Jahon | 21:15 / 16.01.2025
1777
3 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda yana odamlar o‘ldirildi

15 yanvar kuni Isroil va Hamas o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv e’lon qilindi. Hamas rasmiy sahifalarida, shuningdek, Qatar rasmiylari tomonidan bu haqda e’lon qilindi. Isroil ham kelishuvni tasdiqladi, lekin hozircha sulhni ikki tomon ham imzolagani aniq emas.

Al Jazeera xabariga ko‘ra, kelishuv haqida xabarlardan keyin G‘azoda Isroil hujumi oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. Xabarlardan birida aytilishicha, kelishuvdan keyin Isroil armiyasining intensiv hujumlari oqibatida G‘azoning turli hududlarida kamida 30 kishi halok bo‘lgan. Yana bir xabarda 25 kishi o‘lgani aytiladi.

Netanyahu: «Hamas bo‘yin tovlamoqda»

Keyinroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Hamas o‘t ochish rejimini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning ba’zi bandlarini rad etayotgani haqida bayonot berdi.

«Hamas oxirgi daqiqalarda vositachilar yordamida erishilgan kelishuvning ba’zi bandlaridan bo‘yin tovlayapti. Isroil vazirlar mahkamasi hozircha vositachilarni Hamas barcha shartlarni qabul qilgani haqida xabardor qilishga shoshmay turadi», deb Netanyahuning so‘zlarini keltirgan uning kotibiyati.

Netanyahu boshchilik Isroil vazirlar mahkamasi Hamas bilan kelishuvni bugun tunda ratifikatsiya qilishi kerak.

«Hamas kelishuvga sodiq»

Netanyahuning ayblovlariga javoban Hamas kelishuvga sodiq ekani haqida bayonot berdi. «Harakat» Telegram-kanalida siyosiy qanot vakili Izzat al Rishkning bu borada gaplari keltirildi. «Hamas o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha vositachilar e’lon qilgan kelishuvga sodiq», degan Hamas vakili bayonotda. Xabarda bu Hamasning rasmiy pozitsiyasi ekani ta’kidlangan.

G‘azoliklar bayram qilmoqda

Kecha Qatar boshchilik vositachilar Isroil va Hamas kelishuvga erishgani haqida e’lon qilgach, G‘azodagi falastinliklar bayram qilishni boshlab yuborishdi. Tarmoqda g‘azoliklar sulhni nishonlayotgani, bolalar shirinlik tarqatayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. G‘azoda qolayotgan ko‘plab falastinliklar vayrona holida bo‘lsa-da, o‘z uyiga borishni istayotgani, endi uyini qayta tiklashi haqida gapirgan. Chunki ular 1,5 yildan buyon ko‘chada qolgan, G‘azoda yashash uchun hech qanday infratuzilma qolmagan.

Ma’lumot uchun, Isroil va Hamas o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Hamas avvaliga 34 nafar isroillik asirni ozod qilishi kerak. Evaziga Isroil Tsaxal qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqishni boshlaydi. Shuningdek, har bir asir uchun 50 nafargacha falastinlik Isroil qamoqxonalaridan ozod etiladi. Kelishuvning ikkinchi bosqichida G‘azoda qolgan barcha asirlar qo‘yib yuboriladi, Isroil esa minglab falastinliklarni qamoqxonadan ozod qiladi.

Mavzuga oid