Jahon | 14:35 / 29.01.2025
5618
10 daqiqa o‘qiladi

Trampning tanqidga uchragan taklifi, millatchilarni qo‘llayotgan Ilon Mask va AQShni larzaga solgan Xitoy startapi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil va HAMAS o‘rtasida vositachilar orqali kelishuvning ikkinchi bosqichi bo‘yicha dastlabki muzokaralar boshlandi. Al Jazeera ma’lumotiga ko‘ra, shimoliy G‘azoga 300 mingdan ortiq qochqinlar qaytadi.

AQSh prezidenti Donald Trampning falastinliklarni qo‘shni arab mamlakatlariga ko‘chirish taklifi jiddiy qarshilikka uchramoqda. Demokrat senator Berni Sanders bu taklifni «etnik tozalash va harbiy jinoyat» deb atadi.

BMT ham Trampning bu taklifini rad etdi. BMT vakili Stefan Dyujarrik tashkilot har qanday majburiy ko‘chirish yoki etnik tozalashga olib keladigan rejalarga qat’iy qarshi ekanini ta’kidladi.

The Times of Israel nashriga ko‘ra, Trampning bu g‘oyasi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning koalitsiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Chunki kelishuv tufayli koalitsiyada ixtiloflar kuchaygan.

Bu orada Isroilning otdan tushsa ham egardan tushmaydigan moliya vaziri Betsalel Smotrich kelishuvning birinchi bosqichidan so‘ng G‘azoni to‘liq qayta okkupatsiya qilish va aholini majburiy ko‘chirish rejasini tayyorlashni taklif etdi.

Yevroittifoq Suriyaga sanksiyalarni yumshatdi

Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy Yevropa Ittifoqining Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan so‘ng sanksiyalarni bir yilga to‘xtatish qaroriga ijobiy baho berdi. U buni «ijobiy qadam» deb atadi.

Bryussel Damashqdagi vaqtinchalik hukumat bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ydi va humanitar yordamni ko‘paytirdi. Biroq sanksiyalar to‘liq bekor qilinmay, yangi hukumat majburiyatlarini bajarmasa, qayta tiklanishi mumkin.

Sanksiyalarni yumshatish infratuzilmani tiklash va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish uchun zarur. Yevropa Ittifoqi yangi hukumatning harakatlarini nazorat qiladi.

Zelenskiy: «Yadrodan voz kechish «ahmoqlik» bo‘lgan»

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatning 1994 yilda yadroviy quroldan voz kechish qarorini «axmoqona va mas’uliyatsiz» deb atadi.

Zelenskiy Kiyev Budapesht memorandumi imzolanishidan avval jiddiy xavfsizlik kafolatlarini talab qilishi kerakligini ta’kidladi. Ukraina o‘shandagi qarori bilan dunyoda uchinchi yirik yadroviy arsenaldan voz kechgan, ammo evaziga yetarli xavfsizlik kafolatlarni ololmadi.

Zelenskiy NATOga a’zolikni Ukraina uchun xavfsizlikning yagona samarali kafolati deb hisoblaydi. Agar mamlakat alyansga qo‘shilmasa, u o‘z yadroviy qurolini ishlab chiqishi mumkinligini ma’lum qildi. Ekspertlar buning uchun Ukrainaga ikki-uch oy yetarli ekanini aytishgan.

Xitoy va Hindiston Rossiya nefti savdosini to‘xtatdi

Hindiston va Xitoy Rossiya neftini sotib olishni vaqtincha to‘xtatgani xabar qilindi. Bu Rossiya neftini tashishga oid AQSh sanksiyalari va tanker ijarasi xarajatlarining ortishi bilan bog‘liq.

2024 yilda Rossiya nefti Hindiston import tarkibining 36 foizi va Xitoydagisining qariyb 20 foizini tashkil etgan. 10 yanvarda AQSh Rossiya neftini tashish zanjiriga qarshi yangi sanksiyalar joriy etganidan so‘ng tankerlar ijara narxi keskin oshgan. Bu Xitoy va Hindiston xaridorlarini sanksiyalar doirasidagi kemalardan qochishga majbur qildi.

Hindiston neft vaziri Pankaj Jaynning ma’lum qilishicha, Rossiya nefti bilan yuklangan tankerlar 27 fevralgacha tushirilishi va ular uchun to‘lovlar 12 martgacha amalga oshirilishi talab etilgan.

Trampning antimigratsiya siyosati davom etmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp barcha noqonuniy migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborishini yana bir bor ta’kidladi. Prezidentning yangi farmoniga ko‘ra, chegarada ushlangan har bir migrant Amerikadan deportatsiya qilinadi. Shuningdek, AQShda qonuniy asosda yurgan, ammo bir necha bor jinoyat sodir etgan migrantlarni ham deportatsiya qilish uchun yangi qonun qabul qilinishi kutilmoqda.

24 yanvardan boshlab AQShda ommaviy deportatsiyalar harbiy samolyotlar orqali amalga oshirila boshladi. Texasdagi Fort-Bliss aviabazasidan ilk reyslar parvoz qildi. AQSh Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kuniga 5000 dan ortiq migrantlar deportatsiya qilinishi kutilmoqda.

Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaumning ma’lum qilishicha, Donald Tramp prezidentligi boshlanganidan keyin bir haftada mamlakat AQShdan deportatsiya qilingan 4 mingdan ortiq migrantlarni qabul qildi. Ularning aksariyati meksikaliklardir.

Meksikaning Syudad-Xuares shahrida vaqtinchalik lager qurilmoqda. U yerda qaytarilgan migrantlar uchun yirik palatkalar o‘rnatiladi. Hukumat ularni oziq-ovqat, tibbiy yordam va hujjatlar bilan ta’minlashga va’da berdi.

Shuningdek, Trampning «tug‘ilish orqali fuqarolik» huquqini bekor qilish taklifi 22 shtat tomonidan qonuniy qarshilikka uchradi. Tanqidchilar mazkur qarorni Konstitutsiyaga zid deb baholab, AQSh milliy tamoyillariga xilof deb atashmoqda.

Ilon Mask millatchilar tomonda

Ilon Mask Germaniyadagi ultrao‘ng «Germaniya uchun muqobil» partiyasi mitingida video chiqish qildi va partiyani «Germaniyaning kelajakdagi umidi» deb atadi. U Germaniya o‘z milliy g‘ururini yo‘qotmasligi kerakligini va multimadaniyat orqali millatning zaiflashmasligi lozimligini ta’kidladi.

«Germaniya uchun muqobil» partiyasi, ko‘pchilik tomonidan radikal natsistlar tashkiloti sifatida tanqid qilinayotgan bo‘lsa ham, so‘nggi oylarda migratsiya siyosatiga qarshi chiqish orqali Germaniya siyosatining o‘ng qanot harakatlaridagi asosiy kuchiga aylandi. Mask o‘z chiqishida, tarixiy gunohkorlik tuyg‘usini chetga surib, Germaniya kelajakka qarab harakat qilishi kerakligini qayd etdi.

Bu chiqish Germaniyada keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Berlinda va boshqa shaharlarda 35 mingdan ortiq kishi «Germaniya uchun muqobil» partiyasiga qarshi namoyish o‘tkazdi. Nemis hukumati va yetakchi siyosiy kuchlar partiyani radikal va milliy xavfsizlik uchun tahdid deb baholamoqda.

Milliarder Bill Geyts ham Ilon Maskning ultrao‘ng siyosatchilarga qo‘llab-quvvatlovi va boshqa davlatlar siyosatiga aralashuvini «ahmoqlik va aqlsizlik» deb tanqid qildi.

Geytsni ayniqsa, Maskning britaniyalik siyosatchilarga qarshi qilingan tanqidlari va mitingdagi «natsistik ishora»si g‘azablantirgan.

«Sen «Germaniya uchun muqobil»ni qo‘llab-quvvatlamoqdasan. Bu juda g‘alati va aqlsizlarcha ish», – degan Geyts.

Microsoft asoschilaridan biri bo‘lgan Geyts Maskning aqlli insonligini e’tirof etgan holda, uni o‘z ta’sir doirasini suiiste’mol qilishda aybladi. «Bu odam bir necha mamlakatlarda siyosiy vaziyatni izdan chiqara oladi, bu esa juda xatarli», – degan u.

Xitoy startapi AQShni larzaga soldi

Xitoyning DeepSeek startapi yangi sun’iy intellekt modelini namoyish etganidan so‘ng, dunyo bozorlari shok holatiga tushdi. Ushbu model OpenAI ishlanmalari bilan solishtiriladi, biroq kompaniya uni juda kam miqdorda Nvidia chiplari bilan ishlab chiqdi.

Shuning natijasida Nvidia aksiyalari 13 foizga tushib, kompaniya bozor qiymatida 400 mlrd dollar yo‘qotgan.

DeepSeek bu ishlarning hammasini bor-yo‘g‘i 5,6 mln dollar sarmoya va 2048 ta chipdan foydalanib amalga oshirgan. Bu OpenAI va Google kabi kompaniyalarning milliardlab dollar sarmoyalari oldida ulkan yutuq hisoblanadi. Kremniy vodiysida Amerika kompaniyalarining texnologik yetakchiligini saqlab qolish qudrati haqida qizg‘in muhokamalar boshlandi.

Aliyevning Zangezur yo‘lagi bo‘yicha pozitsiyasi

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Armanistonga hech qanday hududiy da’volar yo‘qligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Zangezur transport yo‘lagi orqali Naxichivonga erkin va to‘siqsiz o‘tishni talab qildi.

«Biz hech qanday hududiy da’volarga ega emasmiz. Biroq Armaniston majburiyatlarini bajarib, asosiy Ozarboyjon hududidan Naxichivonga erkin o‘tishni ta’minlashi shart», — dedi Aliyev transport bo‘yicha yig‘ilishda.

Zangezur yo‘lagi Ozarboyjonni Naxichivon Respublikasi bilan bog‘laydigan loyiha bo‘lib, Yerevan bu yo‘nalishni ochishga tayyorligini bildirgan, ammo o‘z suvereniteti doirasida.

Mazkur masala Ikkinchi Qorabog‘ urushidagi g‘alabadan so‘ng xalqaro kun tartibiga kirgan. Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, «Zangezur yo‘lagi» atamasi dunyoda qabul qilingan tushunchaga aylangan.

Qirg‘iziston va Tojikistonning chegara bo‘yicha kelishuvi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Tojikiston bilan chegara masalalarini hal qilish doirasida chegaraoldi qishloqlar aholisini ko‘chirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chegara himoyasida muammolarning oldini olish uchun zarur qadam hisoblanadi.

Japarov davlat axborot agentligiga bergan intervyusida, agar tojik fuqarolari uylari qirg‘iz hududida qolgan bo‘lsa, ular ko‘chirilishini, shuningdek, qirg‘iz fuqarolari uylari Tojikiston hududida qolgan bo‘lsa, ular uchun yangi uylar qurilishi ta’minlanishini aytib o‘tdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, bahsli hududlar har bir metr hisobga olingan holda hal qilingan. Hozir chegara hujjatlarini rasmiylashtirish jarayoni davom etmoqda.

Mavzuga oid

E`lonlar

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston Milliy banki dam olish kunlarida ham siz uchun xizmat ko‘rsatadi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston Milliy banki dam olish kunlarida ham siz uchun xizmat ko‘rsatadi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi