O‘zbekiston | 18:10 / 20.01.2018
102324
10 daqiqa o‘qiladi

«Olovda ko‘rinar kulgan surating». Aqto‘be qurbonlariga marsiyalar

18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be oblastida Rossiyaga ketayotgan o‘zbekistonliklar mingan avtobus yonib ketdi. Hodisa oqibatida 52 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi.

Mazkur fojiadan keyin ijtimoiy tarmoqlar motamga burkandi, barcha marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildirmoqda. Marhumlar xotirasiga marsiyalar, bag‘ishlovlar yozilmoqda.

Valijon To‘raqulov. «Ellik Ikki»

- «52»! 
Naqadar,
omadsiz sonsan,
Turishing eslatar qop-qora kulni.
Ayblama, ne qilay qiyshiq qomating, 
Eslatib yuborsa qujragan gulni, 
(Zor-zor yig‘layotgan 52 tulni.)
- «52»!
Qo‘rqaman,
sendan yomonam,
Endi darslardan ham ololmam «5»lar.
Qon kabi qizargan ruchka uchlari,
Yarador yurakka bigizin nishlar.
(Gullar bilan qolgan yetim g‘unchalar...
Bog‘boni yo‘q gulga qiyin bunchalar?!)
- Oh bolam, sen uchun nonlar yopolmam, 
Olovda ko‘rinar kulgan surating. 
Ketmasang bo‘lardi olis yurtlarga, 
Yerda qolmas edi qora mehnating.
(O‘lgach qadring oshdi, topding izzating. 
Uchoqlarda qaytding, «oshib hurmating»!)
Sochimda oq qirov, ichimda olov,
Hatto maza yo‘qdir tuzsiz oshimda.
Sen emas, men borsam bo‘lmasmi edi?
Tashlab ketding bolam ellik yoshimda,
(Yetim omonating qoldi boshimda.
O‘g‘ilchang o‘ynaydi qabr toshingda!)
Olam to‘lib ketdi ohu-nolamdan,
Robbim rozi bo‘lgin «mardkor» bolamdan!

Otabek Tillayev. Yig‘i

Rohat izlab yo‘lga chiqilmas, zotan,
Daraxtday bir joyda ko‘karar kishi. 
Dunyo jallod kabi ko‘rinar ekan
Jonni g‘ajib tursa ro‘zg‘or tashvishi.

Qozoqdashtda izg‘ir izg‘irin fasli,
Izlar isinmoqqa ajal ham o‘tin.
Ellik ikki jonning faryodi asli
Avtobusdan chiqqan qop qora tutun...

Butun bir umrni sharhlaydi bir zum
Dahshat ichra qotib qolganda ko‘zlar.
Olovlarga tomdi ko‘zyoshlar yum-yum,
Falakka sanchildi jizg‘onak so‘zlar.

Ortda qolgan yurtda chirqirar beshik,
Yig‘laydi kelinchak – bir yostig‘i bo‘sh...
Ingranar yo‘l qarab mung‘aygan eshik,
Ota yoqavayron, 
Ona faromush...

Ne ko‘rgulik qilding, ey qattol dayr,
Hayot – o‘lim sari otilgan paykon.
O‘tda yonib ketgan orzular, xayr,
Xayr, O‘zbekiston,
Xayr, Namangon!..

Nodir Jonuzoq. «Ellik uchinchi»

Sohilga otilgan asov to‘lqindek

Ko‘ngilga urilar har on bir xabar.

Bu olam bir lahza turolmas tinch-tek,

Har bir soniyaning mag‘zida xatar.

Yo Rabbiy!

Borlig‘im bo‘ldi jizg‘anak,

Boshdan oyog‘imga yugurdi olov –

Go‘yoki do‘zaxga irg‘itdi Falak...

Bir avtobus odam yonibdi lov-lov!!

«Oh!» dedim –

Jonimdan sachradi ming cho‘g‘,

Ko‘zimni qopladi qop-qora tutun.

Ellik ikkitamas kuyganlar, yo‘q, yo‘q,

Mening ham tiynatim kul bo‘ldi butun!

Odamxo‘r alanga yondi-yu so‘ndi,

Men-chi, hali uzo-oq yonib-tutayman.

Bu o‘tli azobning ko‘rinmas so‘ngi,

Lovullagan dilni kimga tutay man?!

Ko‘ksimga qamalib, o‘rlaydi yong‘in,

Imon gulxanida gur yonaman, rost:

«Otashli yo‘llarda kuyib oyog‘ing,

Ayt, kimni olovdan aylading xalos?!

Balki sen dardidan yuz burgan o‘smir

Musofir to‘rvasin bo‘yniga ilmish.

Maslagingdan bo‘lib hafsalasi pir,

Yetti yot «pir»larni xaloskor bilmish.

Gung, soqov qalbingdan qaytmay aks-sado,

Mavhum manzillarga burmish yo‘lini.

Sarguzasht, yo ermak, yo kayfu safo

Izlab kezmagandir qozoq cho‘lini!?

Aybingni tan olgin, ey so‘qir banda,

Balki bor jurmingdan kechgay mushfiq Zot – 

Jahannam o‘tini bilmassan anda,

Lekin to tiriksan, kuygaysan bot-bot!»

Ne deyin?!

Na uzr, na tavba qalqon,

Ko‘zimdan sachraydi telba yolqinlar.

Tomirimda qaynab pishqiradi qon,

Gunohim bo‘ynimda – mayli, yoqinglar!

Dahshatli tush va yo qoramsir xayol

Misoli to‘zg‘isin o‘tparast qayg‘u.

Otashda cho‘milay samandar misol,

Kuygan ko‘ngillarga taskin bo‘lsa bu.

Qorong‘u qalblarga insa bir ziyo,

Qay o‘ksik dillardan chekinsa alam...

Lang‘illab turibdi tandirday dunyo,

Qovrilib yotibdi qozonday olam.

Chaqmoqlar zabtidan chatnayapti Ko‘k,

Vulqon lava tutar, qani, iching-chi...

Ellik ikkitamas yonganlar, yo‘q, yo‘q,

Olovsiz yonganlar – ellik uchinchi!

Xaloyiq!

Zamin – zo‘r avtobus, ulkan...

Asraylik – haq yo‘ldan tonib ketmasin.

Toki tengsiz olov, dahshatli gulxan –

Quyosh tegrasida yonib ketmasin!!


Noma'lum muallif. Jon bolam

52 bolang yondi daf'atan,
E, voh, kulga qanday o‘raysan kafan.
Ona bo‘l, boshinga oq ro‘moling yop,
Ota bo‘l, belingni bog‘la, jon Vatan!

Samolar zirillab ketdi faryoddan,
Darvoza ochildi to‘g‘ri Jannatdan,
Og‘a bo‘l, Yelkanga tobutlarni ort,
Singil bo‘l, dod solib yig‘la jon Vatan!

O‘zbegim, sen qachon qochding mehnatdan,
Qayga ketmoq bo‘lding og‘ir qismatdan!
Shahidlar shaxriga aholilaring,
So‘ngi karvonlarga mindir jon Vatan!

Nogoh alangaga burkanganda tan,
Kalima keltirib ulgurdimikan.
O‘zbekman deganning jon yuragidan,
52 qabr kavla jon Vatan!

Biri o‘g‘lonmidi kuyov bo‘lmagan,
Biri yigitmidi farzand ko‘rmagan.
Yoki yetim qolgan go‘daklarining,
Ko‘zlariga qanday qaraysan, Vatan!

Musofirlik faqat o‘zbekdamikan,
Bizning kamimiz bor qaysi millatdan.
Berma bolalaring alangalarga,
Bevaqt ajallarga berma, jon Vatan!


Abduvohid Suvonov. Xayrlashmay ketdimda Ona...

Musofirlik chorladi meni,
O‘zga yurtga bo‘ldim ravona.
Bolajonim kutmagin meni,
Vidolashmay ketdimda Ona ...

Yo‘l qarama, kelmaydi bolang,
Shamoldayin yelmaydi bolang.
Kecha, kunduz kuyganing bilan,
Foyda bermas, ming arzu nolang.

Risqim terib kelmoqni ko‘zlab,
Bolamga to‘y bermoqni ko‘zlab.
Qizim bo‘yi yetib qoldi deb,
O‘g‘limga o‘y qurmoqni ko‘zlab.

Senga borsa bu achchiq xabar,
Xayr - xush qol,
Ey mungli dilbar.
Alvido deb sukut tortma jim,
Yo‘lda tugar so‘nggi nafasim...

«Unday dema o‘lmagandirsan,
Ochilmayin so‘lmagandirsan.
Ollov yonib kulga aylandi,
Balki shu choh, bo‘lmagandirsan»...

Kechir Otam,
Kechir Onajon.
So‘nggi yo‘lda bo‘ldim ravona,
Bir so‘zgina yurakda isyon,
Xayrlashmay ketdimda Ona ...

Kunin ko‘rar, tirik bo‘lsa jon,
Mendan rozi bo‘ling Onajon!

Xayrulla Hamidov. «O‘tinch»

Xayrulla Hamidov. «O‘tinch»

Ellik ikki taraf taraldi ohim,

Ellik ikki vujud - yurakda dog‘im...

Bu foniy dunyoda o‘tda yondilar,

Boqiy olovidan asra, Allohim!

Elim chorasizdir, giryona boqmish,

Har taraf cho‘g‘ bosgan, dillarni yoqmish.

Ko‘zlarki qip-qizil gulshanda oqmish...

Boqiy olovidan asra, Allohim!

Sendan o‘tinamiz, benuqson O‘zing,

Har neni bor etgay Bo‘l degan So‘zing:

Ne azob chekmishlar, bilasan O‘zing,

Boqiy olovidan asra, Allohim!

Faryodlar samoni teshib yordilar,

Bu qanday yuk bo‘ldi, qalbga ortilar?!

...Sening huzuringga yonib bordilar,

Endi do‘zaxingdan asra, Allohim!

Noma'lum muallif. Ellik ikki pahlavon

Ellik besh nafar inson
Yo‘lga chiqdi izlab non.
Muhtojlik majbur etdi,
Bo‘lsa hamki qahraton.

Ellik besh zabardast jon,
O‘ylamang: ular - nodon.
Nochorlikdan ko‘nishgan -
Avtobus edi arzon.

Ellik besh o‘zbek o‘g‘lon
(Ko‘zlangan manzil - Qozon)
Bilishmasdi: Oqto‘be
Bo‘lishin so‘nggi makon.

Yong‘in chiqqani hamon,
Boshlandi ko‘p to‘polon.
Taqdir ilohiy ekan -
Uch kishi qoldi omon.

Ellik ikki navqiron
Yonib ketdi beomon.
Aza ochdi Kosonsoy,
Motamda To‘raqo‘rg‘on.

Ellik ikki yosh o‘g‘lon
Kulga aylangan zamon,
Farzand dog‘ida yondi
Ellik ikki onaxon.

Ellik ikki pahlavon
Vafot etgani hamon,
Unsiz faryod qiloldi
Ellik ikki otaxon.

Ellik ikki qahramon
Olov ichra berdi jon.
Bo‘zlab, sochi oqardi
Beva qolgan ko‘p juvon.

Ellik ikki nafar jon,
Uchganda jannat tomon.
Yetim nomini oldi,
Bilmam, qancha bolajon.

Ellik ikki - katta son,
Lekin emas ilk qurbon.
Yana yuzlab tobutlar
Xorijda bo‘lgan sarson.

Tiriklay yondi inson,
Yo‘lga chiqib izlab non.
Motam tut, bu ahvolga
Yig‘la, ey O‘zbekiston!

Ellik ikki musulmon
Bittada bo‘ldi qurbon.
Duo qiling ortidan,
Bag‘ishlang, o‘qib Qur'on.

Beshak, Alloh - mehribon.
Duodan tinmas zabon:
Shahidlarga rahm qil,
Bizga sabr ber, Rahmon!

Mavzuga oid