Rossiyaning Kavkazdagi asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Armaniston nega AQShning strategik hamkoriga aylanmoqda?
2025 yilning 14 yanvarida Armaniston AQSh bilan strategik hamkorlik haqidagi xartiyani imzoladi. Shuningdek, bundan biroz oldin Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini boshlash haqida qonun loyihasini ma’qulladi. Yerevandagilar keyingi masala bo‘yicha referendum o‘tkazilishini ta’kidlashmoqda.
![](https://storage.kun.uz/source/11/H_OAZmqubIcsfcq_oaqKE0OrHeduoOaE.jpg)
Shu bilan birga, KXShTdagi a’zolik to‘xtatib turilganiga qaramay, mamlakat Moskva uchun muhim savdo hamkori bo‘lib qolmoqda va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)dan chiqishni rejalashtirmayapti. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Vladimir Putin bilan muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazadi va telefon orqali bog‘lanib turadi. 2025 yil 21 yanvar kuni tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan Moskvaga tashrif buyurdi.
Nega G‘arbga yo‘nalgan Armanistonga Rossiya baribir kerak? «Meduza» shu savollarga javob izladi.
Armaniston yaqindagina Rossiyaning ittifoqchisi edi. Vaziyat nega o‘zgardi?
Rossiya ta’sir doirasiga kiruvchi davlatlar (ayniqsa, KXShT va YeOII a’zolari) orasida Armaniston 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganda eng noqulay vaziyatda edi. Armaniston armiyasi KXShT tufayli Moskva bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, Rossiyadan imtiyozli narxlarda qurol-yarog‘ olib turardi. Shuningdek, Armaniston eksportining 48 foizi YeOII, birinchi navbatda Rossiya va Belarus hissasiga to‘g‘ri kelardi. Boz ustiga, Armaniston Rossiya gaziga kuchli bog‘lanib qolgan va mamlakatning elektr tarmoqlari, temiryo‘llar hamda AES kabi muhim infratuzilmasi rossiyaliklar qo‘lida yoki ular tomonidan boshqarilardi.
Shuningdek, Rossiya o‘sha paytda Ozarboyjon bilan bo‘lgan kelishuv kafolatchisi edi. Ushbu kelishuv tufayli Qorabog‘dagi armanlar Rossiya tinchlikparvar kuchlari himoyasida yashashda davom etardi. Ukrainadagi bombardimonlar va bosib olingan hududlardagi voqealar fonida rossiyalik harbiylar mavjudligidan xursand bo‘lish g‘alati tuyulardi. Ammo bu haqiqat edi — hatto «Dojd» telekanaliga berilgan intervyularda Qorabog‘da yashab turgan armanlar «Rossiya mag‘lub bo‘lsa, biz o‘z uylarimizdan ayrilamiz», deb aytishgan.
Moskva tomonidan ilgari surilgan Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi loyihasi avvaliga Yerevan uchun ancha afzal ko‘ringandi. Rossiya mantig‘iga ko‘ra, tinchlikparvar kuchlar Qorabog‘da imkon qadar uzoq vaqt — Dnestrbo‘yidagi kabi o‘nlab yillar mobaynida qolsa, shunchalik yaxshi edi. Buni asoslash uchun kelishuvda hech bo‘lmaganda biror noaniq masala, masalan, Qorabog‘ning hal qilinmagan maqomi saqlanib qolishi lozim edi.
Biroq Moskva Ukraina urushi sharoitida Ozarboyjonga ta’sir darajasini juda past baholadi. Natijada, 2023 yil kuzida Rossiya tinchlikparvar kuchlari mavjudligiga qaramay, Ozarboyjon Qorabog‘ ustidan to‘liq nazoratni tikladi. Bu esa Armaniston jamiyatida Rossiyaning pozitsiyasini butunlay yo‘qqa chiqardi.
Albatta, Rossiya Armaniston-Ozarboyjon munosabatlarini tartibga solishda o‘z ta’sirini saqlab qolishga urinayotgani shubhasiz. Bu haqda, masalan, 21 yanvar kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Armaniston tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralardan keyingi matbuot anjumanida ta’kidladi.
Ammo haqiqat shundaki, tinchlik shartnomasi imzolanishida so‘nggi qaror faqat bir davlatga — Ozarboyjonga bog‘liq. Hozirda taraflar o‘rtasida rasmiy diplomatik tan olish va tinchlik shartnomasi yo‘q. Ammo aynan Ozarboyjon Armaniston oldiga shartlarni qo‘ymoqda va Yerevan hozircha ularning faqat bir qismini qabul qilmoqda.
Rossiya uchun Bokuni o‘z pozitsiyasini yumshatishga majburlash esa, ayniqsa AZAL aviakompaniyasi samolyoti bilan bog‘liq fojiadan so‘ng imkonsiz bo‘lib turibdi.
Armaniston Rossiyadan nechog‘lik uzoqlashgan?
Aslida, Armaniston Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi asosiy ittifoqchiligidan AQShning strategik hamkori va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni istovchi davlatga aylanish yo‘li unchalik uzoq emas.
Birinchidan, Armaniston har doim G‘arb bilan aloqalar o‘rnatishga harakat qilib kelgan. Masalan, armiya va Kanzas shtati Milliy gvardiyasi o‘rtasidagi hamkorlik 20 yildan ortiq vaqtdan beri davom etmoqda. Shu vaqt davomida mamlakatda «Zar» o‘quv markazi tashkil etildi, uning tadbirlari Rossiya davlat ommaviy axborot vositalarida keskin muhokama qilinadi.
Armaniston Suriyaga Rossiya bilan birga o‘z kontingentini yuborgan yagona davlat bo‘lganiga qaramay, Afg‘oniston, Iroq, Kosovo va Malida NATO bilan ham hamkorlik qilgan. NATO bilan bunday o‘zaro aloqalar AQSh bilan imzolangan xartiyada Armanistonning muvaffaqiyati sifatida qayd etilgan.
Robert Kocharyan va Serj Sargsyan rahbarligidagi «Qorabog‘ klani» Moskva g‘azabiga duchor bo‘lish va Qorabog‘ bo‘yicha qo‘llovni yo‘qotishdan qo‘rqib, G‘arb bilan yaqinlashishda ehtiyotkorlik qilgan. Kavkaz bo‘yicha mutaxassis Olesya Vartanyanning so‘zlariga ko‘ra, g‘arb tomon dinamik yaqinlashuv Kreml tomonidan jazoga duchor bo‘lmasligi – bugungi arman rahbariyati uchun yangi imkoniyatlarni ko‘rsatmoqda.
Ikkinchidan, siyosatchilarning hassos reaksiyalari hisobga olinmay, faqat faktlarga nazar tashlansa, Armaniston Rossiyadan unchalik uzoqlashmagani ma’lum bo‘ladi. Mamlakatda Rossiya harbiy bazasi hamon faol va mamlakat rasmiylari uning qolishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shuningdek, Armanistonda «Mir» kartalari orqali pul yechish mumkin, garchi ayrim banklar Amerika sanksiyalari tahdidi tufayli ushbu tizimdan voz kechgan bo‘lsa ham.
Rossiya bilan quruqlik orqali chegara yo‘qligi va dengizga chiqish yopiqligi hisobga olinsa, Armaniston sanksiyalarni chetlab o‘tishda Qozog‘iston yoki Turkiya kabi logistik afzalliklarga ega emas. Ammo armanlar Rossiyaning qimmatbaho toshlari va metallari savdosida o‘z o‘rnini topdi. YeOII orqali bojsiz savdo imkoniyatlari tufayli ushbu tovarlar yo qayta ishlanib yoki shundayligicha asosan BAAga eksport qilinmoqda. Shu sababli, KXShT bilan de-fakto aloqalar susaygan bo‘lsa-da, Armaniston hukumati YeOIIda faqat plyuslarni ko‘rmoqda.
Armaniston KXShTdan chiqdimi yo‘qmi?
Nikol Pashinyan o‘z mamlakatini endi KXShT a’zosi sifatida ko‘rmayotgani va tashkilotdagi faoliyatini avvalgi darajada qayta tiklamasligini aytgan. Shunga qaramay, Armaniston KXShTdan rasman chiqish haqida e’lon qilganicha yo‘q — bu, ehtimol, Moskva bilan munosabatlarni yanada yomonlashtirmaslik maqsadida qilingan. Bundan ko‘ra, mamlakat rahbariyati KXShTdagi ishtirokini «muzlatdi» va uning tadbirlariga e’tiborga bermayapti: masalan, KXShT doirasida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar yoki muzokaralarga Armaniston o‘z vakillarini yubormayapti.
Bunday yondashuv sabablari — tashkilotning samarasizligida. Bu bir qator chaqiruvlar bilan tasdiqlandi. KXShTning asosiy prinsipi NATOnikiga o‘xshash: agar ittifoqdosh davlatlardan biri tashqi agressiyaga duch kelsa, uni himoya qilish kerak. Qorabog‘ masalasida bu prinsip qo‘llanmagan, chunki bu holatda Armaniston o‘zi xalqaro hamjamiyat tomonidan Ozarboyjon hududi deb tan olingan yerlarni bosib olgan edi.
2021 va 2022 yillarda Ozarboyjon qo‘shinlari qator ziddiyatlarda Syunik viloyatidagi Armaniston hududlarini egallaganda, KXShT bu holatlarga javob qaytarishdan bosh tortgan va ularni «chegara hodisalari» deb atagan.
Armanistonning KXShTdan chiqishi masalasiga javob berish uchun vaziyatni yaxshilab o‘rganish kerak. Olesi Vartanyanning maqolasidagi qiziqarli bir tafsilot buni tushuntirishga yordam beradi: 2022 yil fevral oyida arman rasmiylari G‘arbdagi hamkorlariga Rossiya bilan aloqalarni tezroq uzish istagini bildirgan. Biroq G‘arbda ularga bu masalada shoshmaslikni maslahat berishgan. Chunki Rossiya kichik Armanistonni jazolashga qaror qilsa, uning zaif iqtisodiyotini qayta tiklash uchun Yevropaning yoki AQShning yetarlicha resurslari yo‘q.
Faqat Rossiya emas, balki Armanistonning janubiy qo‘shnisi Eron ham mintaqada tashqi kuchlar ta’siri kuchayishiga qarshi. Armaniston va Eron o‘rtasidagi savdo aylanmasi katta bo‘lmasa-da, Eron Rossiyadan tashqari Armanistonga neft va gaz yetkazib berishga qodir yagona davlatdir. Buning uchun transport infratuzilmasini sezilarli darajada yaxshilash talab etiladi, shuningdek, Ozarboyjon Zangezur yo‘lagini egallab olishining oldini olish muhim ahamiyatga ega.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Zangezur yo‘lagini ochish g‘oyasini qayta-qayta ta’kidlamoqda. U Armanistonning bosimga nisbatan uchraydigan har qanday qarshiligini tanqid qilib, yaqinda shunday dedi: «Zangezur yo‘lagini ochish kerak va ochiladi. Ular buni qanchalik tez tushunsa, shuncha yaxshiroq. Biz bu vaziyatda uzoq qololmaymiz. Nega biz Naxichivonga, Ozarboyjonning ajralmas qismiga boshqa yo‘llar orqali borishimiz kerak?»
Armaniston Rossiyadan uzilib, to‘liq G‘arb tomon burila oladimi?
Teleko‘rsatuvlarda aytilganidan qat’i nazar, Armaniston Rossiyadan butunlay uzilishi va faqat G‘arb tomon yo‘nalishiga o‘tishi amalda imkonsiz. Hatto agar Ozarboyjon bilan mojaro tugasa va Yerevan Ozarboyjon gazini sotib olishni boshlasa ham, bu uni yanada o‘z mintaqasiga bog‘lab qo‘yadi. Yevropaning energiya manbalariga chiqish uchun Turkiya orqali aloqa paydo bo‘lishi mumkin, ammo Anqara o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun bu oqimni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishga qodir. Shuning uchun Rossiya Armaniston uchun muhim hamkorligicha qolaveradi.
Shunga qaramay, Armaniston Rossiya tomonidan bosib olinish xavfidan xoli, chunki umumiy chegara yo‘q. Bu Armanistonga ayrim o‘ziga xos imkoniyatlarni beradi. Masalan, 2024 yilda Yerevan Rossiya chegarachilarini Zvartnots xalqaro aeroporti va Eron bilan chegaradagi «Agarak» nazorat o‘tkazish punktidan chiqarib yuborishga erishdi.
G‘arb tomon qadam tashlayotgan Armaniston AQSh bilan Strategik sheriklik xartiyasini imzoladi. Biroq, bu harbiy ittifoq emas, balki iqtisodiy va diplomatik qo‘llab-quvvatlash shakli. Hujjatda Yerevanning Amerika texnologiyalari, dasturiy ta’minotga ega bo‘lishi, bozor islohotlarini qo‘llab-quvvatlash va atom energiyasi bo‘yicha hamkorlik kabi masalalar ko‘tarilgan. Bular juda muhim masalalar bo‘lsa-da, ammo yangiliklar sarlavhasiga chiqadigan darajada ta’sirli emas.
Masalan, Armanistondagi yagona Metsamor atom elektr stansiyasi faoliyati 2036 yilgacha uzaytirilishi mumkin, ammo bu Rossiyaning «Rosatom» kompaniyasi modernizatsiyasiga bog‘liq. Shu vaqtgacha Armaniston yangi atom elektr stansiyasini qurishi kerak bo‘ladi va ehtimol, bu AQSh kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Bu yo‘nalishda ilk qadamlar qilingan — 2024 yil avgustda Yerevan va Vashington yadroviy texnologiyalarini mamlakatga o‘tkazishga imkon beradigan kelishuvni tayyorlagan.
Shu bilan birga, Armaniston Rossiyadan neft va gaz yetkazilishi borasida bog‘liqligicha qolaveradi. Na Yevropa Ittifoqi, na AQSh bu masalani uzil-kesil hal qila oladi.
G‘arb Armanistonni urushda himoya qilishga tayyormi?
AQSh va Armaniston o‘rtasidagi Strategik sheriklik xartiyasida siyosiy masalalar unchalik ta’sirli ko‘rinmaydi. Amerikaliklar Yerevanning Ozarboyjon bilan chegaralarni delimitatsiya qilish va transport aloqalarini tiklash bo‘yicha pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan. Ammo bu, masalan, Ozarboyjon Syunik viloyatini ozarboyjonlik qochqinlarni qaytarish bahonasida bosib olishga harakat qilsa, AQSh to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatadi, degani emas.
Moskva shu boisdan Armanistonning ishonchini umuman yo‘qotib qo‘ymaslikka harakat qilmoqda. Masalan, Sergey Lavrov Moskvada Ararat Mirzoyan bilan uchrashuvda Syunikda Rossiya konsulligini ochish masalasini ko‘targan. Bunday konsulliklar mavjudligi Ozarboyjonni kuch ishlatishdan tiyib turishi mumkin. Shuningdek, Armanistonning G‘arbdagi asosiy ittifoqchisi — Fransiya ham xuddi shu yo‘ldan borishni rejalashtirgan, Eron esa bunday konsullikni 2022 yildayoq ochgan.
Armaniston hukumati Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish bo‘yicha qonun loyihasini ma’qullab, mamlakat istalgan vaqtda integratsiyaga tayyor ekanini e’lon qilgan. Biroq, bu, aslida, saylovoldi va’dalardir. 2026 yildagi parlament saylovlari uchun yevrointegratsiya masalasi hukumatning asosiy ijobiy dasturiga aylantirilishi mumkin. Buning uchun referendumni saylov kuniga moslab o‘tkazish ehtimoli ham bor, bu tajriba yaqinda Moldovada sinovdan o‘tdi.
Shu bilan birga, Moldovaning o‘z tajribasi Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishda nomzod maqomiga ega bo‘lishning o‘zi yetarli emasligini ko‘rsatadi. Armaniston esa hozircha bunday maqomga ega emas. Moskvadagilar ham bunga yaxshi tushunishadi. Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk Yerevanning Yevropa ittifoqiga qo‘shilish harakatini «Titanik»ka chipta sotib olishga o‘xshatdi. Agar bu harakat real deb qaralsa ham, uning amalga oshishi o‘nlab yillar ketadi.
Hozircha G‘arb tomon yuz burish Armanistonga Yevropa va AQShdan moliyaviy ko‘mak olishga yordam bermoqda. 2024 yil uchun AQSh tomonidan 65 mln dollar, Yevroittifoq tomonidan 270 mln yevro to‘rt yil davomida taqdim qilinadigan grant ko‘rinishida ajratilgan. Shuningdek, Yevropaning tinchlik jamg‘armasidan Ukrainaga yordam sifatida tuzilgan fonddan 10 mln yevro olingan.
Kreml Armanistonning G‘arb tomon burilishidan norozi, ammo buni to‘xtata olmaydi. Rossiya uchun yagona imkoniyat — kelasi yilgi parlament saylovlariga jiddiy aralashib, Pashinyan tarafdorlarining ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lishining oldini olishdir. Bu strategiyaning «sinovdan o‘tkazilgani»ni yaqin vaqtlarda Moldova misolida kuzatish mumkin — bu yerda Kreml yevropaparast prezident Mayya Sandu g‘alabasidan so‘ng vaziyatni qayta o‘zgartishga harakat qilishi mumkin.
Mavzuga oid
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/s47cv0iGPtO5AP7mqkwmz1tTJeQNLq0m_medium.jpg)
23:56 / 15.02.2025
O‘nlab rossiyalik oligarxlar sanksiyalardan qutulishga muvaffaq bo‘ldi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/GNU_lB6Dgzs0nNV2t1KDzhCDiDkaeiEu_medium.jpg)
23:30 / 15.02.2025
AQSh va Rossiya rasmiylari Tramp-Putin muzokaralariga tayyorgarlikni boshlaydi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/wKMJ2s3AkiA76gyie1yBHWvQEoORYSon_medium.jpg)
20:07 / 15.02.2025
Ukraina bo‘yicha hech qanday qaror Ukrainasiz qabul qilinmaydi - Zelenskiy Myunxenda nutq so‘zladi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/O7s4HnfU8fMTpEQ1QAicLL8mYw91qcnt_medium.jpg)
18:26 / 15.02.2025