Jahon | 14:59 / 28.01.2025
5180
9 daqiqa o‘qiladi

Shimolga qaytayotgan g‘azoliklar, Trampga taslim bo‘lgan Kolumbiya va tojik milliy liboslari bo‘yicha yo‘riqnoma - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azo shimoliga qaytayotgan falastinliklar

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh doirasida minglab falastinliklar G‘azo sektori shimoliga qaytishni boshladi. Isroil nazorat punktlarini ochib, aholiga o‘z uylariga qaytishga ruxsat berdi.

Odamlar shaxsiy buyumlarini ko‘tarib, sohil bo‘yiga yo‘l oldi. «Uyga qaytish — ajoyib hissiyot», — dedi qaytgan falastinlik Ibrohim Hassera. Qochqinlar lagerlarida xursandchilik hukmron.

HAMAS buni falastinliklar g‘alabasi deb ta’kidlab, «bosqinchilar rejasi barbod bo‘ldi», deya bayonot berdi.

Aholining uz uylariga qaytganini nafaqat g‘azoliklar, isroillik ultrao‘ng millatchi siyosatchilar ham HAMASning g‘alabasi o‘laroq qabul qilishmoqda.

Isroilning sobiq milliy xavfsizlik vaziri va «Yahudiy kuch» partiyasi yetakchisi Itamar Ben-Gvir G‘azo sektori shimoliga falastinliklarning qaytishi «HAMAS g‘alabasi» ekanini ta’kidladi.

Ben-Gvir Netserim hududi ochilishi va o‘n minglab falastinliklarning G‘azo shimoliga qaytayotganini tanqid qildi. U bu holatni «asirlarni almashish bo‘yicha xatolikka to‘la kelishuvning natijasi» deb atadi.

Binyamin Netanyahuning «Isroil G‘azodagi hujumlarini to‘liq g‘alabagacha davom ettiradi», degan bayonotiga ishora qilib, Ben-Gvir shunday dedi: «Bu g‘alaba emas, bu to‘liq taslim bo‘lish».

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats esa G‘azo shimoli va janubida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv qat’iy nazorat qilinishini ma’lum qildi.

Isroil 2023 yil oktyabrda urush boshlab, G‘azo shimolidagi aholini sektor janubiga evakuatsiya qilgandi. O‘t ochishni to‘xtatish doirasida HAMAS garovdagi 33 kishini ozod qilishi, Isroil esa qariyb 2 ming falastinlikni qo‘yib yuborishi kutilmoqda.

HAMAS ozod qilinishi kerak bo‘lgan 26 nafar isroillik asirlarning 8 nafari vafot etganini bildirdi.

Netanyahu BMT agentligini Quddusdan haydayapti

Isroil hukumati BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam agentligiga (UNRWA) Sharqiy Quddusdagi binolarni bo‘shatish va 30 yanvarga qadar faoliyatini to‘xtatish buyrug‘ini bergan. Bu haqda UNRWA agentligi rasmiy bayonot bilan chiqish qilgan.

Oktyabrda Isroil parlamenti agentlikning mamlakatdagi faoliyatini taqiqlovchi qonunni qabul qilgan edi. Xalqaro hamjamiyat Sharqiy Quddusni falastinliklarga tegishli hudud sifatida tan oladi, ammo Isroil butun Quddusni o‘z hududi deb ko‘radi va poytaxtni ham Tel-Avivdan shu qadimiy shaharga ko‘chirmoqchi.

UNRWA mazkur talabni BMT Nizomiga zid deb baholab, Isroil uning xalqaro majburiyatlariga amal qilishi shartligini ta’kidladi. Bunday cheklovlar faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatib, 1100 o‘quvchini ta’limsiz, 70 ming bemorni tibbiy xizmatsiz qoldirishi mumkin.

Tramp bahorgacha urushni tugatmoqchi

Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni 2025 yil bahoriga qadar bartaraf etishni rejalashtirmoqda, deb yozmoqda The Independent. Tramp Kiyevni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechmoqchi emas va uning manfaatlariga qarshi kelishuvlarga bormasligi ta’kidlandi. Biroq Moskva va Kiyevni muzokaraga qanday majbur qilish rejasi ma’lum emas.

Nashrning yozishicha, Trampning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga moyilligi David Araxamiyaning inauguratsiya marosimida ishtirok etishidan ko‘rinib turibdi. Ukrainadagi hukmron «Xalq xizmatkori» partiyasi rahbari marosimda qatnashgan kam sonli xorijiy vakillardan biri bo‘ldi.

Trampning Zelenskiy bilan rasmiy uchrashuvi kutilayotgani ta’kidlangan, biroq aniq sanasi hali ma’lum emas. Prezidentlikka nomzod sifatida Tramp mojaroni 24 soatda hal etishni va’da qilgandi, ammo saylanganidan keyin u vaqt talab etilishini tan oldi.

Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini va adolatli kelishuvga erishishni maqsad qilganini ta’kidlamoqda.

Kolumbiya AQSh shartlarini qabul qildi

AQSh Kolumbiyaga savdo bojlarini oshirish rejasidan voz kechdi. Buning sababi — Donald Tramp ma’muriyatining shartlariga Kolumbiyaning rozi bo‘lganidir. Ular orasida deportatsiya qilingan migrantlarni harbiy samolyotlarda qabul qilish ham bor.

Avvalroq Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro AQSh samolyotlariga qo‘nib, migrantlarni tushirishga ruxsat bermagandi. Shundan so‘ng Tramp Kolumbiyadan import qilinayotgan mahsulotlarga 25 foizlik savdo bojlari joriy qilish va kelgusida uni 50 foizgacha oshirish bilan tahdid qildi. Bir necha soatdan keyin Kolumbiya pozitsiyasini o‘zgartirdi.

Vashington va Bogota o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, deportatsiya qilinganlar uchun munosib sharoitlar yaratiladi. Kolumbiya hatto prezident samolyotidan foydalanishni taklif qildi.

AQSh o‘z «Temir gumbaz»ini yaratadi

AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin kunlarda mamlakat hududini himoya qilish uchun «Temir gumbaz» tizimiga o‘xshash yangi raketalarga qarshi mudofaa tizimini yaratish to‘g‘risida farmon imzolashi kutilmoqda.

Bu haqda AQShning yangi mudofaa vaziri Pit Hegset ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bunday tizim mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun juda muhim. Hegset ushbu qarorning muhimligini ta’kidlab, «bu AQShning hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun zarur qadam», deya qayd etdi.

Shuningdek, Tramp COVID-19 vaksinasiga qarshi bo‘lganligi uchun harbiy xizmatdan bo‘shatilgan harbiylar qayta ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Ularga moliyaviy kompensatsiya va lavozimlariga tiklanish kafolatlanadi.

Kaliforniya mustaqil bo‘lmoqchi

Kaliforniya AQSh tarkibidan chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. «Calexit» nomli tashabbusni shtatning Davlat kotibi Shirli Veber ma’qulladi va imzo to‘plash jarayoni boshlandi. Bu haqda New York Post xabar bermoqda.

Agar tashabbus qabul qilinsa, 2028 yilda umumxalq ovoz berishda saylovchilarga «Kaliforniya shtati AQSh tarkibidan chiqib, erkin va mustaqil davlatga aylanishi kerakmi?» degan savol qo‘yiladi.

Mazkur qarorni amalga oshirish uchun ovoz berishda ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilarning kamida 50 foizi ishtirok etishi va ovoz beruvchilarning kamida 55 foizi — yoki 500 mingdan ortiq kishi — 22 iyulgacha «roziman» deb ovoz berishi kerak bo‘ladi.

Agar qaror qabul qilinsa, «Kaliforniya xalqining mustaqillikka bo‘lgan irodasi» Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun «ishonchsizlik votumi» kabi oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

Koreya prezidentiga o‘lim jazosi?

Janubiy Koreya prokuraturasi prezident Yun Sok Yolni harbiy holat joriy etishga urinishda isyon tashkil etganlikda ayblab, uni hibsga oldi. Isyon jinoyati prezident immunitetini bekor qiladi va unga umrbod qamoq yoki o‘lim jazosi qo‘llanishi mumkin.

Yun bu ayblovlarni rad etib, harbiy holatni faqat ogohlantirish maqsadida taklif qilganini aytmoqda. Oliy sud uni lavozimdan chetlatilish yoki vakolatlari tiklanishi bo‘yicha qarorni 180 kun ichida qabul qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 14 dekabrda parlament Yunga impichment e’lon qilgandi. Harbiy holatning joriy etilishi muxolifat deputatlari va harbiylar o‘rtasida to‘qnashuv orqali bekor qilingan.

Tojikistonda milliy kiyimlar bo‘yicha qo‘llanma

Tojikiston Madaniyat vazirligi milliy kiyimlarning qo‘llanma kitobi tayyorlanib, yaqin kunlarda chop etilishini ma’lum qildi. Kitob 16 bobdan iborat bo‘lib, milliy kiyimlarning turli vaziyatlarda qanday kiyilishini tushuntirishga qaratilgan.

Madaniyat vazirligi rasmiysi Xurshed Nizomiyning ta’kidlashicha, qo‘llanmada asosan ayollar uchun ko‘chaga chiqish, dam olish kunlari, bayram va marosimlarda libos tanlash bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil mart oyida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon «milliy madaniyatga yot kiyimlarni kiyish» bo‘yicha yangi tahrirdagi qonunni imzolagan edi. Prezidentning fikricha, begona madaniyatga taqlid qilish milliy madaniyat va mustaqillikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

«Kiyinish etiketlarining buzilishi milliy ong va madaniy o‘zligimizga tahdid soladi», — degan edi Imomali Rahmon va tojik milliy kiyimlari UNESCO tomonidan tan olinganini ham ta’kidlagandi.

Mavzuga oid

E`lonlar

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston Milliy banki dam olish kunlarida ham siz uchun xizmat ko‘rsatadi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston Milliy banki dam olish kunlarida ham siz uchun xizmat ko‘rsatadi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi