Jamiyat | 18:41 / 27.01.2018
169985
10 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘be fojiasiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv: Qabristonda do‘ppaygan mardlar gumbazi

Bu hayotiy dunyoda hech bir tirik jon o‘z yaqinini yo‘qotmasin ekan. Keng olam tor bo‘lib qoladi, butun orzu-rejalar tumandek tarqalib ketadi, inson ruhiyati qup-quruq bo‘shliqqa tushib qoladi. Agar bu yo‘qotish farzand bo‘lsa-chi?.. Bu ulkan musibatni hayolga keltirishning o‘zi kishini dahshatga soladi.

KUN.UZ tahririyati jamoasi Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida yuz bergan fojiada halok bo‘lgan yigitlarning xonadonlariga tashrif buyurib, ularning ortidan bo‘zlab qolgan ota-onalari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. G‘amlariga sherik bo‘ldi. Shu asnoda ta'ziya egalari bilan suhbatlashib, marhumlarning qanday inson bo‘lganliklari, hayotdagi rejalari va bunday xatarli safarga otlanishlariga nima sabab bo‘lganini yaqindan bilish maqsadida ko‘rsatuv ham tayyorlandi. Bu ko‘rsatuvni tayyorlashning o‘zi og‘ir kechdi, chunki har bir ta'ziyali xonadonda bo‘lib, musibat egalari bilan suhbatlashish, yosh to‘la ko‘zlarga, mahzun yuzlarga qarash juda og‘ir kechdi.

 - Rossiyaning Qozon shahrida ishlaymiz, qurilishda ish bor, oyiga 400-500 dollar pul topsa bo‘larkan deb qishloqdagi yigitlar ishlagani ketgan edi, - dedi ham kuyovi, ham jiyanini qora yerga topshirgan ta'ziyali xonadon sohiblaridan biri. – Ammo bu qishlog‘imiz uchun juda katta yo‘qotish bo‘ldi. 16 ta xonadonda aza. Ayrimlarida ikkitadan farzandlar, qarindoshlar halok bo‘lishgan. Bu halokatda nobud bo‘lgan kuyovimning ikki farzandi bor edi, ular yetim qoldi. Tanasi boshqa dard bilmas, deyishadi-ku, bizdan nima o‘tayotganini ta'riflab berishga til ojiz hozir...

Ota yig‘lamasin ekan. Hech narsani o‘ziga olmaydigan otalar, farzand dog‘ida mo‘ng‘aygancha ko‘z yosh to‘kishlari kishi qalbini titratib yuboradi. O‘z o‘g‘lidan ayrilgan Umarali To‘rayev shunday deydi:

- Alloh menga farzand atalmish ne'matni bergan edi, uni yana o‘zi qaytarib oldi. Mening qo‘limdan nima ham kelardi. Bolam chet davlatga ishlagani ketmoqchi bo‘lganida, “Qo‘ygin o‘g‘lim, qish keldi. Boriga shukr qilib, sabr qilib o‘tirgin, kunlar isib ketsa, bir gap bo‘lar”, deganimda, “Ota, siz duo qilsangiz bo‘ldi, biroz ishlab kelay”, deb ketgandi. Uni o‘shanda so‘nggi bor ko‘rib turganimni bilmagan edim... Uchta bolasi yetim qoldi.

Allohdan so‘rab olgan bir o‘g‘lidan ayrilib qolgan, bu musibatdan olam-jahonga sig‘may ketayotgan Jamila Soliyeva ko‘zlarida yosh bilan bolasining jasadini O‘zbekistonga olib kelganlarga rahmat aytib, farzandining kamolini ko‘ra olmaganidan oh chekib, faryod urdi. 

- O‘g‘limni olib kelishganida ko‘rdim, huddi halok bo‘lgan askarlardek yotibdi. Jasadi u yerlarda qolib ketsa, men nima qilardim? Endi men o‘lsam, chirog‘imni kim yoqadi?.. – deb yig‘ladi mushtipar ona.

Otalar, onalar, amakiyu tog‘alar, umuman, butun millat boshiga kulfat olib kelgan, qalblarni titratgan, barchani jim o‘ylantirgan bu mudhish voqeaga nima sabab bo‘ldi? Nega hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan yigitlar, uylanganiga hali endigina besh oy bo‘lgan kuyovlar, bolalarining kamolini ko‘ra olmagan yosh otalar o‘z Vatanlarini tashlab, musofirchilikka, mardikorchilikka yo‘l olishdi, tiriklayin yonib ketishdi?..

- O‘g‘lim uch-to‘rt yil chet elda ishlab kelib, o‘ziga yarasha uy-joy qildi. Keyin o‘zimizda, oilasi bag‘rida ishlashni lozim topib, shu yerdan ish qidirdi, - deydi Ahmadali Mamadaliyev. – Shu maqsadda, mahallaning bolalari bilan To‘raqo‘rg‘onda ochilgan turk firmasiga ish so‘rab bordi. Telefon raqamlarini olib qolishib, o‘zimiz qo‘ng‘iroq qilamiz, deb aytishibdi. Lekin qo‘ng‘iroq qilishmadi. Ikki-uch marta borib keldi, lekin natija bo‘lmadi. Firmadagilar tanish-bilish qilibmi, boshqalarni ishga olishganini sezganidan so‘ng, xafsalasi pir bo‘lib, chetga ishlashga ketdi. Ko‘payishsam, aqiqa to‘yi qilaman deb niyat qilgan edi.

 - O‘g‘lim armiyada xizmat qildi. Jizzaxda chegarada turdi. Harbiy sohaga qiziqishi o‘ta yuqori bo‘lgani uchun harbiy xizmatchi bo‘lib ishlashni istadi, ammo uni olishmadi. Sababi men, otasi Rossiyaga chiqib kelgan ekanman. 2006 yilda u yerga borib, ishlab kelgandim. 24 yoshida orzulari o‘lgan bolam, Rossiyaga borib ishlashga ahd qilgan edi, - deydi ham o‘g‘lidan, ham ukasidan ayrilgan musibat egasi.

- Men ikkita farzandimdan ayrilib qoldim. Biri uylangan, 23 yoshda, ikkinchisi esa hali chimildiq ko‘rmagan 21 yoshda edi, - deydi jabrdiyda otalardan biri. – Besh nafar farzandim bor. Ularga uy-joy qilish kerak. tegishli joylarga yer so‘rab chiqdik, ammo berishmadi. Shuning uchun bolalarim pul yig‘ib, uy-joy qilish uchun chet elga ishlagani ketishdi. Bu yerda topganlari qorinlaridan ortmasdi. Mana, kattasidan besh oylik norasida bola yodgor bo‘lib qoldi...

Ha, ish o‘rinlarining yetishmasligi, maoshlar kamligi, byurokratiya va bu yo‘nalishdagi yana qator kamchiliklar, to‘siqlar, illatlar sabab yosh, kuch-g‘ayratga to‘la, shu Vatan ravnaqi uchun jonini jabborga beradigan azamat yigitlar qurbon bo‘lishmadimi? Davlat rahbari bu fojiaga munosabat bildirar ekan, aynan mana shu sabablarni bejiz tilga olmadi. Haqiqatda ham shunday.

Bu fojiaga Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov qanday munosabatda bo‘ldi? Tahririyat jamoasi mazkur safar chog‘ida viloyat rahbari bilan suhbatlashdi.

- Bu fojia nafaqat namanganliklarning, balki butun o‘zbek millatining boshiga tushgan musibat bo‘ldi. Bu voqea qachondir kuzatilishi mumkin edi. Chunki, yashirishning hojati yo‘q, odamlarimiz yillar davomida tirikchilik maqsadida chet ellarga chiqib ishlab kelishi odat bo‘lib qolgan edi. Biz bunga bee'tibor bo‘lganmiz. Bu mudhish voqea barchamizning ko‘zimizni ochdi. Prezidentimizning topshiriqlariga binoan Namangan viloyatida migratsiyaning kamaytirish, sanoat, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarni rivojlantirish hisobiga yangi ish o‘rinlarini tashkil etish harakatlari olib borilmoqda. 2017 yilda 75 ming namanganlik Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga ishlagani ketishgan bo‘lsa, o‘sha yilning o‘zida u yerlarda ishlayotgan 120 ming fuqaro vataniga qaytib kelgan.

Bu fojia meni larzaga keltirdi. Har bir ta'ziyali xonadonda bo‘lib, ota-onalarga hamdardlik bildirildi, suhbatlashildi. Aslida, bu fojiga biz rahbarlarning aybimiz katta. Ish o‘rinlarini yaratish bilan bog‘liq ishlarimiz sust ekanligini, bugungi sharoitda bu harakatlar yetarli emasligini yaqqol ayon bo‘ldi. Endi viloyatdagi har bir ishsiz fuqaro bilan shug‘ullanib, uni manzilli ish o‘rni bilan ta'minlash borasida yangi dastur ishlab chiqamiz, - dedi Xayrulla Bozorov.

Alloh taolo o‘zining muqaddas kalomi Qur'onda shunday marhamat qiladi: «Har bir jon o‘limni totguvchidir. Va Qiyomat kunida hech shak-shubhasiz ajr-savoblaringizni komil suratda olursiz. Bas, kim do‘zaxdan chetlatilib, jannatga kiritilsa, muhaqqaq (baxt-saodatga) erishgay. Bu hayoti dunyo esa aldaguvchi matodir» (Oli Imron surasi, 185-oyat). Va yana Luqmon surasining 34-oyatida shunday deyiladi: «Biron jon ertaga nima ish qilishini bila olmas. Biron jon qay yerda o‘lishini ham bila olmas». Bu butun olamlar Rabbisi tomonidan o‘z bandalariga yuborgan eslatmasi, nasihati va berayotgan ilmidir. Hayotiy dunyoda yashar ekanmiz, bu oyatlarning qanchalik haqiqat ekanligiga amin bo‘lib boramiz.

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi fojiada halok bo‘lganlar voqeasi mana shu oyatlar haqida tafakkur qilishga undaydi. Bugun bu halokat tufayli musibat yetgan xonadonlar g‘amga botgan. Farzandlari, aka-ukalari, jiyanlari, qarindoshlari, do‘stlari haqidagi xotiralar ular qalbini qayta-qayta ezaveradi. Taqdiri ilohiyga ko‘nmay ilojimiz yo‘q. Musulmonchilikning sharti ham ana shunday. 

YouTube

Tas-IX

KUN.UZ tahririyati jamoasi yana bir bor marhumlarning yaqinlariga Yaratgan sabru jamil tilab qoladi va shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, tahririyat tomonidan Qozog‘istondagi fojia qurbonlarining oila a'zolariga yordam berish maqsadida maxsus xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda. Ushbu xayriya aksiyasi haqida qo‘shimcha ma'lumotlar bilan ushbu havola orqali yaqindan tanishish imkoni mavjud.

O‘zbekistondan xayriya qilmoqchi bo‘lgan insonlar uchun: 

8600 0417 3756 6308 –  Click / Payme
Asqarov Mahsudjon

Rossiyadan xayriya qilmoqchi bo‘lgan insonlar uchun: 

4276 3801 1901 0663 - Sberbank
Ibrohim G‘aniyev

Koreyadan xayriya qilmoqchi bo‘lgan insonlar uchun: 

WOORI BANK (020) (우리은행)
1002-552-264384
KHUDAYNAZAROV BAKHROM

Telefon: 010-3046-1919

Mavzuga oid