O‘zbekiston | 10:49 / 11.03.2016
2642
3 daqiqa o‘qiladi

IIV: “Tozalash” tadbiri uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Tursunpo‘lat Toshpo‘latov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida “2016 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq ichki ishlar idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma'lumot berdi.

Mutasaddining ta'kidlashicha, xavfsizlikni ta'minlash uchun tegishli idora va tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Bayram shodiyonalari o‘tadigan maskanlarda jamoat tartibini saqlash, favqulodda holatlarning oldini olish, yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligini ta'minlash choralari kuchaytirilgan.

Bayram tadbirlari xavfsizlik talablariga javob beradigan, obektlarda o‘tkaziladi. Ana shu maskanlar ichki ishlar idoralarining tegishli xizmatlari xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilishi bilan birga, jamoat tartibini saqlash, yong‘in va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining navbatchiligi tashkil etildi.

Bayram o‘tkaziladigan joylar atrofidagi sub'yektlar, aholi turar joylari hamda boshqa maskanlarning yong‘inga qarshi holati tekshirib chiqildi. Natijada yong‘in sodir etilishi mumkin bo‘lgan besh yuzdan ziyod bino va inshoot aniqlanib, tegishli chora ko‘rildi.

Xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan keng qamrovli “Tozalash” tadbiri uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda. Tadbir davomida aniqlanayotgan huquqbuzarliklar o‘z vaqtida bartaraf etilayapti.

Shu kungacha mulkchilik shaklidan qat'i nazar 7 millionga yaqin obekt ko‘zdan kechirildi. 192 mingga yaqin obektda turli kamchiliklar aniqlandi va ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Bayram kunlari yo‘llarda harakat xavfsizligini ta'minlash muhim ahamiyatga ega. Shu bois, yo‘llarning holatini yaxshilash, svetofor va yo‘l chiziqlarini yangilash yuzasidan salmoqli ishlar bajarildi.