiz”, - deydi erkaklar bo‘limida ishlayotgan psixiatr.
Gulnoza Ro‘ziyevaga ko‘ra, klinikaning 8-yopiq bo‘limida hozirda 57 nafar bemor bor, yoshi yigirma besh yoshdan to oltmish beshgacha. Uning aytishicha, ruhiy holatning buzilishiga doim ham stress sabab bo‘lmaydi. Masalan, OTMda o‘qigan, hatto ilmiy ish yoqlaganlar bor. Shunday kishilarning ayrimlarida sababsiz ruhiy o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Hozirgacha aynan ruhiy o‘zgarishlarning barcha sabablarini aniqlash imkoniyati mavjud emas.
“Shuning uchun bizning vazifamiz sababini yo‘qotishdan ko‘ra, holatini yaxshilash. bizdan chiqib ketgandan keyin ham poliklinikada davolash ishlari davom etadi. Har bir hududga biriktirilgan shifokorlar bor, bemor dispanserga, o‘zining manziliga qarashli shifokorga murojaat qilib, holatini tushuntiradi. Agar holati yaxshi bo‘lsa, o‘sha dorilarni iste’mol qilishni davom ettiradi. Agar o‘zgargan bo‘lsa, u yerdagi shifokor dorilarni o‘zgartirib beradi yoki kerak bo‘lsa yana bizning muassasaga yo‘llanma berishi mumkin”, - deydi Gulnoza Ro‘ziyeva.
Shuningdek, u Kun.uzʼga faoliyatidagi eng noqulay holatlardan birini gapirib berdi.
“Bemorlar yaxshi bo‘lgandan keyin uylariga javob beramiz. Uydagilari nima deydi: “vrach oxirigacha davolamagan, bizlar xohlagan vaqtida chiqarishi kerak edi” deb portalga yozadi. Noto‘g‘ri davolabdi, oxirigacha tekshirmapti deb emas, aynan ular xohlagan vaqtida chiqarmaganimiz uchun aybdor bo‘lib qolamiz. Portalga yozgandan keyin bu ish o‘zidan o‘zi yopilmaydi, qarindoshini topib, vaziyatni tushuntirish kerak bo‘ladi, agar kerak bo‘lsa, uzr so‘raladi. Chunki bu ishni yopish kerak. Men uchun bu noqulayi shu”, - deydi Gulnoza Ro‘ziyeva.
Psixiatrning ta’kidlashicha, kasal tuzalib ketgandan keyin ham qaytalanish holatlari bo‘lishi mumkin. Bu hammada har xil kechadi. Agar uyga qaytgach, shifokor ko‘rsatmalariga rioya etsa, 20 yilgacha murojaat qilmasligi mumkin.
Kun.uz mazkur yopiq bo‘limda 5 yildan beri ishlayotgan hamshira Maftuna O‘rinboyeva bilan ham suhbatda bo‘ldi. Uning aytishicha, bemorlar mehrtalab bo‘lishadi.
“Boshlanishda qiyinchiliklar ko‘p bo‘ldi, lekin hozir vaqt bo‘yicha ancha tezroq ishlashimiz talab qilinadi, chunki har xil vaziyatlar bo‘lishi mumkin. Hamma narsaga ulgurishimiz kerak: hujjat va kasal sog‘ligi bo‘yicha ham, masalan, bir bemor yaxshi bo‘lganda ikkinchisining ahvoli yomonlashishi mumkin.
Ular shirin so‘zga muhtoj. Bemorlar bilan yaxshi gaplashilsa, shifo topishi mumkin. Eng sharafli tomoni – savobli ish qilyapmiz. Masalan, bu yerdan chiqib ketishsa, ko‘pchilik uyda yashamaydi, ko‘chada qolib ketadi. Uyi yo‘qlar ham bor. Bemorlar o‘zlarini uyida boshqacha, kasalxonada boshqacha tutishadi, shunaqa zo‘r gapirgani bilan nima bo‘lganini aytgisi kelmaydi, o‘zining zaif tarafini ko‘rsatgisi kelmaydi”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bemorlarning taxminan 50 foizi ruhiy xastaliklarni turli sabablar, xususan, stress, jarohat, infeksiyalar ta’sirida orttirib olishi mumkin. Qolgan holatlarda esa tug‘ma bo‘lishi mumkin yoki kelib chiqishi tashqi muhitga bog‘liq bo‘lmaydi. Shifoxonaning ochiq bo‘limida davolanayotgan ko‘plab bemorlar ham ruhiy xastaliklar hayoti davomida paydo bo‘lganini aytadi.
“Men 13 yil oldin “oftob urib” mikroinsult bo‘lganman. Shuning asorati hisobidan hozir shu yerga kelib davolanaman. To‘g‘risi, boshida kasalxonaning nomi, boshqasi uchun qo‘rqdim. 5-6 yildan beri yiliga bir marta kelib, davolanib ketaman. Hammasi yaxshi”.
Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan boshqa bir bemor stress sababli ruhiy holati buzilganini aytdi.
“Men “Covid-19” paytida stressga tushib qolganman, o‘sha davrda o‘pkamda 50 foiz porojyeniya bor edi. Keyin xo‘jayinim o‘tib qolgan, o‘shandan keyin stressga, depressiyaga tushib qolganman. Bunga 4 yil bo‘lgan bo‘lsa, shu yil yozda yana depressiya qaytarildi. Boshim og‘rib, yelkalarim qizib, gapira olmay qolaman. Dorisini ichmay qo‘ygandim”.
Tug‘ma ruhiy buzilishlarning bir qismiga yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh sabab bo‘ladi. Bunda bemorlarda aqliy qoloqlik kuzatiladi. Shunday holatlarda ayrim ota-onalar bu o‘tib ketadi, deb o‘ylashadi yoki bolaga qo‘shimcha dars mashg‘ulotlarini yuklash orqali vaziyatni o‘nglamoqchi bo‘ladi. Biz bilan suhbatda bo‘lgan shifokorning aytishicha, ota-onalar qachonki farzandida tutqanoq, xulq-atvor buzilishi holatlari kuzatilsagina shifoxonaga olib kelishadi.
Odamlar “uchot”ga qo‘yilishidan qo‘rqadi
“Shifoxonaga bordi yoki psixiatrga bordi. 100 foiz hisobga qo‘yildi degan narsa yo‘q. Ko‘pincha o‘sha erta bosqichlarida, o‘z vaqtida murojaat qilgan insonda qanaqadir og‘ir bedavo ruhiy kasallik aniqlanmaydi. Kasallik qachonki nimaga hisobga olinadi? Qachonki bu surunkali xavfli va har doim dori ichishi talab qiladigan holat bo‘lganida odam hisobga olinadi.
Yana ikkinchi tomoni, o‘z vaqtida murojaat qilish erta nogironlikning oldini oladi. Chunki ming afsus, bizlarda bemorlar ko‘pincha juda kech keladi, ko‘pincha nogironlik belgilari shakllangandan keyin, umuman mehnat qobiliyati yo‘qolganida, qachonki uydagilar bilan umuman yashay olmaydigan holatga kelib qolganidan keyin kelishadi”, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik markazining psixiatriya bo‘yicha Toshkent shahar filiali direktori o‘rinbosari Bulat Chembayev.
Xususiy klinikalar “uchot”ga qo‘ymaydi
“Bemorlarni ko‘pincha domlaga o‘qitishadi. Agar ruhiy nosog‘lomlik stressga bog‘liq bo‘lsa, albatta, ta’siri bo‘ladi. Lekin tug‘ma aqliy qoloqlik yoki surunkali psixoz holati bo‘lsa, yordam bermasligi mumkin. Shunday holatlar bo‘lgan: kasalxonaga olib kelishadi. Bir necha kundan keyin bizlar falon tabibni topdik, falon domlalarni topdik, deb baribir olib ketadi. Qanchadir vaqt o‘tgandan so‘ng olib kelishadi. Bizda bu bo‘yicha xususiy klinikalar ham bor. Sharoitlari jihatidan davlatniki bilan uncha farq qilmaydi. Asosiy jihati – xususiy klinikaga tushgan bemorlar haqida tibbiyot muassasalariga hech qanday ma’lumot berilmaydi, bu 100 foiz anonim. Shu sababdan odamlar davlat muassasalariga murojaat qilishga qo‘rqadi”.
Psixiatrlar yetishmayapti
“Bizda kadrlar masalasi eng asosiy muammo. Kadrlar yetishmasligi mavjud. Agar biz uni tahlil qiladigan bo‘lsak, deyarli hech qaysi muassasa, hech qaysi tumanda 100 foiz malakali kadrlar bilan ta’minlanmagan. Psixiatrlar va bolalar psixiatrlari juda yetishmovchilikda. Agar imtiyozlarni oladigan bo‘lsak, bizda alohida ustama bor. Fikrimcha, imtiyozlarni ko‘paytirishimiz kerak. Bu uchun qandaydir tizim ishlab chiqish kerak, shu bilan birga aholining shu sohaga munosabatini o‘zgartirmasak, qandaydir mexanizmlar katta natija bermaydi. Birinchi navbatda odam psixiatrik muassasalarga yoki dispanserlarga qo‘rqmasdan murojaat qilishi kerak”.
Respublika ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali misolida aytadigan bo‘lsak, keyingi paytlarda ruhiy xasta bemorlar soni oshib bormoqda. Bu esa insonning ruhiy salomatligini yaxshilaydigan chora-tadbirlarni ko‘rishni taqozo etadi.
Mavzuga oid
18:51 / 24.06.2024
Farg‘onada sog‘lom odam ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi
19:42 / 28.05.2024
Respublikadagi ikkita ruhiy kasalliklar shifoxonasida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan bemorlar borligi aniqlandi
10:41 / 04.08.2022
Qashqadaryoda ruhiy kasallar oyoq ostida yotgani tasvirlangan video tarqaldi. Viloyat SSB holatga izoh berdi
11:37 / 01.08.2022