Jamiyat | 16:40 / 28.01.2018
185289
3 daqiqa o‘qiladi

«Ginness​ rekordini yangilayman»​. Navoiylik o‘quvchi barchani lol qoldirdi​

Ulug‘ alloma va olimlarga beshik bo‘lgan yurtda yana shunday fozil kishilar tarbiya topmoqda. Kun.uz jamoasi noyob iqtidor egasi, yosh matematik Muhammadali bilan suhbat qurish maqsadida Navoiy viloyatiga yo‘l oldi.

13 yoshli Muhammadali Totliboyev ayni paytda Navoiy shahridagi 14-umumta'lim maktabida o‘qiydi. Uning tengdoshlardan ajralib turgan jihati shundaki, yosh o‘quvchi har qanday sonlar ustida arifmetik amallarni bir zumda bajaradi. Buning uchun Muhammadaliga hech qanday qog‘oz, qalam yo kalkulyatorning keragi yo‘q.

«Dastlab, mendagi tez hisoblash qobiliyati boshlang‘ich sinfni yakunlaganimda bilingandi. Avvaliga, ikki xonali sonlar tez ko‘paytirishni, keyinroq raqamlarning murakkabligi ham oshishi bilan tezkorligim ham rivojlandi», deydi Muhammadali.

Uning aytishicha, bu qobiliyatni ham rivojlantirish lozim, shunchaki muntazam mashq qilish, matematikaga bo‘lgan muhabbat barcha o‘quvchini u kabi iqtidorli bo‘lishiga yordam beradi.

«​O‘quvchilarga topshiriq bersam, Muhammadali bir daqiqaga qolmasdan barchasini yechib keladi. Keyinroq, u bilan muntazam mashg‘ulotlar o‘tkazishni boshladik. Kelgusida «Bilimlar bellashuvi» fan olimpiadasida g‘olib bo‘lishni niyat qilganmiz»​, deb samimiyat bilan so‘zlab berdi 14-umumta'lim maktabida faoliyat olib borayotgan matematika fani o‘qituvchisi Shohista Turdiyeva.

Yosh matematik kelgusida «​Ginness rekordlar kitobi»​ga kirishni ko‘zlayotganini bildirdi.

«Hozir aynan shu rekordni yangilash uchun doimiy mashqlarni olib bormoqdaman. Nasib qilsa, matematik amallarni miyada tezkor yechish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnataman», deb fikr bildirdi u.

Iqtidorli o‘quvchining otasi Qodirjon Oqbo‘tayevdan farzandlari bu qadar fanni yaxshi o‘zlashtirishiga nima sabab bo‘lganini so‘raganimizda, quyidagicha javobni oldik:

«Uyda bolalarimga televizorni kam ko‘rishini tavsiya etaman. Eng avvalo, ta'lim va tarbiya uyda shakllanadi, shunday ekan, uydagi muhit va sharoitni hozirlash mening burchim. Balki, shu tufayli, oilamiz bilan qishloqdan Navoiy shahriga ko‘chib keldik», deb eslaydi ota.

Biz yosh Muhammadali va uning yaqinlariga omad tilab, yurtimizda iqtidor va bilim sohiblarini qidirib yana yo‘lga ravona bo‘ldik.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

 

Mavzuga oid