O‘zbekiston | 15:02 / 28.01.2025
3180
8 daqiqa o‘qiladi

Akademik halollik, yangi adabiyotlar, oliygohlar transformatsiyasi: milliy ta’limda nimalar o‘zgaryapti?

Zamon talabiga javob bermaydigan yo‘nalishlar bakalavriatda 40 foiz, magistraturada esa salkam 20 foizni tashkil etadi. Ba’zi sohalarda ilmiy izlanish olib borish uchun adabiyotlar yetarli emas. Xo‘sh, ilm bilan bog‘liq og‘riqli nuqtalarga qanday yechimlar ishlab chiqilyapti? Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan islohotlarning ilk natijalari qanday? Oldinda hal etilishi lozim bo‘lgan qanday dolzarb muammolar bor? “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi" mas’ullari Kun.uzʼga bu haqida so‘zlab berdi.

Hayotini yaxshilashning eng muhim faktorlaridan biri bu – shubhasiz sifatli ta’limdir. Sohalardagi o‘sish, yangi texnologiyalar, puxta xizmat, malakali mutaxassislar – barchasining ildizi ta’limga borib taqaladi. Ayni shu sabab hukumat tomonidan o‘quv tizimi va samaradorligini oshirishga e’tibor qaratilyapti. Davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi ham buning bir dalilidir.

Mazkur tashkilot o‘qituvchilarni tayyorlash dasturlarini takomillashtirish, ta’lim xizmatlarini xalqaro standartlarga moslashtirish missiyasi bilan ish boshlagan. Xo‘sh, loyiha ofisi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan dasturlar ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda?

Ta’lim siyosatini reformatsiyalashdagi dastlabki ish ta’lim sohalari kesimida kontent sifatini yaxshilashdan boshlangan. Tashkilot direktori Adham Xudayqulovning aytishicha, tizimda o‘quv dasturlari eskirgan, ularni yangilash zarurati tug‘ilgan.

“Muhandislik, qurilish sohalarini oladigan bo‘lsak, bu yo‘nalishdagi darsliklar hozirgi zamon talabiga javob bermaydi, o‘quv dasturlari eskirgan. Ayrim mavzularni o‘rganishga vaqtimizni behuda sarflaganmiz”, – deydi u.

Direktorning qo‘shimcha qilishicha, oliy ta’limdagi o‘quv yo‘nalishlarining bazaviy adabiyotlari ro‘yxati shakllantirilib, xorij manbalaridan shartnoma asosida foydalanish huquqi olingan. Oliy ta’lim vazirligi bilan uzviy hamkorlikda ularning tarjimasi yo‘lga qo‘yilgan.

Loyiha ofisi xodimlarining ma’lum qilishicha, sifatli ta’lim tizimini shakllantirish maqsadida oliy ta’lim klassifikatori xalqaro tasniflagich asosida maqbullashtirilib, xalqaro standartlarga moslashtirilgan. Unga ko‘ra, eskirgan va umumlashtirsa bo‘ladigan yo‘nalishlar ro‘yxati shakllantirilgan. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari 306 tadan 183 taga, 625 tadan 528 taga qisqartirilgan.

Bakalavriatda 40 foiz, magistraturada 20 foizga yaqin yo‘nalishlarning talabga javob bermasligini aniqladik. Shu sabab ba’zilari qisqartirildi, ayrimlari bitta soha kesimida umumlashtirildi”, – deydi loyiha ofisi direktori.

Shuningdek, ilmiy, pedagogik va iqtisodiy samaradorlikni oshirish maqsadida mavjud fakultet va kafedralar optimallashtirilgan, qo‘shimcha shtat birliklari qisqartirilgan, fanlar va o‘qituvchilar yuklamasi kamaytirilgan.

“Milliy ta’lim siyosatimizdagi muhim maqsadlardan biri bilim ulashishning asosiy provayderlari hisoblangan o‘qituvchilarni puxta tayyorlash va ularning malakasini oshirishdan iborat. Bunda loyiha ofisi zamonaviy pedagogik texnologiyalar va usullarni joriy etish takliflarini ishlab chiqadi, o‘qituvchilarga kasbiy rivojlanish imkoniyati sifatida doimiy malaka oshirish kurslari tashkil etilishiga yordam beradi”, – deydi “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi mutaxassisi Munis Husanova.

Bugungi kunda mamlakatning turli hududlarida 600 ta texnikum faoliyat yuritmoqda. Kasbiy ta’lim sohasida 333 ta kasb-hunar maktabi, 112 ta kollej, 22 ta texnikum umumiy ta’lim yo‘nalishi sifatida texnikumlarga birlashtirilgan.

22 oliygoh transformatsiyasi amalga oshirildi. Bunda 12 ta oliygoh qisqartirildi, 5 ta oliygoh: Farg‘ona davlat texnika universiteti, Qo‘qon davlat universiteti, Namangan davlat texnika universiteti, Nukus davlat texnika universiteti, Buxoro davlat texnika institutini tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi. 4 ta oliygoh: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti, Andijon davlat texnika instituti, Qarshi davlat texnika instituti va Navoiy davlat universiteti yangidan tashkil etildi, Toshkent davlat texnika universiteti isloh qilindi”, – deydi “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi direktori o‘rinbosari Anvar Allabergenov.

Ma’lumki, oliy ta’limda avvallari davlat grantlari universitetlarga ajratilgan kvotalar asosida belgilangan. Bunda abituriyentlarning bilim salohiyati faqatgina ma’lum bir oliygoh ichida raqobatga kirishgan. Mamlakatning ta’lim siyosatiga muvofiq bu tizim qayta ko‘rib chiqildi va o‘zgartirildi. Endilikda oliygohlarda imtiyozli tarzda o‘qish imkoniyati talabaning bilim darajasiga ko‘ra respublika miqyosida taqsimlanadigan bo‘ldi. Shuningdek, davlat granti va ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grantlar uchun alohida kvota ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan bir qatorda talabalarning hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini osonlashtirish, ma’lumotlarni yig‘ishda ko‘p vaqt sarflanishining oldini olish maqsadida 92 ta oliygohda registrator ofisi ishga tushirildi. U orqali 10 dan ortiq ma’lumotnomalarni olish tizimi raqamlashtirilib, 60 dan ziyod xizmatlar markazlashtirildi.

Shuningdek, boshqaruv tizimi transformatsiyasi ham amalga oshirildi. Avvalgi tizimda ta’lim muassasalari 27 ta vazirlik va idoralar tasarrufiga kirgan bo‘lsa, yangi tizimda muassasalar yagona boshqaruv, ya’ni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga o‘tdi. Kasbiy malakalarni rivojlantirish tarmoq kengashlari va uyushmalari ta’limning sanoat hamkori sifatida belgilandi.

Ma’lumki, o‘qish va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash sifatli kadrlar yetishtirishda muhim omil. Sababi nazariyani o‘rganish boshqa, uni ish jarayonida qo‘llab ko‘rish – boshqa. Bilim va tajribani integratsiyalash maqsadida dual ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish ustida ham izlanishlar olib borilmoqda. Bu borada Germaniya Xalqaro hamkorlik tashkiloti bilan faol hamjihatlik aloqalari o‘rnatilgan:

Loyiha ofisi tomonidan dual ta’lim bo‘yicha olib borilayotgan hamkorlik juda samarali bo‘lyapti. Uning doirasida O‘zbekistondagi texnikum va kollejlarda ikki tomonlama ta’lim tizimini joriy etish maqsad qilingan. Dual ta’lim nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlaydi. O‘quv jarayonining 70 foizi fabrika, zavod, umuman olganda, sohalarga doir ish joylarida tashkil etiladi, 30 foizi esa o‘quv binolari ichida bo‘ladi. Ikki tomonlama ta’limning afzalliklari shundaki, u talabalarning o‘z sohasi bo‘yicha malakali mutaxassis sifatida shakllanib, ish topishini osonlashtiradi. Mazkur tizim Germaniyada muvaffaqiyat qozongan, O‘zbekistonda ham tajriba sifatida joriy etilmoqda, ko‘plab tashkilotlar ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlamoqda”, – deydi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimini isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlari qo‘llab-quvvatlash” loyihasi menejeri.

Ta’lim islohotlari jarayonida bevosita ishtirok etayotgan Kolumbiya universiteti professori Aziza Shonazarovaning ta’kidlashicha, shu vaqtga qadar ijtimoiy sohada yozilgan ilmiy ishlash saviyasiz bo‘lgan, ko‘chirmakashlikka yo‘l qo‘yish holatlari ko‘p uchragan.

“Mahalliy tadqiqotchilarning ilmiy ishlari qaroqchi jurnallarda ma’lum bir mablag‘ evaziga chop etilgan. Afsuski, bunday ishlar va izlanishlar xalqaro ilm jamiyatida tan olinmaydi”, – deydi u.

Yosh professorning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda ilmiy tadqiqot olib boruvchilar uchun “Ilmiy etika qoidalari va akademik halollik” qo‘llanmasi ishlab chiqilyapti. Bu ilmiy va akademik ishlar doirasida axloqiy me’yorlar, adolat va halollikni ta’minlashga xizmat qiluvchi yo‘riqnoma bo‘ladi.

Mavzuga oid

E`lonlar

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston Milliy banki dam olish kunlarida ham siz uchun xizmat ko‘rsatadi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston Milliy banki dam olish kunlarida ham siz uchun xizmat ko‘rsatadi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi