Jamiyat | 15:47 / 16.06.2017
56832
6 daqiqa o‘qiladi

Ramazonning so‘nggi o‘n kunligi: omonat daqiqalar fazilati

Barchamizga ma'lumki, Ramazon oyining uch o‘n kunligi uch xil fazilatga egadir. Ya'ni, birinchi o‘n kunlik Allohning rahmati nozil bo‘ladigan kunlardir. Ikkinchi o‘n kunlik esa, Allohning mag‘firati keng bo‘lgan kunlardir. Uchinchi o‘n kunlik esa, ro‘zador bandalar do‘zaxdan ozod qilinadigan kunlardir. Ushbu o‘rinda uchinchi o‘n kunning fazilati haqida so‘z yuritamiz:

Ramazonning oxirgi o‘n kunining bir nechta fazilatlari bor bo‘lib, ular quyidagilardir:

1. Bu kunlarning fazilati sababli Alloh taolo bandalarini do‘zaxga kirishdan ozod qiladi. 

Bu haqida Salmon al-Forisiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...U (Ramazon) uning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod qilish bo‘lgan oydir....”, deganlar. Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Ro‘zadorlar birinchi o‘n kunlikda Allohning rahmatiga sazovor bo‘lib, ikkinchi o‘n kunlikda gunohlari mag‘firat qilinib, uchinchi o‘n kunlikda esa, do‘zaxdan ozod qilinadi. Shuning uchun, har kim bu ulug‘ kunlarni g‘animat bilib, foydalanib qolish lozim.

2. Ramazonning oxirgi o‘n kechalari ichida “Qadr” kechasi bor.

Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘nligidan qidiringlar”, dedilar. Muslim rivoyat qilgan.

Boshqa bir rivoyatda, oxirgi o‘n kunning toq kechalaridan Qadr kechasini izlash haqida aytilgan:

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n (kechasining) toq (kechalari)dan qidiringlar”, dedilar. Buxoriy rivoyat qilgan.

Demak, bu o‘n kun kechalarining birida Qadr kechasi borligi sababli bu o‘n kun boshqa kunlardan fazilatli bo‘ldi. Kim Qadr kechasining fazilatiga ega bo‘lmoqchi bo‘lsa, Ramazoning oxirgi o‘n kechalarini ibodatlar bilan bedor o‘tkazishi lozim bo‘ladi.

3. Nabiy alayhissalom Ramazonning oxirgi o‘n kunida e'tikof o‘tirganlar.

Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo u kishini vafot ettirgunicha Ramazonning oxirgi o‘n (kunida) e'tikof o‘tirar edilar. So‘ngra, u zotdan keyin, xotinlari e'tikof o‘tirishdi”. Muttafaqun alayh.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu kunlarda e'tikof o‘tirishlari ham, oxirgi o‘n kunlarning fazilatli ekaniga dalolat qiladi.

4. Payg‘ambarimiz alayhissalom Ramazoning oxirgi o‘n kuni kirishi bilan ibodatga qattiq bel bog‘lardilar.

Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi o‘nlikdan boshqasida qilmagan harakatini oxirgi o‘n kunlikda qilar edilar”. Muslim rivoyat qilgan.

Yana bir boshqa hadisda shunday deyilgan:

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: U aytdi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam oxirgi o‘nlik kirgan vaqtda, belni mahkam bog‘lardilar va uning kechasini tiriltirar va o‘z ahllarini ham uyg‘otar edilar”. Muslim rivoyat qilgan.

Nabiy alayhissalom bu o‘n kunlikda nafaqat o‘zlari ibodat bilan mashg‘ul bo‘lganlar, balki ahli oilasini ham shunga targ‘ib qilib, ularni ham kechalarda ibodat uchun uyg‘otar ekanlar. U zotning bu amallarini barchamiz o‘zimizga lozim tutsak, muhim sunnatga amal qilgan bo‘lamiz. Payg‘ambarimiz alayhissalomning bu kunlarda ibodatlarga qattiq kirishishlari ham bu kunlarning fazilatiga dalolat qiladi.

5. Ramazonning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning mag‘firat qilinishi.

Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonning oxirgi kechasida o‘zining ummatini mag‘firat qilinadi”, dedilar.

“Ey, Allohning Rasuli! U (oxirgi kecha) Qadr kechasimi?”-deyildi.

U zot: “Yo‘q. Lekin amal qiluvchi o‘z amalini bajarib bo‘lsa, ajrini unga to‘liq qilinadi”, dedilar. Ahmad rivoyat qilgan.

Bu hadisi sharifda ro‘zador kishi bir oy mobaynida qilgan ibodatlari sababli erishgan ajr va savoblari unga Ramazoning oxirgi kechasida to‘liq qilib berilishi haqida aytilmoqda.

Yuqoridagi hadisi shariflardan Ramazon oyining oxirgi o‘n kuni naqadar fazilatli ekani barchamizga ma'lum bo‘ldi. Shunga ko‘ra, barchamiz bu ulug‘ kunlarni g‘animat bilib, savoblarimizni ko‘paytirib, gunohlardan poklanib olishga harakat qilaylik. Zero, Ramazonning ham sanoqli kunlari qolyapti. Bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarib, keyin afsuslanib yurmaylik. Alloh taolo bu ulug‘ oy sababidan barchamizning gunohlarimizni kechirsin, savoblarimizni ko‘paytirib bersin.

Madaminov Shokirjon
“Ko‘kaldosh” Toshkent o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Mavzuga oid