Jamiyat | 12:20 / 18.01.2016
14982
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning «NTV» telekanalida «Poyedem, poyedim!» ko‘rsatuvining O‘zbekistonga bag‘ishlangan soni namoyish etildi

16 yanvar kuni Rossiyaning «NTV» telekanalida teleboshlovchi Jon Uorrenning Samarqandda suratga olingan «Poyedem, poyedim!» («Boramiz, tanovul qilamiz») ko‘rsatuvi namoyish etildi. Bu haqda «Afisha.uz» internet-nashri xabar tarqatmoqda.

Manbada yozilishicha, 30 yildan buyon rus tilini o‘rganib, 20 yildan beri Rossiyada yashab kelayotgan ko‘rsatuv boshlovchisi, buyuk britaniyalik Jon Uorren 2012 yildan boshlab «NTV» telekanalida «Poyedem, poyedim!» («Boramiz, tanovul qilamiz») nomli mazali taomlar va sarguzashtlar haqidagi shou-ko‘rsatuvni olib boradi.

2015 yilning noyabr oyida Jon suratga olish guruhi bilan birga O‘zbekistonda bo‘ldi va Samarqand haqida hikoya qiluvchi ko‘rsatuv tayyorladi. Ko‘rsatuvda non yopish va dimlama tayyorlash jarayonlari ko‘rsatilgan.

Jon Uorren nafaqat Samarqandni aylandi, balki u qadim shaharning eng mashhur afsonalari haqida so‘zlab berdi. Qadim shahar tarixi bayon qilindi, gilam to‘qish va so‘zana tikish, o‘zbek bozorining o‘ziga xos tomonlari aks ettirildi, deyiladi xabarda.