Jurnalistlar tinchlik muzokaralari boshlanish vaqti haqida xabar berishdi
«Strana.ua» urushni 100 kun ichida yakunlash rejasini e’lon qildi - unda Pasxa kunlarida o‘t ochishni to‘xtatish, Ukraina qurolli kuchlarini Kursk oblastidan olib chiqish hamda 9 maygacha tinchlik deklaratsiyasi tuzilishi ko‘rsatilgan. Ukraina prezidenti ofisi esa materialni «rossiyaliklar tarqatadigan safsata» deb atadi.
![](https://storage.kun.uz/source/11/rjkjydP7xB9zuu-tU0zlo7zUqeQZUmSO.jpg)
Piotr Sobik / Anadolu / Getty Images
Ukrainaning «Strana.ua» nashri AQSh prezidenti Donald Tramp jamoasi tomonidan urushni 100 kun ichida yakunlash bo‘yicha tuzilgan rejani e’lon qildi, nashrning yozishicha, u so‘nggi kunlarda «Ukrainadagi siyosiy va diplomatik doiralarda faol muhokama qilinmoqda».
Sulh tuzish grafigi
«Strana.ua» amerikaliklar bu rejani yevropalik diplomatlarga bergani, ulardan esa hujjat Ukrainaga kelgani haqida xabar qilgan, ammo u tahririyat ixtiyoriga qanday kelib qolganiga aniqlik kiritilmagan. Bu reja haqiqiyligi tasdiqlanmagan. Nashr faqat undagi bandlarning bir qismi Trampning va uning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogning bayonotlariga mos kelishini ta’kidlaydi.
«Strana.ua» ma’lumotiga ko‘ra, reja Tramp yanvar-fevral oylarida Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilishi, keyin esa Kiyev bilan kelgusi harakatlarni muhokama qilishini nazarda tutadi. Keyingi bosqichda Volodimir Zelenskiy Putin bilan muzokaralar o‘tkazishni taqiqlovchi farmonini bekor qilishi kerak bo‘ladi. Keyin esa fevralda yoki mart oyining birinchi yarmida Trampning Zelenskiy va Putin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tadi — nashrning qayd etishicha, bu ikkitomonlama yoki uchtomonlama bo‘lishi alohida hal qilinadi. Bu uchrashuvda tinchlik rejasining asosiy parametrlari tasdiqlanishi kerak.
Muzokaralar va harbiy harakatlar olib borilayotgan vaqt mobaynida Tramp Ukrainaga harbiy yordam yuborishni bloklamaydi.
Keyingi bosqichda Pasxa bayramida front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilish taklif etilgan, bu yili bayram 20 aprel kuni nishonlanadi. Ukraina esa qo‘shinlarini Kursk oblastidan olib chiqishi kerak bo‘ladi. Aprel oyi oxirida Xalqaro tinchlik konferensiyasi o‘tkazilib, unda AQSh, Xitoy, Yevropa hamda global Janub mamlakatlari vositachiligida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi rasmiylashtirilishi mumkin. Keyin esa Ukraina va Rossiya «barchani barchaga» formatida asirlar almashuvi amalga oshiradi.
Urushni yakunlash to‘g‘risidagi tinchlik konferensiyasi deklaratsiyasi 9 mayga qadar tayyor bo‘lishi kerak, shundan keyin Ukrainada harbiy holat va safarbarlik muddatini uzaytirmaslik taklif etiladi. Rejaning so‘nggi bosqichini nashr avgust oyida prezidentlik saylovlari, oktyabr oyi oxirida parlament saylovlari o‘tkazish deb atagan.
Kelishuv shartlari
«Strana.ua» Ukraina va Rossiyaga kelishuv doirasida taklif etiladigan shartlarni keltirgan.
Ukraina NATO a’zoligidan voz kechishi kerak (va bu qaror alyans sammitida tasdiqlanishi kerak bo‘ladi), ammo 2030 yilga qadar Yevroittifoq a’zosi bo‘ladi. Yevropa ittifoqi mamlakatni tiklash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Shu bilan birga, Ukraina armiyasi soni qisqartirilmaydi, AQSh esa Ukraina qurolli kuchlarini takomillashtirishda qo‘llab-quvvatlovni davom ettiradi. Bundan tashqari, Ukraina ishg‘ol etilgan hududlarini qaytarish uchun harbiy yoki diplomatik urinishlaridan voz kechadi, ammo bu hududlar ustidan Rossiya suverenitetini tan olmaydi.
Harbiy harakatlar tugaganidan keyin Yevropa tinchlikparvar kuchlari kontingentini joylashtirish haqidagi band alohida ko‘rib chiqiladi, shunday kafolatni Kiyev talab qilmoqda, ammo Moskva bunga qat’iyan qarshi.
Kelishuvning yana bir bandi saylovlar bo‘yicha — unga «rus tilini himoya qilish va Rossiya bilan tinch-totuv yashashni targ‘ib etuvchi» partiyalar ham qo‘yilishi kerak. Shuningdek, Ukrain pravoslav cherkovi va rus tiliga qarshi barcha harakatlar to‘xtatilishi lozim.
Shu bilan birga, tinchlik kelishuvidan keyin Rossiyadan sanksiyalar yechiladi, deb yozadi «Strana.ua». Cheklovlarning bir qismi darhol, qolgani — uch yil mobaynida kelishuv parametrlariga amal qilinishiga qarab bekor qilinadi. Jumladan, Rossiya energiyatashuvchilarining Yevroittifoqqa importiga qo‘yilgan barcha cheklovlar ham, ammo unga maxsus boj joriy etiladi, bundan tushgan mablag‘lar Ukrainani tiklashga yo‘naltiriladi.
Ukraina prezidenti ofisidagilar nima demoqda?
Ukraina prezidenti ofisi Andrey Yermak «mediada hech qanaqa 100 kunlik „tinchlik rejasi“ mavjud emasligi»ni aytdi. «Odatda ruslar tarqatadigan safsatalar shunday ko‘rinishda bo‘ladi», — deya yozgan Yermak. Volodimir Zelenskiy tinchlik rejasi haqidagi materialga munosabat bildirmagan.
22 yanvar kuni The Wall Street Journal gazetasi Tramp Ukraina bo‘yicha maxsus elchisi Kit Kellogga Rossiya-Ukraina urushini 100 kun ichida yakunlash bo‘yicha topshiriq berganini xabar qilgandi. «Deyarli hech kim u buni qila oladi deb o‘ylamayapti», — deya yozgan gazeta. WSJ manbasi so‘zlariga ko‘ra, Kellogga berilgan buyruq Tramp o‘zi nazorat qilmoqchi bo‘layotgan tinchlik muzokaralari uchun birinchi qadam bo‘lishi kerak. Ammo Putin bilan kelishish Trampning saylovoldi kampaniyalarida va’da qilinganidan ko‘ra «ancha murakkabroq» bo‘ladi.
Gazeta urushni tugatishi mumkin bo‘lgan reja konturlarini keltirmagandi. Boshqa manbalarda ham qandaydir aniq reja mavjudligi haqida aytilmagan. Trampning o‘zi ham hech qanday tafsilotlarni ma’lum qilmagan. 20 yanvar kungi inauguratsiya marosimidagi chiqishida u urushni bir kunda yakunlash haqidagi va’dasi yuzasidan berilgan savolga hazilomuz javob qaytargandi: «Hali yarim kun o‘tdi. Menda yana yarim kun bor. Ko‘ramiz. Biz ulgurmoqchimiz».
22 yanvar kuni Tramp TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan postida agar yaqin fursat ichida Ukraina bilan tinchlik kelishuviga erishilmasa, Rossiya AQSh va boshqa mamlakatlarga sotadigan barcha narsaga yuqori soliq va bojlar o‘rnatishi hamda sanksiyalar qo‘llashi bilan tahdid qildi. Yana ikki kun o‘tib esa u Zelenskiy ham «farishta emasligi» va «bu urushga yo‘l qo‘ymasligi kerak bo‘lgani»ni aytib chiqdi.
The Independent gazetasi 26 yanvar kuni Trampning inauguratsiya marosimida Oliy Radadagi «Xalq xizmatkori» fraksiyasi rahbari David Araxamiya ham qatnashgani haqida xabar berdi, u 2022 yil bahorida Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralarda ukrainlar delegatsiyasiga rahbarlik qilgandi. Nashr manbasi Araxamiya taklif etilganini «Tramp Ukraina yaxshi kelishuvga ega bo‘lishini kafolatlamoqchi ekanini ko‘rsatuvchi muhim qadam» deb baholagan. Nashr qayd etishicha, Trampning bayonotlari Ukrainani qo‘llash masalasida uning ma’muriyati ichidagi kelishmovchiliklarni aks ettiradi, ammo shunga qaramay, u «urushgacha urushni yakunlashni o‘zi uchun maqsad qilib olgan».
Tavsiya etamiz
O‘zbekistonda kitob o‘qigan mahkumning jazo muddati qisqartirilishi mumkin
O‘zbekiston | 18:19 / 13.02.2025
Bloomberg Rossiya - Ukraina urushi tugashining ehtimoliy uchta ssenariysini tuzdi
Jahon | 16:41 / 13.02.2025
Tramp va Mask demontaji: USAID o‘rnini Xitoy egallamoqda
Jahon | 16:35 / 13.02.2025
Ka’ba atrofida rasmga tushish taqiqlandimi?
Jamiyat | 14:35 / 13.02.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Hindistondagi vokzalda tiqilinch yuz berdi. Kamida 18 kishi halok bo‘ldi
Jahon | 16:16
-
Farg‘onada tarkibida giyohvand modda bo‘lgan dori vositalarini sotayotgan shaxs ushlandi
O‘zbekiston | 16:14
-
Maskni qo‘llagan Japarov, qimmatlagan ajrim va qotil bog‘cha tarbiyachisi – Markaziy Osiyo hafta ichida
Jahon | 15:59
-
Turkiyaga shartli kirish tartibi bekor qilindi
Jahon | 15:53
Mavzuga oid
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/K21FwzRUJcyED_p9ApKv-vBcngPeM7n8_medium.jpg)
15:22
Ukraina armiyasi Pokrovsk atrofida qarshi hujumga o‘tdi. Bu nimani anglatadi?
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/LIbqtjze0qT821GLkLejKH3zxQXC02Qb_medium.jpg)
23:59 / 15.02.2025
Rossiya hududiy yon berishi va armiyasini qisqartirishi kerak - Kellogg
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/s47cv0iGPtO5AP7mqkwmz1tTJeQNLq0m_medium.jpg)
23:56 / 15.02.2025
O‘nlab rossiyalik oligarxlar sanksiyalardan qutulishga muvaffaq bo‘ldi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/GNU_lB6Dgzs0nNV2t1KDzhCDiDkaeiEu_medium.jpg)
23:30 / 15.02.2025