Piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan qizni urib yuborib, umriga zomin bo‘lgan haydovchi 6 yilga qamaldi
Hodisa sodir bo‘lgandan so‘ng “men mashinamga o‘lik ortmayman” deya o‘zi urib yuborgan piyodaga yordam ko‘rsatishdan bosh tortgan 29 yoshli haydovchi Lacetti mashinasini 112,7 km/soat tezlikda boshqargan. U urib yuborgan 19 yoshli qiz tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelguncha jon bergan. Haydovchi muqaddam ot va mol o‘g‘irligi uchun sudlanib, jazo o‘tab yurgan shaxs bo‘lgan.
Toshkent shahrida YTH sodir qilib, piyodaning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi. Haydovchi oldinroq o‘g‘irlik jinoyatini ham sodir qilib, sudlangani ma’lum bo‘ldi.
Kun.uz tanishgan sud hukmida keltirilishicha, 1996 yilda tug‘ilgan Murodilla Zabixullayev tanishining nomidagi Lacetti mashinasini ishonchnoma orqali boshqarib kelgan.
U 2024 yil 18 sentabr kuni tezlik cheklangani haqidagi yo‘l belgilariga amal qilmasdan mashinani Shayhontoxur tumani Samarqand darvoza ko‘chasi bo‘ylab 112,7 km/soat tezlikda boshqargan. So‘ngra boshqaruvni yo‘qotib, Samarqand darvoza va Abu Ali ibn Sino ko‘chalari kesishmasida o‘ziga yo‘l ochiq bo‘lgan paytda piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan, 2005 yilda tug‘ilgan qizni katta tezlikda urib yuborgan. Oqibatda piyoda og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida halok bo‘lgan.
Murodilla Zabixullayev sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.
“Urib yuborganimdan so‘ng mashinadan tushib, hushsiz holatda yotgan piyodaning oldiga yugurib bordim va unga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Keyin tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilib, YTH joyiga chaqirdim. Shu payt atrofga notanish fuqarolar to‘plandi. Ulardan biri piyodani shifoxonaga olib borish kerakligini aytdi. Shok holatida bo‘lganim sababli mashinani boshqara olmasligimni aytib, atrofdagi fuqarolardan kimda mashina bo‘lsa, shifoxonaga olib boraylik, deya iltimos qildim. Shu payt piyodaning og‘zidan qon otilib chiqib, nafas olmay qoldi. Shu yerdagi oilaviy poliklinikadan tibbiyot xodimlari chiqib, piyoda vafot etganini aytdi”, degan haydovchi o‘z ko‘rsatmasida.
Mazkur YTH sodir bo‘lganida Kun.uz holatni o‘rgangandi. Hodisa guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, qiz mashina urib yuborgandan so‘ng bir muddat tirik bo‘lgan. Haydovchi uni kasalxonaga olib borishdan bosh tortgan. Tez tibbiy yordam mashinasi yetib kelguncha u jon bergan.
“Odam urib ketdi deyishdi. Jonholatda pastga tushdim. Kelib qarasam qiz og‘ir ahvolda yotgan ekan. Haydovchiga ko‘tar, yordam ber, dedim. U bo‘lsa qo‘lida chilimini ko‘tarib olgancha “mashinamga ortmayman”, deb javob berdi. Biroz o‘tib qiz jon berdi. Haydovchi juda katta tezlikda kelgan. Men ikkinchi qavatdan tushib, to buyoqqa kelgunimcha qiz tirik edi. Keyin 5 minutdan so‘ng jon berdi. Tez yordam mashinasi keyin keldi”, degandi o‘shanda hodisa guvohlaridan biri.
“Haydovchi qizni urib yuborgandan so‘ng mashinasidan tushdi-da, “o‘likni mashinamga ortmayman”, dedi. Haydovchida afsuslanish ham yo‘q edi. Agar u zudlik bilan yordam berganda balki qiz tirik qolarmidi”, degan hodisaning yana bir guvohi.
Boshqa guvohlarning so‘zlariga ko‘ra mashina urib yuborgandan so‘ng qiz onasini, otasini so‘ragan, so‘ng jon bergan.
Sud hukmi bilan Murodilla Zabixullayev Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Murodilla Zabixullayev oldin sodir qilgan o‘g‘irlik jinoyati bo‘yicha tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini qo‘shish orqali 6 yil 24 kun muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
U muqaddam, 2023 yil avgust oyida Toshkent viloyati Toshkent tumanida fuqarolarning ot va mollarini o‘g‘irlagani uchun 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llangan holda mazkur jazo shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilangan bo‘lgan.
Mavzuga oid
18:27 / 15.01.2025
“Infokiosklarning qaytim bermaslik masalasini yechish imkonsiz” - “Toshshahartransxizmat” raisi o‘rinbosari
13:01 / 15.01.2025
Beshyog‘och bozorining o‘rnida 9 qavatdan baland bino qurish Toshkent bosh rejasiga zid - Qurilish vazirligi
23:44 / 13.01.2025
Toshkentda BYD’ning qo‘pol qoidabuzarligi ortidan ikki piyoda jarohat oldi
21:10 / 13.01.2025