O‘zbekiston | 16:59 / 28.01.2025
7240
2 daqiqa o‘qiladi

Aholi va xo‘jalik sub’yektlari binolarining kamida 50 foizida quyosh panellari o‘rnatiladi – energetika vaziri

Bundan tashqari, iste’mol qilinayotgan elektr energiya, tabiiy gaz va boshqa issiqlik manbalarini tejash, jumladan, binolardagi energosamaradorlik resurslaridan umumiy foydalanish bo‘yicha dastur tayyorlanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

2025 yilda aholi va xo‘jalik sub’yektlariga tegishli binolarning kamida 50 foizida quyosh panellari o‘rnatiladi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov «O‘zbekiston 24» telekanaliga intervyu berdi.

«Bugun prezident huzurida bo‘lib o‘tgan majlisda 2025 yil davomida davlat dasturi doirasida bajariladigan ishlar bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Jumladan, yashil energiya ulushini oshirish, yashil energiyani barcha tarmoqlarda, barcha sohalarda xonadonlargacha joriy qilish, buni maksimal ravishda qo‘llab-quvvatlash, tarmoqqa ulash va aholi tomonidan ortiqcha ishlab chiqarilgan energiyani sotib olish. Buning uchun mexanizmlar, rejalar nafaqat ishlab chiqarish, balki aniq manzilli mahallabay ishni tashkil qilgan holda joriy qilish bo‘yicha aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi», dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 3,5 ming megavatt yangi generatsiya quvvatlariga qo‘shimcha ravishda 1 ming megavatt energetika quvvati yaratiladi. 2 yil ichida 3 mingga yaqin kichik gidroelektrostansiyalar qurish, aholi va xo‘jalik sub’yektlari tomining kamida 50 foizini quyosh panellari bilan qoplash bo‘yicha ko‘rsatmalar va dastur ishlab chiqarish topshirilgan. Bundan tashqari iste’mol qilinayotgan elektr energiya, tabiiy gaz va boshqa issiqlik manbalarini tejash, jumladan, binolardagi energosamaradorlik resurslaridan umumiy foydalanish bo‘yicha dastur tayyorlash topshirig‘i berilgan.

«Dasturda energiya samarasi past bo‘lgan korxonalarni modernizatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joriy qilishga alohida e’tibor qilish kerakligi ta’kidlandi», dedi Mirzamahmudov.

Shu bilan birga, vazir quyosh panellari o‘rnatish xarajatlarining moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritmadi.

Mavzuga oid