Sport | 21:40 / 24.10.2017
33480
7 daqiqa o‘qiladi

«Kuchli uchlik»ka qarshi. Yana kimlarni eng zo‘rlar deb tan olishdi?

Foto: FourFourTwo

FIFA talqini bo‘yicha yilning eng yaxshi futbolchisiga ovoz berish jarayoni yakunlari e'lon qilindi.

Unda terma jamoalarning murabbiylari va sardorlari, shuningdek ommaviy axborot vositalarining mashhur jurnalistlari ishtirok etdi.

So‘rovnoma yakuniga ko‘ra, «Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu 43,16 % ovoz to‘plab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. «Barselona» yetakchisi Lionel Messi (19,25 %) ikkinchi va uning sobiq jamoadoshi Neymar (6,97 %) uchinchi o‘rinni egalladi.

Tabiiyki, o‘tgan mavsumning qahramonlari bo‘lmish bu uch nafar futbolchi boshqalarga qaraganda birinchi o‘ringa ko‘proq loyiq ko‘rildi.

FIFA o‘z rasmiy saytida kim kimga ovoz berganini e'lon qilganidan so‘ng, qiziq holatlarga duch keldik.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘tgan mavsumda Ronaldu, Messi yoki Neymardan ham yaxshiroq o‘yin namoyish qilgan boshqa futbolchi borligiga ishonadiganlar bir talay ekan.

Keling, ularning o‘ziga xos xit-paradi bilan tanishamiz.

Foto: Getty Images

Eden Azar (1 marta birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi)

Belgiya terma jamoasi ustozi Roberto Martines fikriga ko‘ra, «Chelsi»da to‘p surayotgan uning shogirdi dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga loyiqdir. Azar o‘tgan mavsumda jamoasining APL g‘olibligini qo‘lga kiritishiga salmoqli hissa qo‘shgan edi.

Foto: Getty Images

Manuel Noyyer (2)

«Bavariya» va Germaniya terma jamoasi posboni o‘tgan mavsumni ham yuqori saviyada o‘tkazdi. Polsha terma jamoasi sardori va uning jamoadoshi Robert Levandovski va Tailand termasi sardori Thamsatchanan Kavin aynan unga o‘z ovozini bergan.

Foto: Getty Images

Robert Levandovski (2)

«Bavariya» va Polsha terma jamoasi hujumchisi uchun o‘tgan mavsum yaxshi kechdi: Germaniya chempionatining to‘purarlari safidan joy oldi, shuningdek JCh-2018 saralashi Yevropa qit'asida urilgan gollar soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Shu sbabli bo‘lsa kerak, Beliz bosh murabbiyi Richard Orlovski va Polsha terma jamoasi ustozi Adam Navalka uni dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb hisoblamoqda.

Foto: Getty Images

Zlatan Ibrahimovich (2)

«MYu» klubining shvetsiyalik hujumchisi o‘tgan mavsumda APLdagi yorqin o‘yinlari bilan e'tibor qozondi. Futbolchi jamoasi bilan Yevropa Ligasida ham g‘alaba qozondi. Ikki nafar shaxs fikriga ko‘ra, Zlatan dunyoning eng yaxshi futbolchisidir - Xitoy Taypeyi sardori Chen Yi Vey va Nepal sardori Maharjan Biraj.

Foto: Getty Images

Keylor Navas (2)

«Real»ning kostarikalik darvozaboni Keylor Navas dunyoning 2017 yildagi eng yaxshi futbolchisidir. G‘alati eshitilyaptimi? Ammo Kosta Rika terma jamoasi sardori Brayan Ruis va bosh murabbiy Oskar Ramires aynan shunday fikrda.

Foto: Getty Images

Luis Suares (3)

Urugvay terma jamoasi va «Barselona» hujumchisi Luis Suaresni uch nafar shaxs dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb hisoblamoqda.

Ular - Urugvay terma jamoasi sardori Diyego Godin, Bangladesh terma jamoasi bosh murabbiyi Ord Endryu va «Barselona» yetakchisi Lionel Messi!  

Leoning bu tanlovi biroz ajablantirishi mumkin, ammo Neymarning PSJ klubiga o‘tib ketishi, uning avvalgi fikrini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images

N'Golo Kante (3)

Uch nafar shaxs fikriga ko‘ra, «Chelsi» va Fransiya terma jamoasi yarimhimoyachisi N'Golo Kante o‘tgan mavsumning eng zo‘r futbolchisidir. Ular Belgiya sardori va Kantening jamoadoshi Eden Azar, Bahamas orollari sardori Flyor Lesli va Dominika yetakchisi Bertran Evklid.

Foto: Getty Images

Per-Emerik Obameyang (3)

Gabonlik futbolchini dunyoning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan sovringa loyiq deb uch nafar shaxs hisoblamoqda. Ular Barbados sardori Mario Harte va bosh murabbiyi Muhammad Ahmad, shuningdek Hindiston terma jamoasi ustozi Konstantin Filip

Foto: Getty Images

Luka Modrich (3)

«Real» va Xorvatiya terma jamoasi yetakchisi Luka Modrich har doimgidek mavsumni yuqori saviyada o‘tkazdi.

Lukaning eng yaxshi futbolchi ekaniga shubha qilmaydiganlar orasida Mavritaniya sardori Bryu Kevin, Shotlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi Gordon Strakan va diqqat (!) «Real» yetakisi Krishtianu Ronaldu ham bor.

Foto: Getty Images

Serxio Ramos (5)

Ispaniya terma jamoasi sardori va «Real» yetakchilaridan biri o‘tgan mavsumni yorqin tarzda o‘tkazdi. Shu tufayli bo‘lsa kerak, 5 nafar shaxs uni dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb hisoblagan - Beliz sardori Elroy Smit, Hindiston sardori Sunil Chhetri, Yangi Kaledoniya sardori Vakanumunu Joel, Ispaniya va Uels terma jamoalari ustozi Xulen Lopetegi bilan Kris Koulman.

Foto: Getty Images

Janluiji Buffon (5)

«Yuventus» va Italiya terma jamoasining 39 yoshli posboni Janluiji Buffon Chempionlar ligasida g‘alaba qozonsa, shubhasiz dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishi mumkin edi. Ammo nasib qilmadi...

Biroq, bu sovrinsiz ham uni eng yaxshi deb hisoblovchilar bir talay - Marokash sardori Elmutaki Mahdiy, Falastin sardori Abdulatif Albahdariy, Trinidad va Tobago sardori Bato Sheldon, Xitoy Taypeyi bosh murabbiyi Kuroda Kadzuo va Makao bosh murabbiyi Chan Xyu Ming.

Foto: Getty Images

Toni Kroos (6)

«Real» va Germaniya terma jamoasining yarimhimoyachisi Toni Kroos o‘tgan mavsumda dunyoning eng yaxshi futbolchisiga loyiq o‘yin namoyish qildi. Shunday fikr tarafdorlari orasida bundestim sardori Manuel Noyyer va bosh murabbiy Yoaxim Lyov bor.

Bundan tashqari, Lyuksemburg sardori Mutch Mario, Gretsiyaning germaniyalik ustozi Mixael Shkibbe, Norvegiya bosh murabbiyi Per Hansen, Ruminiyaning germaniyalik murabbiyi Kristof Daum ham bu fikrga 100% qo‘shiladi.

Mavzuga oid