Husanovning debyuti: bu qanday bo‘ldi?
Qanday omillar uning golli xatosiga olib keldi? Ikkinchi bo‘lim boshidayoq almashtirilishiga asosiy sabab nima? Endi u asosiy tarkibdan tushib qoladimi? Jurnalist Qahramon Aslanov APLdagi ilk o‘zbekistonlik futbolchining debyuti borasidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.
![](https://storage.kun.uz/source/11/Gv6cnegKfZh_3dLDrYuVse8aniujyNd6.jpg)
Foto: Getty Images
Kecha butun O‘zbekiston kutgan o‘yin boshlanib, uch daqiqasi o‘tgach, ustimizga muzdek suv quyildi. Ilk daqiqadayoq Husanovning muvaffaqiyatsiz harakati raqib goliga sabab bo‘lgach, yana ikki daqiqa o‘tib Palmerga ishlatilgan qo‘pollik uchun unga sariq kartochka ko‘rsatildi. Go‘yoki bundan badtar bo‘lishi mumkin emasdek, endi Gvardiola darhol futbolchimizni almashtirib yuborishi yoki qizil kartochka ko‘rsatilishi dahshatli tush kabi ssenariyning davomi bo‘lishi kutilgandi. Nimalar bo‘ldi o‘zi?
O‘yindan oldin
Ko‘pchilik hammasini Abduqodirning hayajoni bilan bog‘layotgan bo‘lsa-da, uning bunchalik tez o‘sib borganiga e’tibor bersak, aynan shu jihatdan unda muammo bo‘lmasligi lozim. Buni keyinchalik Husanov bilan bog‘liq insaydlardan ham bilib oldik, futbolchida biz o‘ylagandek kuchli hayajon bo‘lmagan, «Lans» tarkibidagi ilk debyutida kechagidan qiyinroq bo‘lgan ekan. Husanovning atrofidagilar dastlabki daqiqalardagi xatolar ko‘proq futbolchining o‘yin tonusi bilan bog‘liq, deb hisoblashayotganini rossiyalik insayder Igor Rabiner yozmoqda.
Husanov so‘nggi bor maydonda 22 dekabr kuni «PSJ»ga qarshi o‘ynagan edi. Shundan keyin «Manchester Siti» bilan faol muzokaralar davri boshlandi. Bir qator transfer rejalari barbod bo‘lgani tufayli, moliyaviy holatini yaxshilash uchun «Lans» kimnidir sotishi talab etilardi. Shu tufayli, fransuz klubi imkon qadar Husanovni asrashga harakat qilgan va keyingi o‘yinlarga tushirmagan. Nafaqat o‘yinlar, ma’lum bo‘lishicha, kutilmagan jarohatning oldini olish uchun u hatto guruh mashg‘ulotlaridan ham chetlatilgan va faqat individual shug‘ullanib yurgan.
«Manchester Siti»ga o‘tgach, jamoa «PSJ»ga qarshi muhim o‘yin arafasida edi. Tabiiyki, jamoa ichkarisida bor e’tibor Husanov o‘ynay olmaydigan o‘sha o‘yinga qaratilgan. Husanovda shug‘ullanish uchun faqat bir yoki ikki yengil mashg‘ulotlar bo‘lganini Pep Gvardiola ham ta’kidlab o‘tdi. Endi tasavvur qiling, qariyb bir oy nafaqat rasmiy, mashg‘ulot o‘yinlaridan ham chetda bo‘lgan, yangi jamoadoshlari bilan hali biror marta birga o‘ynamagan yosh futbolchi yangi ligada, buning ustiga top raqibga qarshi tushib, hammasi joyida bo‘lishi juda qiyin masala edi. Tajribali murabbiy shunday vaziyatda qanday qilib yosh futbolchini o‘tga tashladi?
Pep Gvardiola
«Chelsi» bilan o‘yin arafasida Gvardiola ixtiyorida faqat bir nafar tayyor markaziy himoyachi bor edi – Manuel Akanji. Jon Stounz bir oylik jarohatidan so‘ng faqat Parijda 12 daqiqa to‘p surdi. Husanov va Reys endigina jamoaga kelib qo‘shilgan. Ruben Diash va Ake jarohatlangan. Uoker ketdi. Gvardiol markazda o‘ynashi mumkin, ammo unda qanotda hech kim qolmaydi. Uch kun o‘tib «Manchester Siti»ni «Bryugge»ga qarshi muhim o‘yin kutib turgandi – agar o‘sha o‘yinda g‘alaba qozonilmasa, jamoa Chempionlar Ligasidan chiqib ketadi.
Ya’ni Gvardiolada Husanovdan boshqa variant ham yo‘q edi. Stounzni ilk daqiqalardan tushirish yanada xavfliroq – to‘qson daqiqaga tayyor bo‘lmagan himoyachiga nimadir bo‘lsa, «Bryugge»ga qarshi o‘yinda tushirishga hech kim qolmasdi. Aslida yosh futbolchilarni asta-sekin jamoaga va ligaga moslashtirib, imkon berish mumkin, ammo murabbiyda boshqa yo‘l ham yo‘q edi. Shu bilan birga tan olish kerakki, Pep Gvardiola ikki kunlik mashg‘ulotlardan so‘ng qo‘rqmasdan uni maydonga tushirgan ekan, demak Husanov shu qisqa davrda qaysidir jihatdan o‘zini ko‘rsata olgan.
Shu o‘rinda murabbiyning hadeb Husanovning ingliz tili bilan bog‘liq muammosini tilga olaverishi biroz ortiqcha tuyulyapti. Aytishlaricha, Husanov ingliz tilini yaxshi tushunadi, faqat hozircha gaplasha olmaydi. Bu mamlakatini almashtirgan ko‘p, ayniqsa yosh futbolchilarda kuzatiladigan holat. Bu haqida ko‘p gapirilishi hammasini bo‘rttirib ko‘rsatishi ham mumkin. Agar faqat o‘yindan keyin aytilganida, muvaffaqiyatsiz o‘yin aynan muloqot bilan bog‘liqligi, futbolchining mahoratiga shubha yo‘qligini shu orqali bildirmoqda, degan bo‘lardik. Ammo o‘yindan oldin ham ingliz tili haqida ko‘p eshitdik.
Noqulay sharoit
Husanov o‘zi uchun noqulay sharoitga tushib qolgani faqat debyut tezlashgani yoki faqat hayajon bilan bog‘liq emas. Moslashishning ham o‘rni juda muhim.
Birinchidan, «Manchester Siti» himoya chizig‘i juda yuqori joylashadigan jamoa sanaladi. «Lans» esa baribir aksariyat o‘yinlarda quyiroqda himoyalanadi. Shuningdek, u Fransiyada ham, O‘zbekistonda ham uch markaziy himoyachi sxemasida to‘p surib kelganini yoddan chiqarmaslik kerak.
Ikkinchidan, odatda markaziy himoyachilar uslub jihatidan ikki xil bo‘ladi va bir-birini to‘ldiradi. Biri boshqaruvchi, o‘z tajribasi va o‘yinni tushunishi bo‘yicha ilg‘orroq bo‘ladi va sherigining harakatlarini ham nazorat qiladi. Ikkinchisi esa asosan yakkakurashlarda kuchli bo‘ladi, kerakli paytda agressiv harakat qilishi ham mumkin. Eng zo‘r namuna sifatida Vidich – Ferdinand juftligini eslash mumkin. Yoki «Liverpul»dagi van Deyk – Konate tandemi ham ideal o‘rnak bo‘la oladi. Balki kelajakda Husanov boshqaruvchi himoyachi sifatida ham o‘sishi turgan gap, ammo ayni damda uning yonida aynan tajribali boshqaruvchi kerak edi. Diash yoki Stounz bilan balki Husanov o‘zini biroz erkinroq his qilishi ehtimoli kattaroq edi, menimcha. Akanji esa aksincha, Husanovga yetarli madadni bermadi, hatto gol o‘tkazib yuborilgan epizodda o‘zini munosib tutmadi, u ayni vazifa va holat uchun ideal sherik emas, degan bo‘lardim.
Uchinchidan, agar «Manchester Siti»ning ilk goliga e’tibor bergan bo‘lsangiz, ofsayd chizig‘idan o‘ng qanot himoyachisi Nunez qochib ketdi. Qaytgan to‘pga zarbani esa chap qanot himoyachisi Gvardiol darvozaga yo‘lladi. Goldan bir daqiqa oldin Gvardiolning o‘zi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgandi. Ya’ni «Siti»ning qanot himoyachilari ancha yuqorida o‘ynadi, Rodrisiz tayanch zonasida ham himoyalanuvchi futbolchi yo‘q edi. Ya’ni ikki markaziy himoyachi uchun juda katta zona ochiq qolgan, «Chelsi» ilk daqiqalarda bundan foydalanishga urinayotganini sezish qiyin emasdi. Ayniqsa Husanov tomonida sof qanot himoyachisi bo‘lmagan Nunez harakatlangani uchun u Sancho – Jyekson orasida qolib ketaverdi. Ya’ni debyut o‘yin uchun o‘ta noqulay shartlar.
Xato
Dastlabki besh daqiqa rostan ham dahshatli tush edi. Aslida hayajon biz o‘ylaganimiz qadar bo‘lmaganini Husanovning ilk uzatmasi isbotlashi mumkin. Uning ilk pasi oddiy emas, ancha qiyin ijro edi, ammo aynan o‘sha uzatma yordamida «Manchester Siti» ilk xavfli vaziyatni yaratdi, ammo shu kuni debyut qilgan boshqa bir yangi futbolchi Marmush to‘pni darvozabonning o‘ziga qarata tepdi.
Golga sabab bo‘lgan xato aslida u qadar qo‘rqinchli emas, shunchaki har qanday tajribali futbolchida ham sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xato turiga kiradi. Ya’ni bu xato keyinchalik boshqa raqiblarga ham qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan Husanovning qandaydir ojiz jihatlarini ochib bermadi.
Esingizda bo‘lsa, Lisandro Martinesning «MYu»dagi debyuti «Brayton»ga qarshi o‘yinga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda «Brayton» Martinesning bo‘yi pastligidan qanday foydalanishni ko‘rsatib bergan, asosan o‘sha zonaga ko‘proq yuqori paslar uzatib, bir qator vaziyatlar yaratgandi. Ya’ni o‘sha o‘yin Martinesning kelajagiga ham ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan darajadagi muvaffaqiyatsiz o‘yin bo‘lib, keyinchalik u yaxshi himoyachiga aylangan bo‘lsa-da, o‘sha qo‘llanma Martinesni ojiz qoldirish uchun ishlatib kelinadi.
Agar shu jihatdan qarasak, Husanovning xatosi alohida epizod – bundan hech qanday tahliliy xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Shunchaki, debyut bo‘lgani, o‘yinning davomiga ruhiy tomondan ta’sir qilishi nuqtayi nazaridan og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin edi, xolos.
Sariq kartochka
Aslida goldan ko‘ra, sariq kartochka Abduqodirning keyingi daqiqalari uchun yanada ko‘proq xavf solgani shubhasiz. Agar o‘sha sariq kartochka bo‘lmaganda, Husanovni o‘yinga qaytarish osonroq bo‘lardi – masalan, Akanji biroz ortga surilib, Husanovni ko‘proq o‘zining asosiy quroli yakkakurashlarga jalb etish orqali, ishonch berishi mumkin edi. Bir qator muvaffaqiyatli harakatlar orqali Husanovda xatoni unuttirish imkoni bo‘lardi.
Ammo sariq kartochkadan keyin bizda hamma tanigan, «Manchester Siti» katta pul to‘lagan Husanovni ko‘rish ehtimolimiz pasaydi, zero riskli harakatlarsiz Abduqodir endi boshqa futbolchi.
«Manchester Siti» futbolchilari Husanov ilk daqiqalardagi bosimni yengishida yordam berishgani ham tahsinga sazovor – imkon qadar uni qiyin holatda qoldirmaslikka harakat qilishdi, himoya bloki sal ortga chekinib, Husanovni noqulay shartlardan qutqarishdi, Silva, Gundo‘g‘an kabi futbolchilar esa bild-apda Husanovga yuklatilgan vazifalarni o‘z zimmasiga olishdi. Taym oxirlarida ancha dadil Abduqodirni ko‘rdik. Pep Gvardiola birinchi bo‘lim uchun kutilmagan muammoga duch kelgan bo‘lsa-da, tez almashtirmasdan shu o‘yinning o‘zida Husanovni o‘yinga qaytara olganiga rahmat aytish kerak.
O‘z navbatida, «Chelsi» ham yomon o‘ynadi. Mehmonlarda «qotillik xususiyati» yetishmadi, negadir urilgan tezkor gol jamoaga aksincha ta’sir qildi. Aslida aynan shu og‘riqli nuqtalarga urg‘u berish orqali Husanov zonasidan ancha ko‘proq foyda chiqarish imkoniyati bor edi, nazarimda.
Almashtirish
Almashtirish taymingi Pep tomonidan mukammal belgilandi. Albatta, futbolchini kiyim almashtirish xonasida yoki keyinroq mashg‘ulotlarda o‘ziga keltirish yo‘li ham bor, ammo bu yerda asosiy muammo Husanovga bo‘lgan ichki bosimdan ko‘ra, tashqi bosimlardan himoya qilish vazifasi ham bor edi. Bunday xatolar jamoa ichida oson hal qilinadi, hamma tushunadi, muammo emas. Ammo muxlislar, ayniqsa, matbuot oldida yangi yosh futbolchini asrash yanada qiyinroq. Husanovni qiyin sharoitda maydonga tashlagani tufayli, o‘sha muvaffaqiyatsiz debyutda asosiy mas’uliyat va aybdorlik o‘zida bo‘lganini Pep ham anglab yetgani shubhasiz. Agar shunday xatoni Pepning eski futbolchisi amalga oshirganda va ustiga sariq kartochka olganida, darhol almashtirilishi ham turgan gap edi.
Tasavvur qilish qiyin emas, ilk daqiqada golga sabab bo‘lgan xato va ketidan almashtirish ingliz matbuotida shafqatsiz hujumlarni keltirib chiqargan bo‘lardi. Tabiiy ravishda Husanovning debyuti o‘sha muvaffaqiyatsiz harakatlar rakursida tahlil qilinar, Pepning o‘zi ham futbolchidan qoniqmagani haqida turli taxminlar yangrashi mumkin edi.
Husanov o‘ziga kelishga ulgurdi, tanaffusda kerakli ko‘rsatmalarni oldi, ikkinchi bo‘limda yaxshi harakat bilan Jyeksondan to‘pni olib qo‘ygani muxlislarga aslida qanday futbolchi sotib olinganining bir uchini namoyish qildi, keyin esa olqishlar ostida maydonni tark etdi. Hammasi joyida.
Keyingi o‘yinlar
Yuqorida aytilgandek, «Bryugge»ga qarshi o‘yinda Husanov maydonga tusha olmaydi, uni faqat pley-off bosqichida qaydnomaga kiritish mumkin. APLdagi keyingi o‘yin esa safarda «Arsenal»ga qarshi kechadi. Katta ehtimol bilan bu o‘yinda Husanov boshlang‘ich tarkibda tushirilmaydi. Ammo buni aynan kechagi muvaffaqiyatsiz debyutga bog‘lab tushunmaslik lozim. Chunki aslida kechagi debyut majburiy holatda bo‘lganini Pep Gvardiolaning o‘zi ham tan oldi.
Agar bir haftalik to‘liq mashg‘ulot jarayoniga ega bo‘linganda, balki Husanov ko‘p narsani namoyish qilgan bo‘lardi, ammo ayni paytda vaziyat boshqacha – ikki kun «Bryugge»ga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘riladi, undan so‘ng tiklanish va hokazo. Husanovda yana to‘laqonli mashg‘ulot uchun ko‘p imkoniyat bo‘lmaydi. Tabiiyki, top-raqibga qarshi Pep sinalgan Stounzni tushirishi ehtimoli kattaroq. Balki Ake ham o‘sha o‘yingacha tiklanib ulgurishi mumkin.
Yaxshiyamki, debyutni uzoq kutmadik, Husanov qachon tusharkin, degan uzoq muddatli kutishlar bo‘lmadi. U maydonga tushdi, ko‘nglimiz joyiga tushdi, tarqalamiz. Endi Reys va Husanovning adaptitsiya jarayoni boshlanadi. Pep Gvardiola asta-sekinlik bilan yangi futbolchilarni o‘z o‘yiniga o‘rgatishni, raqiblarga moslashtirishni boshlaydi.
Biz nafaqat bir o‘yinda, balkim butun mavsumlarda ham o‘zini ko‘rsata olmagan, ko‘pchilik tomonidan Angliyaga mos emas, deb aytilgan ko‘plab himoyachilar keyinchalik yulduzga aylanganini ko‘rganmiz. Hozirda «Arsenal»ning yetakchi himoyachisi Gabriyel to Saliba bilan sherik bo‘lguncha juda omadsiz o‘yinlar o‘tkazganini ko‘rganmiz. Hatto van Deyk yoki Varan kabi elit himoyachilar ham og‘irroq xatolardan xoli bo‘lmaganini bilamiz. O‘ziga berilgan vaqtdan Abduqodir qanchalik tez va o‘rinli foydalanishiga guvoh bo‘lganmiz. Omad.
Qahramon Aslanov
Tavsiya etamiz
O‘zbekistonda kitob o‘qigan mahkumning jazo muddati qisqartirilishi mumkin
O‘zbekiston | 18:19 / 13.02.2025
Bloomberg Rossiya - Ukraina urushi tugashining ehtimoliy uchta ssenariysini tuzdi
Jahon | 16:41 / 13.02.2025
Tramp va Mask demontaji: USAID o‘rnini Xitoy egallamoqda
Jahon | 16:35 / 13.02.2025
Ka’ba atrofida rasmga tushish taqiqlandimi?
Jamiyat | 14:35 / 13.02.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Hindistondagi vokzalda tiqilinch yuz berdi. Kamida 18 kishi halok bo‘ldi
Jahon | 16:16
-
Farg‘onada tarkibida giyohvand modda bo‘lgan dori vositalarini sotayotgan shaxs ushlandi
O‘zbekiston | 16:14
-
Maskni qo‘llagan Japarov, qimmatlagan ajrim va qotil bog‘cha tarbiyachisi – Markaziy Osiyo hafta ichida
Jahon | 15:59
-
Turkiyaga shartli kirish tartibi bekor qilindi
Jahon | 15:53
Mavzuga oid
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/TYwT4tgPD43fHFqlYauEocA6YsbSypX0_medium.jpg)
13:39
Pepdan maqtov, Holandni ortda qoldirdi va g‘alabali seriya – Husanov «Siti»dagi ilk 90 daqiqani qanday o‘tkazdi?
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/lizXs5vL957tQXHNHsZYi16wpks3KKE6_medium.jpg)
11:47
«Siti»da yirik g‘alaba, «Real» o‘yinida mojaro. Kun o‘yinlari
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/GL-bctNNJCS3Cen5h--T99Uh6lQFqYnU_medium.jpg)
20:44 / 08.02.2025
Husanov – «Manchester Siti»ning eng yuqori baho olgan o‘yinchilari uchligida
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/R4_t0P8PFW6t0hW9TY9veTxxdIQdj_iL_medium.jpg)
19:18 / 08.02.2025