Jahon | 16:03 / 28.01.2025
14852
14 daqiqa o‘qiladi

AQShda yuk tashish inqirozi tugadimi?

AQShdagi yuk tashish sohasida ishlash ko‘plab o‘zbekistonliklar uchun muvaffaqiyatli hayot kechirishning kalitiga aylangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Pandemiyadan keyin inqiroz boshlanib, yuk hajmi qisqardi, to‘lov stavkalari pasaydi va ko‘plab korxonalar bankrot bo‘ldi. Xo‘sh, keyingi yillarda mazkur sohadagi bozor dinamikasi qanday bo‘ladi?

Foto: AFP

AQShda yuk mashinasini, ya’ni trakni haydash nafaqat kasb, balki ko‘plab o‘zbekistonliklar uchun imkoniyatlar manbai hisoblanadi. Bu soha yurtdoshlarimiz uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib, ko‘pchilik uchun Qo‘shma Shtatlarda muvaffaqiyatli hayot kechirishning kalitiga aylangan.

Shubhasiz, COVID-19 pandemiyasi davrida yuk tashish o‘zining eng shonli davrini boshdan kechirdi. Ammo pandemiya tugashi bilan qiyinchiliklar boshlanib, soha "Buyuk yuk tashish inqirozi" deb nomlangan og‘ir davrga kirib qoldi. Xususan, yuk hajmi qisqardi, to‘lov stavkalari pasaydi va ko‘plab korxonalar bankrot bo‘ldi. Bu inqiroz o‘zbekistonlik haydovchilar va ularning oilalari uchun katta zarba bo‘ldi, chunki yurtdoshlarimiz uchun bu nafaqat ish, balki butun hayot tarzini tashkil etardi.

AQShdagi yuk tashish sohasi mamlakat ta’minot zanjirining ajralmas qismi va iqtisodiyotining asosiy tayanchlaridan biri hisoblanadi. Yuk tashish sohasini yanada aniqroq tushunish uchun RXO korxonasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga e’tibor qaratish muhim. Xususan:

  • Mamlakatda amalga oshiriladigan barcha yuk tashish operatsiyalarining 72,5 foizi quruqlikda yuk mashinalari orqali amalga oshiriladi;
  • Har yili ushbu sektor AQSh iqtisodiyotiga 791,7 milliard dollarlik daromad olib keladi;
  • Hozirda AQShda 3,91 million Slass 8 turiga mansub og‘ir yuk mashinalari yo‘llarda harakatlanmoqda.

Albatta, bu raqamlar AQShdagi yuk tashish sanoatining ulkan ahamiyati va uning faoliyati qanchalik keng qamrovli ekanini aniq ko‘rsatib beradi. Qolaversa, ushbu segmentdagi bozor juda tarqoq ekanini va hech qaysi korxona yirik monopol mavqega ega emasligini alohida ta’kidlash lozim. Bu esa katta bozorda har bir ishtirokchi uchun foyda olish imkoniyatini yaratadi. Misol uchun, yirik o‘ntalikka kiruvchi mahalliy yuk tashish korxonalari umumiy bozorning atigi 6 foizini egallaydi. Bundan tashqari, bozordagi korxonalarning 97,4 foizi 20 tadan kam yuk mashinalari bilan ishlaydi, bu esa sohaning tarqoq xarakterini aniqroq ko‘rsatadi. E’tiborlisi, AQShda faoliyat yuritayotgan o‘zbek korxonalarining aksariyati kichik hajmdagi yuk tashish kompaniyalari qatoriga kiradi.

Yurtdoshlarimiz uchun bu sohani tanlash sabablari nimada?

Nega ko‘plab o‘zbek korxonalari AQShda yuk tashish sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi? Bu bozorning sharoitlarini yaxshiroq tushunish uchun unga yaqindan nazar tashlasak, bir necha asosiy iqtisodiy omillarning ta’sirini ko‘rish mumkin. Birinchidan, bu sohada kirish va chiqish uchun past to‘siqlar mavjud bo‘lib, yangi tashuvchilar uchun bozorga kirish nisbatan oson. Ikkinchidan, hukumat cheklovlarining kamligi sababli bozor ishtirokchilari moslashuvchanlikka ega va o‘z strategiyalarini tezkor o‘zgartira oladi. Uchinchidan, bozorda yuz minglab tashuvchilar va yuk jo‘natuvchilar ishtirok etadi, bu esa sohaning raqobatbardoshligi va dinamikligini ta’minlaydi. Aynan shu sabablarga ko‘ra, o‘zbek diasporasi vakillarining aksariyati ushbu sohada faoliyat yuritadi.

Bozor dinamikasi:

Ta’kidlash joizki, ushbu bozorning o‘ziga xos jihatlari ham bor. Butun dunyoda yuk tashish sohasida taklif, ya’ni tashuvchilar imkoniyati va talab, ya’ni yuk hajmi o‘rtasidagi muvozanat doimiy ravishda o‘zgarib boradi.

COVID-19 pandemiyasi davrida yuk tashish sohasida qulay sharoitlar shakllanib, ko‘plab kompaniyalarga AQSh bozorida sezilarli daromad olish imkoniyatini yaratdi. Pandemiya sabab global yetkazib berish zanjirlarida yuk tashishga bo‘lgan talab keskin oshdi. Korxonalar mahsulotlarni omborlardan distribyutor markazlariga va ulgurji savdo punktlariga yetkazishda yuk mashinalariga tayanishga majbur bo‘ldi. Bundan tashqari, onlayn xaridlarning ortishi yirik omborlar va logistika markazlari o‘rtasidagi yuk tashish jarayonlarini yanada jadallashtirdi. Shu bilan birga oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlarning uzoq masofalarga yetkazilishi yuk tashish bozorida faollikni oshirdi. Bu AQShdagi o‘zbek tadbirkorlariga ham keng imkoniyatlar eshigini ochib, ularning yuk tashish sohasida muvaffaqiyatga erishishiga turtki bo‘ldi. Biroq bozorning siklik tabiati tufayli pasayish bosqichiga qaytish faqat vaqt masalasi edi, COVID-19 pandemiyasidan so‘ng esa talab va taklif muvozanatining buzilishi narxlarning keskin pasayishiga olib keldi.

Yoqilg‘i narxlari:

Yuk tashish bozoridagi o‘zgarishlar ko‘plab omillar ta’siri ostida shakllanadi va ushbu omillarni tahlil qilish bozor inqirozining qay darajada tugaganini aniqlashga yordam beradi. Shulardan biri yoqilg‘i, xususan, dizel narxlaridir. Dizel yoqilg‘isi yuk tashuvchi korxonalar umumiy xarajatlarining taxminan 30 foizini tashkil qiladi. Agar uning narxi yuk tashish tariflariga nisbatan tezroq ko‘tarilsa yoki tushsa, bu korxonalarning daromadiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. SOVID-19 pandemiyasi davrida dizel yoqilg‘isi narxlari keskin pasaydi. Pandemiya ta’siri natijasida 2020 yilda dizel narxi $2,58/gallongacha (1 gallon = 3,8 litr) pasayib, bu korxonalar faoliyatining vaqtincha to‘xtashi, ishlab chiqarish hajmining qisqarishi va yoqilg‘iga bo‘lgan talabning rekord darajada pasayishi bilan izohlandi. Natijada bu holat global ta’minot zanjiriga sezilarli ta’sir o‘tkazib, dizel narxlarini misli ko‘rilmagan darajaga tushirdi.

Manba: AQSh Energetika axborot boshqarmasi

Pandemiyadan keyin, 2021 yilda iqtisodiy tiklanish jarayoni va yoqilg‘i bozoridagi bosimlar AQShda dizel narxlari ko‘tarilishiga turtki bo‘ldi. Qo‘shimchasiga 2022 yilda Rossiya-Ukraina urushi kabi geosiyosiy voqealar natijasida narxlar $4,71/gallongacha yetib, tarixiy cho‘qqiga chiqdi. Bu, albatta, transport xarajatlarining sezilarli oshishiga va korxonalarga qo‘shimcha moliyaviy yuk tushishiga olib keldi. Biroq bozor vaziyatni tiklay boshladi. 2023 yilda dizel narxlari pasayishga yuz tutdi va 2024 yilda $3.49/gallon darajasida barqarorlashib, pandemiyadan oldingi davrga qaytdi. Ushbu tendensiya shubhasiz, yuk mashinalari haydovchilari va biznes egalari uchun ijobiy o‘zgarish bo‘lib, bozor inqirozidan chiqishda mustahkam zamin yaratadi.

Yuk tashish bozoridagi spot stavkalarining yillik o‘zgarish tendensiyasi (2019–2025 yillar)

Manba: Truckingdive.com

Yuqoridagi grafik so‘nggi yillarda yuk tashish bozoridagi «spot» stavkalarning o‘rtacha o‘zgarishini aks ettiradi. Spot stavkalar bu yukni belgilangan vaqtda tashish uchun joriy bozor narxi bo‘lib, odatda qisqa muddatli kelishuvlar asosida amalga oshiriladi va uzoq muddatli shartnomalarga nisbatan ancha o‘zgaruvchan bo‘ladi. Ushbu stavkalar bozordagi talab va taklif balansiga qarab doimiy ravishda o‘zgarib boradi.

COVID-19 pandemiyasi davrida spot stavkalar keskin oshgan bo‘lsa, 2022-2023 yillarda ular keskin pasaydi. Biroq oxirgi paytlarda yuk tashish tariflari yana ko‘tarilmoqda. Xususan, 2025 yil yanvar holatiga ko‘ra, sovitkichli treylerda yuk tashish (reefer) - $2,22/mil (1 mil = 1,6 km), ochiq platformali yuk tashish (flatbed) - $2,04/mil va quruq treylerda yuk tashish (dry van) - $1,84/mil darajasiga yetgan. Bu o‘sish, asosan, talabning oshishi yoki yuk tashish taklifining kamayishi bilan izohlanadi.

Biroq grafikka nazar tashlasak, bozor asta-sekin pandemiyadan oldingi barqarorlik yo‘liga qaytayotgani sezilmoqda. Stavkalarning haddan tashqari tebranishlar davri ortda qolib, tariflar me’yoriy darajalarga yaqinlashmoqda. Bu esa yuk tashish sohasining tiklanayotganini va kelajakda yanada barqaror bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

AQSh yuk tashish bozorida chiquvchi buyurtmalarni rad etish indeksi (2019, 2023, 2024 yillar)

Manba: Freightwaves.com

Yuqoridagi grafik AQShning buyurtmalar rad etish indeksini aks ettirib, yuk tashuvchilar tomonidan rad etilgan buyurtmalar foizini ko‘rsatadi. Rad etish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lsa, bu yuk tashish taklifining cheklanganini bildiradi, past bo‘lsa, ortiqcha taklif va yuk tashishga bo‘lgan talabning sustligini anglatadi. Grafikda 2024 yil (oq chiziq) uchun rad etish ko‘rsatkichi keskin oshib, 9,69 darajasiga yetgani ko‘rsatilgan. Bu yuk tashish taklifining kamayishi yoki yuk tashishga bo‘lgan talabning ortib borayotganini ko‘rsatadi. 2019 yil (to‘q sariq chiziq) ma’lumotlariga ko‘ra, rad etish ko‘rsatkichi dastlab yuqori bo‘lib, maksimal 11,18 darajaga yetgan, so‘ngra pasaygan, bu davrda yuk tashish bozori talab yuqori bo‘lgan qisqa muddatli o‘zgarishlarga duch kelgan. 2023 yil (pushti chiziq) esa ancha past ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, 5,24 darajasida turgan, bu esa bozorda ortiqcha taklif bo‘lganini bildiradi. 2024 yilda rad etish ko‘rsatkichining keskin oshishi yuk tashish sohasida taklifning kamayganini yoki talabning ortganini anglatadi, bu esa yuk tashish stavkalarining oshishiga olib kelishi mumkin. Rad etish ko‘rsatkichi o‘sishiga iqtisodiy faollikning ortishi, mavsumiy talabning ko‘payishi hamda yuk mashinalari va haydovchilarning yetishmovchiligi sabab bo‘lishi mumkin. Ushbu o‘zgarishlar bozorning pandemiyadan oldingi darajasiga qaytayotganini anglatib, yuk tashish stavkalarining oshishi va yuk jo‘natuvchilar uchun transport vositalarini topishdagi qiyinchiliklarning kuchayishi ehtimolini ko‘rsatmoqda.

Boshqa omillar:

Bozor omillariga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan tashqi kuchlar ham mavjud bo‘lib, ular orasida Clearinghouse-II qoidalarini alohida ta’kidlash mumkin. Mazkur qoidalar AQSh Federal avtotransport agentligi (FMCSA) tomonidan 2024 yil 18 noyabrda kuchga kiritilgan.

Clearinghouse-II qoidalarining kuchga kirishi yuk tashish bozoriga bevosita ta’sir ko‘rsatadi, chunki ushbu qoidalar natijasida ko‘plab haydovchilar ish faoliyatini davom ettirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, qoidalarning qat’iy ijrosi natijasida 177 mingga yaqin haydovchi o‘z CDL litsenziyasidan ayrilishi ehtimoli bor, bu esa yuk tashish taklifining sezilarli darajada qisqarishiga olib keladi. Bozordagi haydovchilar sonining kamayishi yuk tashishga bo‘lgan talabni oshiradi, natijada yuk tashish xizmatlari narxi ko‘tariladi. Mavjud tashish quvvati kamaygani sababli yuk jo‘natuvchilar kamroq tashuvchilar bilan ishlashga majbur bo‘lib, spot stavkalari sezilarli darajada o‘sishi kutilmoqda. 

Bundan tashqari, AQShda yangi administratsiyaning faoliyati yuk tashish bozoriga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin, chunki har bir hukumat o‘zining iqtisodiy va transport siyosatini shakllantiradi. Agar yangi ma’muriyat infratuzilma loyihalariga e’tibor qaratib, logistika sohasini qo‘llab-quvvatlasa, bu yuk tashish taklifi va samaradorligini oshirishi mumkin, natijada stavkalar barqaror qoladi yoki pasayadi. Biroq ekologik talablarga qat’iyroq yondashuv, xususan, uglerod chiqindilarini kamaytirish va elektr yuk mashinalariga o‘tish bo‘yicha siyosatlar, dizel yoqilg‘isi bilan ishlaydigan yuk mashinalariga qo‘shimcha xarajatlar yuklashi mumkin, bu esa yuk tashish tariflari oshishiga olib keladi.

Shu bilan birga immigratsiya siyosatining o‘zgarishi ham yuk mashinasi haydovchilari ta’minotiga ta’sir qilishi mumkin, chunki ko‘plab yuk tashish kompaniyalari immigrant haydovchilarga tayanadi. Agar yangi hukumat immigratsiya jarayonlarini murakkablashtirsa, bu haydovchilar tanqisligiga va natijada yuk tashish stavkalari o‘sishiga sabab bo‘lishi mumkin.

 Xulosa:

Xulosa qilib aytganda, turli obektiv bozor omillari AQSh yuk tashish bozorida barqarorlik tiklanayotganini va narxlarning asta-sekin o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa yuk tashuvchilar uchun foyda olish imkoniyatlarini oshirib, ularning faoliyatini mustahkamlashga zamin yaratmoqda. Yuk tashish sohasi o‘ziga xos siklik xususiyatga ega bo‘lib, AQSh bozorida odatda 3-5 yillik davriy o‘zgarishlar kuzatiladi. Ushbu sikllar kengayish, cho‘qqi, qisqarish va inqiroz bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Hozirgi vaziyat esa bozorga nisbatan optimistik kayfiyat bag‘ishlaydi, chunki narxlar barqarorlashuvi va yuk tashish taklifining muvozanati soha ishtirokchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Bozor 2023 yil oxirida o‘zining eng past nuqtasiga yetgan bo‘lsa, hozirda tiklanish jarayoni kuzatilmoqda va ko‘rsatkichlar barqaror o‘sishga yo‘naltirilgan. Inqiroz davri ortda qolib, 2025 yil yuk tashish sektori o‘sish bilan o‘tishi kutilmoqda. Biroq mutaxassislar bu o‘sish 2020 va 2021 yillardagi kabi keskin va yuqori daromadli bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Shu bois, avvalgi yillarga nisbatan bozor cho‘qqisi pastroq darajada shakllanishi mumkin. Shunga qaramay, so‘nggi inqirozdan so‘ng sohada ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotgani aniq.

Salixov Sohibxon, ITF Group LLC

Mavzuga oid

E`lonlar

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston Milliy banki dam olish kunlarida ham siz uchun xizmat ko‘rsatadi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston Milliy banki dam olish kunlarida ham siz uchun xizmat ko‘rsatadi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi