Jamiyat | 17:51 / 19.06.2018
53827
4 daqiqa o‘qiladi

Urganchdagi bozorda yirik yong‘in - zarar miqdori 2 milliard so‘mdan oshiq

18 iyundan 19 iyunga o‘tar kechasi Xorazm viloyati markazi Urganch shahridagi «Urganch markaziy dehqon bozori»ning 2-blok yopiq binosida yong‘in chiqdi.

Natijada, yuzlab kv.m hududda joylashgan o‘nlab do‘konlar yong‘indan zarar ko‘rdi, 50dan ortiq tadbirkorlarning mol-mulki, mahsulotlari kuyib ketdi. Yetkazilgan zarar miqdori endi aniqlanadi, dastlabki tahlillarga ko‘ra uning miqdori 2 milliard so‘mdan oshgan. Yong‘inda jismonan jabrlanganlar yo‘q.

Yong‘in tungi soat 2-00larda boshlangan va tongga yaqin o‘chirilgan. Tadbirkorlar ertalab bino ichiga kiritila boshlagan. Ayni paytda ular do‘konlarini, savdo rastalarini tozalab, o‘z mollari va jihozlarini olib chiqib ketishmoqda.

Yong‘inning kelib chiqish sababi IIB tomonidan o‘rganilmoqda. Tadbirkorlarga yetkazilgan zararni aniqlash maqsadida ulardan arizalar olinmoqda. 

Hodisa elektr simlarining qisqa tutashuvi natijasida kelib chiqqani taxmin qilinmoqda. Bu haqda bir necha tadbirkorlar biz bilan bo‘lgan suhbatda gapirib berishdi.

Ismi sir tutilishini iltimos qilgan tadbirkor ayolning aytishicha, bozor ma'muriyati tomonidan yong‘in xavfsizligi qoidalari qo‘pol ravishda buzib kelingan. Xususan, yoz paytida noqonuniy savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan odamlarning muzlatgichlari elektr tarmoqlariga noqonuniy ulab berilgan.

«Mening o‘zimga bozor elektriklari bir necha marta iltimos qilishdi. «Bir odam sizning elektr hisoblagichingizga ulanib olsin, pulini sherikchilikda to‘laysizlar», dedi. Men sim erib ketadi deb rozi bo‘lmadim, shunda, tunda kelib, do‘konimga tushgan simga ulab berishibdi», - deydi u.

Shu binoda savdo qiluvchi boshqa bir do‘kon egasining so‘zlariga ko‘ra, faqat baxtli tasodif tufayli yong‘inda hech kim jismonan jabrlanmadi.

«Yong‘in tunda sodir bo‘lgan, shu tufayli hech kim jismonan jabrlanmadi. Agar kunduz kuni bo‘lganida ahvol qanday bo‘lishini hech kim bilmasdi. Bu bino ichida noqonuniy savdo qilayotgan va elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanib olganlarning ko‘pligi tufayli, oyoq bosgani joy qolmagandi. Hamma joy muzlatgich va sovutgichlar bilan to‘lib ketgan edi. Axir elektr simlari yoz paytidagi bunday yuklamani ko‘tara oladimi?!», - dedi u kuyinib.

Binodagi do‘konlarini aylanib ko‘rar ekanmiz, yong‘in xavfsizligi qoidalariga panja ostidan qaralganini, do‘konlardagi simlar ochiq holatda ekani, istalgan joyidan kesib, bir-biriga ulanganini, elektr hisoblagichlar ustiga esa qumrilar in qurib, bola ochayotganini ko‘rdik.

Xavotirli joyi shundaki, bozor hududida xuddi shunday yana bir yopiq bino - 1-blok mavjud. U yerdagi yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat kuyib ketgan binonikidan farq qilmaydi. 

Urganch shahri Markaziy dehqon bozoridagi bu yong‘in tasodif emas. U yillar davomida yig‘ilib kelgan muammolarning «mevasi»dir. Elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanishlar, yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslikning oqibati juda yomon bo‘lishi mumkin. Yaxshiyamki, bugun biz faqat moddiy zararni hisoblamoqdamiz, agar o‘z vaqtida bu muammolar bartaraf qilinmasa, bundan ham dahshatli fojia yuz bermasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid