O‘zbekiston | 18:40 / 18.01.2018
14889
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya TIV rahbari O‘zbekistonga hamdardlik bildirdi

Foto: Anadolu

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Qozog‘istonda yo‘lovchi avtobus yonib ketishi oqibatida 52 kishi halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Mavlud Chovusho‘g‘li o‘zining Twitter’dagi sahifasida 52 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan mazkur fojia uni chuqur qayg‘uga solganini ta'kidlagan.

«Men qardosh O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlariga hamdardlik bildiraman», deya yozgan vazir.

Bugun, 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Akto‘be viloyati Irg‘iz tumani hududidan o‘tuvchi «Samara-Chimkent» avtomobil yo‘lining 1068 kmda Kaliboy aholi yashash punktidan 10 km uzoqlikda «Ikarus» rusumli avtobus yonib ketdi. Ushbu ikki qavatli avtobusda jami 57 kishi bo‘lgan, faqat 5 kishi undan chiqa olgan, qolgan 52 kishi halok bo‘lgan.

Qozog‘iston Respublikasi IIV qurbonlarning barchasi Rossiyaga ketayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bo‘lganini ma'lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi FVV «qurbonlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham borligi» to‘g‘risida ma'lum qildi.

Mavzuga oid