O‘zbekiston | 19:50 / 18.01.2018
63231
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonda halok bo‘lganlarning oila a'zolariga hamdardlik bildirdi

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan, ko‘plab o‘zbekistonliklarning o‘limiga olib kelgan fojia munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

«Shavkat Mirziyoyev halok bo‘lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi», — deyildi «O‘zbekiston» telekanali «Axborot» dasturida.

Bugun, 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Akto‘be viloyati Irg‘iz tumani hududidan o‘tuvchi «Samara-Chimkent» avtomobil yo‘lining 1068 kmda Kaliboy aholi yashash punktidan 10 km uzoqlikda «Ikarus» rusumli avtobus yonib ketdi. Ushbu ikki qavatli avtobusda jami 57 kishi bo‘lgan, faqat 5 kishi undan chiqa olgan, qolgan 52 kishi halok bo‘lgan. Hozircha halok bo‘lganlarning shaxsi aniqlanmagan.

Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Qozog‘istonda ko‘plab o‘zbekistonliklarning halok bo‘lishiga olib kelgan fojia sabablarini o‘rganish yuzasidan bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida hukumat komissiyasi tashkil etilgan. Ayni vaqtda ushbu komissiya Aqto‘be shahriga uchib ketgan.

Maxsus hukumat komissiyasiga Qozog‘iston vakillari bilan hamkorlikda sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat sabablarini o‘rganish, mamlakat fuqarolari shaxsini aniqlash vazifalari yuklatilgan.

Shuningdek, komissiya halok bo‘lganlarning tanalarini mamlakatga olib kelish, ularning oilalariga zarur yordamni ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Mavzuga oid