O‘zbekiston | 19:39 / 10.03.2016
31829
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat Raqobat qo‘mitasi: O‘zbekistonda avtomobil oldi-sotdisi osonlashtiriladi

Davlat Raqobat qo‘mitasi va "O‘zavtosanoat" AJ GM Uzbekistan tomonidan ishlab-chiqariladigan avtomobillar oldi-sotdisi namunaviy shartnomasiga o‘zgartirish kiritish masalasi ustida ishlashmoqda. Bu haqda Qo‘mita vakiliga asoslangan holda Sputnik agentligi xabar bergan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda shunday holat vujudga kelgan: GM Uzbekistan rasmiy dileridan avtomobil xarid qilmoqchi bo‘lgan shaxs, narxning 85 foizini avans tariqasida to‘lashi shart, qolgan pullar esa avtomobilni olib chiqish jarayonida to‘lanadi. Xaridor o‘z orzusidagi avtomobilni hatto, bir yildan ortiq vaqt mobaynida kutishi mumkin.

Odamlarga muammo tug‘dirayotgan "suv ostidagi tosh"lardan yana biri shuki, (shartnoma shartlaridan biriga kiradi), ushbu jarayon davomida zavod tomonidan avtomobil narxi oshiriladigan taqdirda, mijoz o‘rtada vujudga kelgan tavofutni (u qancha bo‘lishidan qat'i nazar) qoplashga majbur bo‘ladi.

"Bu O‘zbekiston uchun juda og‘riqli masala, aniqrog‘i, 2015 yil davomida va 2016 yilning birinchi yarmida iste'molchilar to‘qnash kelayotgan eng dolzarb muammolardan biri, deyish mumkin. O‘tgan yil boshida ham shu mavzu borasida ancha shov-shuv ko‘tarilgan edi. Gap shundaki, "O‘zavtosanoat" AJ o‘z avtomobillari narxini 30 foizga oshirganida, bu holat avans pulini to‘lab qo‘ygan iste'molchilar hamyoniga anchayin ziyon keltirdi. Odamlar hali olmagan avtomobillari uchun qo‘shimcha pul to‘lashga majbur bo‘lishdi", — deydi manba.

Davlat raqobat qo‘mitasi ushbu holatda iste'molchilar huquqi qay darajada buzilayotganini o‘rganib chiqib, rasman dilerlar haq, degan to‘xtamga keldi. Suhbatdoshning ta'kidlashicha, sotuvchi va iste'molchi o‘rtasida imzolangan hujjatda vujudga kelgan vaziyat aniq va ravshan bayon etiladi: mijoz avtomobil narxi oshishi mumkinligi va narx borasida vujudga keladigan farqni qoplashi lozimligi haqida ogohlantiriladi. Shartnoma imzolangan paytdan boshlab qonunan kuchga kiradi va hech bir sud diler nohaqligini isbotlab bera olmaydi.

"Ammo, bu vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirib bo‘lmaydi, degani emas. Davlat raqobat qo‘mitasi va "O‘zavtosanoat" AJ mutaxassislari bugungi kunda namunaviy hujjat turini o‘zgartirish bo‘yicha hamkorlik qilishmoqda. Masalan, rejaga ko‘ra, endilikda xaridorlar o‘zlari istagan avtomobilni 90 kundan ko‘p bo‘lmagan muddat ichida qo‘lga kiritishlari mumkin bo‘ladi. Avtomobil narxi oshgan taqdirda ham iste'molchi hamyoni zarar ko‘rmasligi uchun hujjatda (iste'molchi foydasiga xizmat qiladigan) muayyan shartlar ko‘rsatib o‘tiladi.

Bundan tashqari, Davlat raqobat qo‘mitasi xaridorlar uchun muhim bo‘lgan boshqa bir mavzu — mahalliy avtomobillar yo‘nalishida ham ish olib bormoqda. Hozirda rasmiy dilerdan yangi avtomobilni xarid qilgan jismoniy shaxslarga bir yil davomida avtomobilni sotishi taqiqlandi.

"Bu tizim 5 yil oldin bozorlarda olibsotarlikning oldini olish maqsadida joriy etilgan edi. Dilerlardan o‘nlab avtomobillarni xarid qilib, so‘ngra bozorda ular ikki barobar narxga pullangani bilan bog‘liq holatlar ham ko‘p kuzatildi. Bunday xatti-harakatlar xalq orasida sun'iy tarzda shov-shuv ko‘tarilishiga olib keldi. Ammo hozirda vaziyat o‘zgardi, bozorlarimiz asta-sekin "to‘yib" bormoqda va vaqti yetganini anglasak, biz albatta, ushbu taqiqni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqamiz. Ammo hozircha, bunga hali erta", deya qayd etadi manba.

GM Uzbekistan hozirgi kunda Asaka va Xorazmdagi zavodlarida 12 xil atvomobil ishlab chiqaradi: besh xil sedan — Nexia, Cobalt, Lacetti, Gentra va Malibu, ikki kichik avtomobil — Matiz va Spark, miniven Orlando, unversal Captiva, mikroavtobus Damas va uning yuk tashishga moslashgan ko‘rinishi Labo.

GM Uzbekistan yiliga 200 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarmoqda. 2014 yildagi ko‘rsatkich 245,7 ming donani tashkil etgan, 2015 yilgi ko‘rsatkichlar hozircha e'lon qilinmagan.

2016 yilning 1 mart kuni holatiga ko‘ra tarmoqda 27 ming nafardan ortiq kishi mehnat qilmoqda.