Kolumbiya prezidenti muhojirlarni quvayotgan AQShga: «Ularga jinoyatchidek muomala qilmang»
Kecha Amerikada qiziq ish bo‘ldi, bu haqda sizga aytib bermasak bo‘lmaydi. Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak, Tramp noqonuniy migrantlarni quvishni va’da qilgani uchun mamlakatga Meksika yoki dengiz orqali kirib borgan noqonuniy muhojirlarga chinakam «ov» boshlangan. Dastlabki uch kunning o‘zida 1,5 mingga yaqin migrant ushlanib, ularning bir qismi kelgan joyiga uchirib yuborilgan.
AQSh noqonuniy migrantlarni yaqinroq mamlakatdan bo‘lsa, samolyotga solib uyiga olib borib qo‘ymoqda. Xuddi shunday ikkita AQSh harbiy transport samolyoti kolumbiyalik noqonuniy migrantlarni mindirib Bogota tomonga uchishi kerak edi. Uchoq parvozga shaylanayotgan vaqtda esa Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro ularga mamlakatga qo‘nishga ruxsat bermasligi haqida e’lon qildi.
Donald Tramp bu holatga tezda munosabat bildirib, agar Kolumbiya AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan fuqarolarini qabul qilmasa, bu mamlakatdan Amerikaga kiradigan har qanday mahsulotga 25 foiz qo‘shimcha boj joriy qilishi, bir haftadan keyin bojlar 50 foizga yetishini aytib tahdid qildi. Shuningdek, Tramp Kolumbiya hukumatidagi barcha odamlar, ularni qo‘llovchilar, partiya vakillari, ularning oila a’zolarining vizalari bekor qilinishini aytdi.
Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro «Tramp bo‘lsang o‘zingga» qabilida ish tutib, biz ham Amerika mahsulotlariga 25 foiz qo‘shimcha boj qo‘yamiz, dedi.
Odamlar endi bodroq g‘amlab vaziyatni qiziqish bilan tomosha qilayotgan ediki, kechga borib hammasi tugab qoldi. Tramp va Petro ikki davlat o‘rtasida savdo urushi boshlab yuborishiga sal qolgandi, lekin mojaro Kolumbiya seriallari kabi cho‘zilmadi. Prezidentlarning tahdidomuz gaplaridan hech qancha o‘tmay Oq uy Kolumbiya chekingani, shu bois bu davlatga qarshi cheklovlar joriy etilmasligi haqida bayonot berdi.
«Kolumbiya hukumati prezident Trampning barcha shartlariga rozi bo‘ldi. Xususan, kolumbiyalik muhojirlarni cheklanmagan miqdorda qabul qilish va ularni AQSh harbiy samolyotlarida tashish shartiga ham», deyiladi Oq uy bayonotida.
Oq uy xabarida aytilishicha, Kolumbiyaga qarshi bojlar va sanksiya to‘g‘risida farmon tayyorlab qo‘yilgan, Kolumbiya kelishuvni buzgan taqdirda ular kuchga kiradi. «Bugungi voqealar Amerikani yana hurmat qila boshlaganini ko‘rsatadi. Prezident Tramp boshqa davlatlar ham AQShda noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolari deportatsiya qilinishi bo‘yicha hamkorlik qilishiga umid bildiradi», deyiladi Oq uy xabarida.
Prezident samolyoti yuboriladi
Kolumbiya tashqi ishlar vazirligi Vashington va Bogota kechga borib bu borada til topishgani haqida bayonot berdi. Prezident Petro AQShdan noqonuniy migrantlarni olib ketish uchun xalq puliga sotib olingan va unga xizmat qiladigan samolyotini yuborishini aytdi. Kolumbiya prezidenti AQSh noqonuniy migrantlarni aynan harbiy samolyotda yuborayotganidan norozi bo‘lgandi: «Biz fuqarolarimizni fuqarolik samolyotida qabul qilamiz. Ularga jinoyatchilardek muomala qilmang», degan Petro.
Ma’lumot uchun, AQSh mamlakat import qiladigan qahvaning 20 foizini Kolumbiyadan oladi. Bu esa yiliga 2 milliard dollar degani. Bundan tashqari, Kolumbiya AQShga neft, banan, avokado, gul kabi mahsulotlar eksport qiladi.
Tramp va Lotin Amerika
Donald Tramp prezidentlik kampaniyasi doirasida bergan eng katta va’dalaridan biri aynan migrantlarni quvib solish bo‘lgandi. Lekin uning jamoasi hozircha kutilganidek katta reydlarni amalga oshirayotgani yo‘q. Chunki oxirgi bir yilda Bayden ma’muriyati buyrug‘i bilan har kuni o‘rtacha 409 nafargacha noqonuniy migrantlar ushlanardi. Tramp vaqtida ko‘rsatkichlar unchalik keskin farq qilmayapti.
Tramp migrantlarni muvaffaqiyatli deportatsiya qilishi uchun tabiiyki Lotin Amerikasi davlatlari bilan yaxshi munosabatda bo‘lishi kerak. Axir Amerikaga noqonuniy kirib kelayotgan migrantlarni asosan Lotin Amerikasi davlatlaridagi jinoiy to‘dalar chegaragacha olib keladi. Mahalliy hukumatlar qo‘llovisiz bu tizimni to‘xtatib bo‘lmaydi. Ammo Tramp negadir ishni Janubiy Amerikadagi davlat prezidenti bilan mojaroga borishdan boshladi...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.
Tavsiya etamiz
O‘zbekistonda kitob o‘qigan mahkumning jazo muddati qisqartirilishi mumkin
O‘zbekiston | 18:19 / 13.02.2025
Bloomberg Rossiya - Ukraina urushi tugashining ehtimoliy uchta ssenariysini tuzdi
Jahon | 16:41 / 13.02.2025
Tramp va Mask demontaji: USAID o‘rnini Xitoy egallamoqda
Jahon | 16:35 / 13.02.2025
Ka’ba atrofida rasmga tushish taqiqlandimi?
Jamiyat | 14:35 / 13.02.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Hindistondagi vokzalda tiqilinch yuz berdi. Kamida 18 kishi halok bo‘ldi
Jahon | 16:16
-
Farg‘onada tarkibida giyohvand modda bo‘lgan dori vositalarini sotayotgan shaxs ushlandi
O‘zbekiston | 16:14
-
Maskni qo‘llagan Japarov, qimmatlagan ajrim va qotil bog‘cha tarbiyachisi – Markaziy Osiyo hafta ichida
Jahon | 15:59
-
Turkiyaga shartli kirish tartibi bekor qilindi
Jahon | 15:53
Mavzuga oid
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/NEo8FrXGf3LIFZo4RuTuNDcO9ir_FSSy_medium.jpg)
15:53
Turkiyaga shartli kirish tartibi bekor qilindi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/LIbqtjze0qT821GLkLejKH3zxQXC02Qb_medium.jpg)
23:59 / 15.02.2025
Rossiya hududiy yon berishi va armiyasini qisqartirishi kerak - Kellogg
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/GNU_lB6Dgzs0nNV2t1KDzhCDiDkaeiEu_medium.jpg)
23:30 / 15.02.2025
AQSh va Rossiya rasmiylari Tramp-Putin muzokaralariga tayyorgarlikni boshlaydi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/DodK5hWlzQAV7yTmbPJROml5XVXVhqo3_medium.jpg)
23:15 / 15.02.2025