Turkiya kompaniyasi Samarqand–Buxoro pulli avtomobil yo‘li qurilishida ishtirok etmoqchi
Turkiyaning “IC İçtaş İnşaat” kompaniyasi hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur kompaniya Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan o‘tuvchi yangi Samarqand–Buxoro tezyurar pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasida ishtirok etmoqchi. Loyiha qiymati 1 mlrd dollarga baholangan bo‘lib, u 2027−2030 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
15 yanvar kuni Turkiyaning “IC İçtaş İnşaat” kompaniyasi boshqaruv kengashi a’zosi Rexa Denemech hamda bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda IMV axborot xizmati xabar berdi.
Muloqot davomida tomonlar o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik dasturlari asosida transport infratuzilmasini takomillashtirish, xususan, avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish, turk kompaniyasining sohadagi tajribasi, jumladan, avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va aeroportlar qurish yo‘nalishida shakllantirilgan loyihalari yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tgan.
Suhbatda Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan o‘tuvchi yangi Samarqand–Buxoro tezyurar pulli avtomobil yo‘lini qurish maqsadida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan anglashuv memorandumi imzolangan.
Shuningdek, muhokamalar davomida tomonlar davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishdagi asosiy yo‘nalishlar, amalga oshirilayotgan DXSh loyihalari, DXSh mexanizmlaridan samarali foydalanish, sohada jahonning ilg‘or va muvaffaqiyatli tajribalaridan keng foydalanish yuzasidan fikr almashgan.
Ma’lumot uchun, “IC İçtaş İnşaat” kompaniyasi 55 yillik tajribaga ega. U Turkiya va boshqa davlatlarda DXSh asosida avtomobil yo‘llari, tunnellar, ko‘priklar hamda turli yirik inshootlarni qurishda ishtirok etgan. Xususan, kompaniya tomonidan DXSh asosida Istanbul shahrida umumiy uzunligi 150 km avtomobil yo‘li, dengiz ustida 1,5 km uzunlikdagi “Yavuz Sulton Salim” nomli bosfor ko‘prigi qurilgan. Amalga oshirilayotgan yirik loyiha qatoriga Vetnamda qurilayotgan yangi aeroport ham kiradi.
- O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida pulli yo‘llar qurish haqida ilk bor 2018 yilda gapirilgan edi. O‘shanda Germaniyaning GP Günter Papenburg kompaniyasi boshqaruvi raisi Gyunter Papenburg Toshkentga kelib, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbari Abdurahmon Abduvaliyev bilan uchrashgandi.
- 2022 yil oktyabrda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori Zokir Bozorov Toshkent–Samarqand va Toshkent–Andijon pulli avtomobil yo‘llari 2026 yilgacha qurib bitkazilishini ma’lum qilgan.
- 2023 yilning oxirida Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yo‘li loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilgani xabar qilingandi.
- prezidentning 2024 yil avgustidagi qarori bilan Samarqand va Buxoro o‘rtasida pulli avtomobil yo‘li qurilishi belgilangan. Loyiha qiymati 1 mlrd dollarga baholangan bo‘lib, u 2027−2030 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
10:00
Turkiyada spirtli ichimlikdan vafot etgan o‘zbekistonliklar soni 10 nafarga yetdi
10:30 / 14.01.2025
Firibgarlikda ayblangan o‘zbekistonlik Turkiyadan deportatsiya qilindi
17:15 / 12.01.2025
Erdo‘g‘an yana bir prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yishini istisno etmadi
14:11 / 09.01.2025