O‘zbekiston | 17:30 / 23.01.2018
96441
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda O‘zbekistonning 58 fuqarosi mingan avtobus qutqarib qolindi

Foto: Illyustrativ surat

O‘zbekistonliklar mingan avtobus Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida qutqarib qolindi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.

Pavlodar hokimiyati tarqatgan ma'lumotlariga ko‘ra, yo‘lovchi avtobusi Toshkentdan Krasnoyarsk tomon ketayotgan bo‘lgan. Transport vositasi qattiq sovuqqa dosh bermay, Pavlodar viloyatidagi Shchederti posyolkasi oldida ishdan chiqqan. Bu vaqtda avtobusda 57 yo‘lovchi va haydovchi bo‘lgan.

Pavlodar IIB favqulodda holatlar departamenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzlab borayotgan transport vositasidagi odamlar qutqarilib, Shchederti posyolkasidagi isinish punktiga joylashtirilgan. Shundan so‘ng, isitilgan avtobus va yo‘lovchilar Pavlodargacha kuzatib borilgan.

«Avtobus Pavlodargacha o‘zi yurib bordi. Haydovchi va yo‘lovchilar darhol Pavlodardagi 1-sonli avtobus saroyining issiq xonalariga joylashtirildi. Ular uchun issiq ovqat va yotoq tashkillashtirildi», — degan Pavlodar hokimi apparatining favqulodda holatlar, fuqaro mudofaasi va mobilizatsiya tayyorgarligi bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Rizabek Ashirbekov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchilar orasida ayol kishi ham bor, u turmush o‘rtog‘i bilan Rossiyaga safar qilmoqda. Qutqaruvchilarning qayd etishlaricha, agar yaqin orada aholi punkti bo‘lmaganida yo‘lovchilar muzlab qolishlari ham mumkin edi.

Buzilgan avtobus ayni vaqtda Pavlodardagi 1-sonli avtobus saroyi boksida turibdi.

«Avtobus saroyi ishchilari texnik nosoz avtobusni ta'mirlashda amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Aniqlanishicha, avtobusning kompressori ishdan chiqqan. U ta'mirlangach, avtobus yo‘lida davom eta oladi. Mahalliy politsiya xizmati vakillari uni Rossiya chegarasigacha kuzatib qo‘yishadi», — degan Ashirbekov.

Bundan avvalroq Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatida O‘zbekistonning 43 fuqarosi bo‘lgan Van Hool markali avtobusga yo‘lda dizel yoqilg‘isi muzlab qolganida yordam ko‘rsatilgani haqida xabar berilgandi.

Ayni damda Oqmo‘la viloyatida kuchli sovuq harorat sabab jamoat transporti uchun barcha yo‘nalishlarda avtoyo‘llar yopilgan, yo‘l-patrul politsiyasi xodimlari kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda.

FVV Qozog‘istonga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi

18 yanvar kuni yuz bergan Aqto‘be fojiasidan keyin Qozog‘iston Investitsiyalar va rivojlanish bo‘yicha vazirligi huzuridagi transport qo‘mitasi IIV ma'muriy politsiyasi bilan birgalikda «Avtobus» tezkor-profilaktik tadbirni o‘tkazmoqda. Tadbir doirasida Qozog‘istonda reys bo‘yicha qatnovchi barcha avtobuslar holati tekshiriladi.

Mavzuga oid