Jahon | 21:23 / 15.01.2025
2268
2 daqiqa o‘qiladi

NATO bosh kotibi Rossiya bilan urushga tayyorlanishga chaqirdi

Mark Ryutte so‘zlariga ko‘ra, urushga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uning oldini olishga xizmat qiladi.

Foto: AP

NATO «urush davridagi fikrlashga o‘tishi» va uning oldini olish uchun urushga tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO a’zolari bosh shtabi boshliqlari yig‘ilishida gapirdi.

«Urushning oldini olish uchun biz unga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Tafakkurimizni urush davriga o‘zgartirish vaqti keldi», dedi u.

Bu mudofaa xarajatlarini oshirish, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish va NATO bo‘yicha butun dunyo bo‘ylab hamkorlikni kuchaytirishni anglatadi, deb tushuntirdi Ryutte.

Uning fikriga ko‘ra, Ukrainadagi urush alyansning kelajagiga xavf soladi.

«Rossiya demokratiyalarimizni zaiflashtirish va erkinliklarimizni tortib olish uchun qattiq harakat qilmoqda. Va u yolg‘iz emas. Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron uning tarafida. Urushning borishini o‘zgartirish uchun Ukrainani ko‘proq qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Hammamiz uning tugashini xohlaymiz. Lekin, avvalo, tinchlik barqaror bo‘lishini istaymiz», dedi Ryutte.

2023 yilda AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning «Ukrainani ishg‘ol qilganidan keyin» NATO davlatlariga hujum qilish niyati haqida gapirgan edi.

Mavzuga oid