Sport | 11:28 / 29.08.2016
12047
2 daqiqa o‘qiladi

Chempionlardan Ulug‘ to‘yga to‘yona

Andijonlik olimpiadachilarning "Rio-2016"dagi zafarli yurishlaridan ruhlangan viloyat sportchilari turli miqyosdagi musobaqalarda yurtimiz dovrug‘ini taratishga intilishyapti.

Qozog‘istonning Chimkent shahrida kattalar hamda bolalar va o‘smirlar o‘rtasida kombat aykido bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo ochiq birinchiligida hamyurtlarimiz nomi yana faxr bilan tilga olindi.

Mazkur bellashuvda xalqaro kombat aykido assotsiatsiyasi viloyat bo‘limining rahbari, iqtidorli murabbiy Dilshodbek Eshonov (suratda – o‘rtada) 76 kg. vazn toifasida kattalar o‘rtasidagi bahsda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Murabbiydan ibrat olgan shogirdlar – Mashhurbek Madaminov (70 kg.), Omadbek Sotvoldiyev (60 kg.), Shahboz Toshpo‘latov (60 kg.), Temur Zuhirdinov (58 kg.), Muslimbek Mirzayev (30 kg.) ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olishdi. Ular kelasi yilning boshida Tailandda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida mamlakatimiz terma jamoasi safida maydonga tushadilar.

– O‘zbekistonimiz mustaqilligining 25 yillik ayyomi arafasida shunday natijaga erishganimizdan mamnunmiz, – deydi kombat aykidochilarimiz ustozi D. Eshonov. – Bu, ulug‘ to‘yga bizning to‘yonamizdir.

Elmurod Ermatov, Andijon
Rustamjon Eshonov olgan suratlar

 

Mavzuga oid