O‘zbekiston | 17:58 / 14.01.2025
1224
4 daqiqa o‘qiladi

Milliy armiyamiz yoshlar uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda - Mirziyoyev

Prezident Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini yo‘lladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi.

«Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etaman. Barchamiz uchun shon-sharaf timsoliga aylangan mana shu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan botir va dovyurak o‘g‘lonlarni, muhtaram faxriylarni tabriklab, ularning sha’niga eng ezgu tilaklarni izhor etaman», deyiladi tabrik so‘zida.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha so‘nggi yillarda barcha qo‘shin turlari zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiya mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda.

Shu bilan birga, «xalq bilan armiya tobora yaqin bo‘lib borayotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bag‘ishlamoqda».

Shavkat Mirziyoyev hozirgi vaqtda, dunyo miqyosida turli xavf-xatarlar, qurolli to‘qnashuvlar tobora avj olib borayotgan o‘ta murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini, harbiy xizmatchilarning jismoniy va ma’naviy shayligini oshirish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini qayd qildi.

«Shu munosabat bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida bu borada boshlagan ishlarimizni mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarishimiz shart. Xususan, Qurolli Kuchlarimizni yangi, modernizatsiya qilingan o‘t ochish tizimlari va texnika bilan ta’minlashni harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini, qo‘shinlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda davom ettiramiz. Harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktablarda boshlang‘ich harbiy ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratamiz», dedi prezident.

Ta’kidlanishicha, askar va ofitserlarning professional mahorati, harbiy bilim yurtlarida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, malakali harbiy kadrlar zaxirasini yaratish doimo ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy himoya qilish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham diqqat markazida bo‘ladi.

«Qadrli Vatan himoyachilari! Ona yurt qalqonlari, tinchlik posbonlari sharaflanadigan mana shu quvonchli kunda siz, azizlarni shonli bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan qutlayman. Barchangizga muqaddas qasamyodingizga sodiq qolib, xizmat burchingizni yuksak darajada ado etishda mustahkam sog‘liq, ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman. Jonajon Vatanimiz himoyasi yo‘lida hech qachon tolmang, yutuq va zafarlar doimo sizlarga yor bo‘lsin!», deyiladi tabrik so‘zi yakunida.

Mavzuga oid