«Arsenal» «Liverpul»ga yaqinlashmoqda, «Barsa» yana 5 ta gol urdi. Kun o‘yinlari
Chorshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Nyukasl» kuchli to‘rtlikda
«Nyukasl» — «Vulverhempton» 3:0
Gollar: Isak (34, 57), Gordon (74).
«Nyukasl» – Dubravka, Holl, Bern, Botman, Livramento (Trippiyer, 85), Joelinton (Mayli, 83), Tonali, Gimaraes, Gordon (Uillok, 78), Merfi (Almiron, 78), Isak (Osula, 78).
«Vulverhempton» – Sa, Agbadu, Bueno, Doerti, Hvan Hi Chan (Kunya, 46), Gedesh (Bellgard, 69), Ait-Nuri, Gomes (Doyl, 86), Andre (Sarabiya, 86), Gomesh (Semedu, 69), Larsen.
Ogohlantirishlar: Doerti (26), Agbadu (85).
«Qarg‘alar»ning kuchli pressingi ostida qolgan «Vulverhempton» faqatgina darvozabon Joze Saning qahramonliklari evaziga yarim soatdan ko‘proq vaqt chidab berdi. Ammo Isak portugaliyalik posbonni baribir taslmi etdi, u chempionatning bu mavsumidagi golli seriyasini sakkiz o‘yinga yetkazib qo‘ydi. Bu APL tarixidagi eng yaxshi uchinchi ko‘rsatkich, shvetsiyalik hujumchining hozirgi formasi hisobga olinsa, u qatorasiga 11 turni golsiz tark etmagan Vardining rekordini takrorlashi ham mumkin. Undan avval esa Rud van Nistelroyga (10 o‘yin) yetib olish talab etiladi.
Chorshanba oqshomidagi o‘yinda Isak «Nyukasl»ning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘ldi va barcha gollarda ishtirok etdi. Ikkinchi golni ham u o‘zi urdi, keyin esa Gordonga assistentlik qildi. Eddi Hau jamoasi qatorasiga sakkizinchi turda g‘alabaga erishib, turnir jadvalida «Manchester Siti» va «Chelsi»ni ortda qoldirdi. Shu tariqa, mavsum yarmiga kelib YeChLga yo‘llanma beruvchi to‘rt o‘rindan ikkitasini kutilmaganda «Nottinghem» va «Nyukasl» band qilib turibdi. Bu turda Devid Moyyesning «Everton»ga qaytishini buzgan (1:0) «Aston Villa» ham to‘rtinchi o‘rinni uch ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda.
«Arsenal» — «Tottenhem» 2:1
Gollar: Solanke (40, avtogol), Trossar (44) — Son (25).
«Arsenal» – Rayya, Gabriel, Saliba, Lyuis-Skelli (Zinchenko, 87), Timber, Rays (Merino, 87), Parti, Edegor, Trossar (Tirni, 77), Haverts, Sterling (Martinelli, 61).
«Tottenhem» – Kinski, Spens, Grey, Dregushin, Porro, Bergvall, Bissuma (Meddison, 46), Sarr (Jonson, 46), Son (Risharlison, 78), Kulusevski, Solanke.
Ogohlantirishlar: Sarr (27), Haverts (43), Lyuis-Skelli (87), Gabriel (90+2).
«Arsenal» futbolchilari maydonga bu mavsumda endi og‘ir jarohat tufayli o‘ynay olmaydigan Gabriel Jyezusning familiyasi va raqami ko‘rsatilgan futbolkada chiqib kelishdi. Mezbonlar derbining birinchi bo‘limida to‘liq ustunlikka erishganiga qaramay, ancha vaqtgacha Kinskini hayron qoldira olishmadi. Ikkinchi darvozada esa Rayya mehmonlarning bo‘lim o‘rtalariga kelib uyushtirgan ilk xavfli hujumida o‘zini ko‘rsatdi. Ispaniyalik darvozabon jarima maydoni markazida bo‘sh turgan holda zarba bergan Son Xin Minning epizodida ham qutqarishi mumkin edi, ammo koreyalikning zarbasidan keyin to‘p rikoshet orqali to‘rga borib tushdi.
Mehmonlarning qishki transferi bo‘lgan Kinski esa yangi jamoasidagi uchinchi o‘yiniga kelib baribir gol o‘tkazdi (u bungacha Angliya ligasi kubogida «Liverpul»ga qarshi o‘yinda (1:0) hamda Angliya kubogi o‘yinida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgandi). «Arsenal» bu golni kutilganidek burchak zarbasidan keyin urdi, darvozabon bu vaziyatda yaqqol xatoga yo‘l qo‘ymadi, u to‘pga chiqayotganida o‘z jamoadoshi bilan to‘qnashib ketdi va Gabriel Magalyansning zarbasidan keyin burchakni to‘sishga ulgurmadi. To‘p Solankega tekkan holda rikoshet bo‘lib darvoza to‘riga yo‘l oldi. Bir necha daqiqa o‘tib Edegor Bissumadan to‘pni olib qo‘ygan holda Trossarni oldinga boshladi, belgiyalik hujumchi esa jarima maydoni kirishi bilanoq olis burchakka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.
Ikkinchi bo‘limda «shporlar» safida Meddison va Jonson tushib, o‘yinni kuchaytirishdi, ammo hisob o‘zgarmay qoldi. «Kanonirlar» prinsipial raqibini APL doirasida bir mavsumdagi ikki o‘yinda ham mag‘lub etdi va bu derbi tarixida beshinchi marta qayd etilishi, Mikel Arteta davrida esa ikkinchi marta. Bundan ko‘prog‘i, tabiiyki, Arsen Venger boshqaruvi davrida ro‘y bergan (3). Bu g‘alaba evaziga «Arsenal» turnir jadvalida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Bu turda «Nottinghem» maydonida ochko yo‘qotgan (1:1) «Liverpul» bilan oradagi farq to‘rt ochkoni tashkil etmoqda. Bu turda «Brentford»ga qarshi o‘yinda ikki gol farqidagi ustunlikni boy bergan «Manchester Siti» 8 ochkoga ortda qolgan va oltinchi o‘rinda kelmoqda.
Ispaniya: favoritlar uchun chigalyozdi o‘yinlari
«Barselona» — «Betis» 5:1
Gollar: Gavi (3), Kunde (27), Rafinya (58), Torres (67), Yamal (75) — Roke (84, penalti).
«Barselona» – Penya, Martin, Kubarsi, Arauxo (Erik Garsiya, 64), Kunde, Pedri (Viktor, 72), de Yong, Gavi (Lopes, 72), Rafinya (Ferran Torres, 64), Olmo, Yamal (Torre, 77).
«Betis» – Veytes, Perro, Natan, Bartra (Lorente, 46), Ruibal (Sabali, 21), Altimira (Flores, 46), Kardozo, Isko (Losada, 64), Xuanmi (Fornals, 64), Rodriges, Roke.
Ogohlantirishlar: Bartra (42), Rafinya (50), Gavi (63), Flores (86).
O‘tgan hafta oxirida Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritgan «Barselona» Ispaniya kubogida ham «Real»ga qarshi o‘yindagi sur’atni davom ettirdi. O‘yin boshidagi shturm ham shu qadar kuchli kechdi va 3-daqiqadayoq hisob ochildi. Chiroyli kombinatsiya Dani Olmoning Gaviga golli pasi bilan yakunlandi, u esa o‘zini tarbiya qilgan klubga golini nishonlamadi. Ikkinchi golli hujumda esa Kunde to‘pni ortidagi Yamalga o‘tkazib yuborgan holda u to‘pni qaytarishini his qilgan holda jarima maydoni ichkarisiga otildi. Lamin uzatmani shu qadar aniq ijro etdiki, Kunde shunchaki to‘pga zarba berishi qolgandi.
La ligadagi qatorasiga uchta uy uchrashuvidagi mag‘lubiyatdan keyin ko‘k-anorranglilar tomoshabop o‘yini bilan muxlislardan uzr so‘ramoqda. Shu kuni hakamlar mezbonlarning uchta golini bekor qilishdi, ammo beshta golini hisobga olishdi. «Betis» Ispaniya kubogida oxirgi marta 2011 yilda shu qadar yirik hisobda mag‘lub etilgandi. O‘shanda «Barsa» safida het-trik qayd etgan Messi, Inesta va Xavi yorqin o‘yin namoyish etgandi. Bu o‘yinda esa ularning vorisi deb ko‘riladigan futbolchilar. Yamaldan tashqari shu kuni hujum markazida Levandovskining o‘rniga tushgan Olmoni ham e’tirof etish kerak. Mehmonlarning yagona javob goliga esa kataloniyaliklar katta umidlar bilan Braziliyadan olib kelgan, ammo iqtisodiy sabablarga ko‘ra sotishga majbur bo‘lgan Vitor Roke mualliflik qildi.
«Elche» — «Atletiko» 0:4
Gollar: Syorlot (8, 29 penalti), Rikelme (67), Alvares (76).
«Elche» – San-Roman, Salinas (Aleks Martin, 63), Bigas (Affengruber, 70), Diabi (Mario Gaspar, 80), Donald, Rashani, Mendosa (Guti, 80), Romero (Febas, 70), Fernandes Merkau, Alvares, Kaba.
«Atletiko» – Musso, Rikelme (Alvares, 73), Lorente (Lemar, 73), Aspilikueta, Vitsel, Le Norman, Lino (De Paul, 61), Koke, Gallaher (Reynildu, 66), Korrea, Syorlot (Molina, 46).
Ogohlantirishlar: Alvares (7), Merkau (32), Donald (34), Le Norman (69).
Chetlatish: Merkau (50).
Chempionatning birinchi davrasini g‘olib sifatida yakunlagan «Atletiko» ham chorakfinal yo‘lida qiyinchilikka uchramadi. Syorlot birinchi bo‘limdayoq dubl qayd etib, barcha turnirlar doirasidagi gollari sonini 10 taga yetkazib qo‘ydi. Shu tariqa, Diyego Simeone qo‘l ostida Ispaniyadagi eng sermahsul hujum chizig‘i yuzaga kelgan. Bu mavsumda faqat «matraschilar»ning birato‘la uch futbolchisi kamida o‘nta gol urgan. Ikkinchi bo‘limda bu uchlikdagi Xulian Alvares (14 gol) va Grizmann (12) «Elche»ning yirik hisobdagi mag‘lubiyatini ta’minlashdi.
Italiya: neradzurrilarning paradokslari
«Inter» — «Bolonya» 2:2
Gollar: Dumfris (19), Martines (45+1) — Kastro (45), Holm (64).
«Inter» – Zommer, Bastoni (Byukenen, 83), de Vrey, Darmian (Pavar, 70), Dimarko (Karlos Augusto, 70), Zelinski, Aslani (Frattezi, 70), Barella, Dumfris, Martines (Torimiy, 74), Tyuram.
«Bolonya» – Skorupski, Likoyannis, Kazale, Bekema, Holm (De Silvestri, 76), Moro (Pobega, 67), Froyler (Erlich, 88), Ndoyye, Odgor (Fergyuson, 67), Orsolini, Kastro (Dallinga, 87).
«Inter» endi A seriyaning soyadagi yetakchisi emas. Amaldagi chempionlar qoldirilgan ikki o‘yinidan birida ochko yo‘qotib, «Napoli»ni xursand qilishdi. Holbuki Simone Indzagi shogirdlari birinchi bo‘limni g‘olib sifatida yakunlashgandi. Birinchi golli hujumda Tyuram markaziy doira atrofida to‘pni egallab, uni jarima maydoniga qadar olib bordi va Dimarkoga yetkazdi, uning zarbasidan keyin qaytgan to‘pga boshqa bir lateral — Dyumfris yetib keldi.
Mezbonlar Kastroning hisobni tenglashtiruvchi golidan bir daqiqa o‘tmay yana hisobda oldinga chiqib olishdi. Dimarkoning uzatmasidan keyin Lautaro Martines to‘pni darvozaga joyladi, ammo sardorning goli g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘limda Dimarko bu safar o‘z jamoasi darvozasi yaqinida muvaffaqiyatsiz o‘ynab, «Bolonya»ning ikkinchi javob golida aybdor bo‘lib qoldi. Natijada neradzurrilarda o‘tkazilgan gollar bo‘yicha g‘alati statistika yuzaga keldi. Bir tomondan, milanliklar qatorasiga sakkiz safar uchrashuvida darvozasi daxlsizligini saqlagan holda rekord o‘rnatishdi. Shu bilan birga, o‘z uyidagi o‘yinlarda 12 bor gol o‘tkazgan. Bu o‘tgan mavsum oxirigacha uy o‘yinlarida o‘tkazilgan gollardan ko‘proq.
Germaniya: berahm «Bavariya»
«Bavariya» — «Hoffenhaym» 5:0
Gollar: Sane (7, 48), Gerreyru (12), Keyn (26, penalti), Gnabri (66).
«Bavariya» – Noyyer, Devis, Dayyer, Upamekano (Goretska, 61), Gerreyru, Pavlovich, Kimmix, Koman (Tel, 46), Myuller (Musiala, 81), Sane (Olise, 67), Keyn (Gnabri, 61).
«Hoffenhaym» – Baumann, Nsoki, Akpoguma, Chaves, Jandre (Kaderjabek, 78), Bisxof (Beker, 63), Samasseku (Prass, 41), Kramarich, Gayger, Glojyek (Tabakovich, 63), Yardimji (Orban, 46).
Ogohlantirishlar: Myuller (61), Kaderjabek (87).
«Bavariya» tur yakunlariga ko‘ra «Bayyer» bilan oradagi to‘rt ochkolik farqni saqlab qoldi, «Hoffenhaym» esa Myunxenga mag‘lubiyatini oldindan tan olgandek kelgandi. Shunday tasavvur uyg‘ondiki, Vensan Kompani jamoasi o‘yin boshlangani haqidagi hushtakdan keyin boshlagan hujumini Sane gol urgunicha davom ettirgandek ko‘rindi. Bu hujumda to‘pni o‘zidan qulayroq vaziyatda turgan sherigiga o‘tkazib yuborgan Rafael Gerreyru esa bir necha daqiqa o‘tib hisobdagi ustunlikni mustahkamladi. Shundan keyin amalda o‘yin masalasi hal bo‘ldi va faqat tabloda yakuniy hisob qanday ko‘rinishda bo‘lishi qiziq edi. Bu hisob esa «Hoffenhaym» va Germaniya milliy jamoasi posboni, shu kuni bundesligada o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha (478) kuchli beshlikka kirgan Baumann uchun achinarli ko‘rinish oldi. Keyn birinchi bo‘limdayoq hisobni yiriklashtirdi va yana bir rekord o‘rnatdi. Harri Germaniyadagi debyutidan buyon qatorasiga 12 penaltini aniq ijro etgan, umuman olganda, u oxirgi 15 penaltisini benuqson amalga oshirgan.
«Shtutgart» — «Leypsig» 2:1
Gollar: Bruun-Larsen (50), Voltemade (60) — Sheshko (10).
«Shtutgart» – Nyubel, Hendriks, Shabo, Ad Dahil (Ruo, 63), Vagnoman, Fyurih (Kaytel, 83), Shtiller, Karazor, Bruun Larsen (Leveling, 63), Voltemade (Demirovich, 75), Undav (Miyo, 75).
«Leypsig» – Gulachi, Orban, Klostermann (Bitshiabu, 71), Zayvald, Simons (Baumgartner, 66), Openda, Raum (Nusa, 66), Kampl (Gertryuyda, 71), Vermeren, Baku, Sheshko.
Ogohlantirishlar: Undav (5), Sheshko (20), Orban (45+1), Openda (70), Leveling (83), Kampl (86), Bitshiabu (90+4).
Chetlatishlar: Sheshko (85), Openda (88).
«Leypsig»ning hujumkorlik salohiyati Chavi Simons sog‘ayib safga qaytganidan keyin sezilarli darajada yaxshilandi. U o‘tgan turda «Verder»ga qarshi o‘yinda (4:2) o‘z qaytishini dubl bilan nishonlagandi, Shtutgartdagi o‘yinda esa jamoasi birinchi bo‘limni hisobda ustun holda yakunlashini ta’minladi, uning jarima maydoniga yo‘llagan pasidan keyin Sheshko hisobni ochdi. Ammo ikkinchi bo‘limda mezbonlar o‘n daqiqa ichida burilish yasab, kuchli to‘rtlikka kirish bo‘yicha intrigani yanada kuchaytirdi. Ayni vaqtda «Leypsig» to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi, «Shtutgart» esa bir ochkolik masofada yaqinlashgan. Shuningdek, «Mayns», «Volfsburg» va sakkizinchi o‘rindagi «Frayburg» ham kuchli to‘rtlikka uch ochkolik masofada joylashgan.
Fransiya: sensatsiyaga bir qadam
«Espali» — «PSJ» 2:4
Gollar: Gjyechi (3), Furnel (71) — Zair-Emeri (37), Due (67), Barkolya (88), Ramush (90+2, penalti).
«PSJ» – Tenas, Ernandes, Joau Nevesh, Tap (Pacho, 72), Zage (Mendesh, 46), Meyulyu (Li Kan In, 46), Fabian Ruis (Vitinya, 46), Zair-Emeri, Barkolya, Ramush, Due.
Luis Enrike Fransiya kubogidagi o‘yinga oldingi bosqichda qahramonlik ko‘rsatgan Matvey Safonovni emas, balki bu mavsumda hali o‘ynamagan ispaniyalik Arnau Tenasni tushirdi. U Olimpiada-2024 finalidagi g‘alabadan buyon o‘ynamagandi va Fransiyaning beshinchi divizioni vakilidan tezkor gol o‘tkazib yubordi. «PSJ»da 30 yildan ortiq vaqtdan buyon bunaqasi kuzatilmagandi: 1994 yil fevralida poytaxtliklar jamoasi o‘shanda oltinchi ligada ishtirok etgan «Avion»ga hisobda oldinga chiqib olishga imkon bergandi.
«PSJ» tanaffusgacha hisobni tenglashtirdi, ikkinchi bo‘limda esa Duening zarbasi evaziga hisobda oldinga ham chiqib oldi. Ammo mezbonlar hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirib, fransuz gegemonini asabiylashtirishni uddalashdi. Parijliklarni sensatsion penaltilar seriyasidan sanoqli daqiqalar ajratib turgandi, faqat Barkolya parijlik yulduzlarni sharmandalikdan qutqarib qoldi. Endi Kvaratsxeliya bilan raqobatlashishi kerak bo‘ladigan vinger noyabrdan buyon ilk golini urdi.
«Burguan Jalle» — «Lion» 2:2
Penaltilar seriyasi — 4:2.
Gollar: Mujyetski (20, 69) — Matich (45), Mikautadze (64).
«Lion» – Lukas Perri, Abner, Niakate, Omari, Meytlend-Naylz (Mata, 65), Tolisso, Matich (Veretu, 76), Sherki, Fofana, Mikautadze (Lyakazett, 65), Benrahma (Nuama, 76).
«Lion» esa penaltilar seriyasidan qocha olmadi va beshinchi divizion vakili bo‘lgan klubga yutqazib, turnirni tark etdi. «To‘qimachilar» Mikautadzening golidan keyin hisobda oldinga chiqib olishgandi, ammo nafaqat ustunlikni boy berdi, balki penaltilar seriyasida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Jamoa tarkibidagi eng tajribali va mahoratli penaltichilar — Lyakazett va Tolisso zarba berishda xatoga yo‘l qo‘yishdi. «Lion» bungacha 11 yil mobaynida kubok turnirlarida quyi divizionlar vakillariga yutqazmayotgandi. Oxirgi mag‘lubiyat ham o‘shanda 2-ligada ishtirok etgan «Lans» bo‘lgandi. Fransiya kubogi tarixida beshinchi divizion vakillari elita vakillarini 17 bor turnirdan chiqarib yuborishgan, oltinchi divizion vakillari bilan esa bunday holat besh marta kuzatilgan.
Mavzuga oid
02:16 / 13.01.2025
7 ta gol urilgan super klasikoda «Barsa» yirik hisobda g‘alaba qozonib, 15-bor Ispaniya superkubogini qo‘lga kiritdi
10:46 / 10.01.2025
Superkubok finalida klasiko bo‘ladi
11:18 / 06.01.2025
«MYu» uyg‘ondi va «Liverpul»ga kurash taklif qildi
12:10 / 05.01.2025