Mashina olish savdosi yoxud XXI asrning o‘ziga xos «ajoyibotlari»
Tahririyatimizga Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi fuqaro qo‘ng‘iroq qilib, fuqarolar sarson-sargardon bo‘layotgani haqidagi muammo bo‘yicha o‘z mulohazalarini yo‘lladi.
«Yaxshi niyatlar bilan avtotransport xarid qilgan edim, rasmiylashtirish uchun tumandagi Oq-ota massivida joylashgan notarius idorasiga bordim. Hujjatlarni qabul qilib olgan notarius yordamchisi to‘lovni amalga oshirish uchun qog‘ozchani uzatar ekan «To‘ytepaga borib to‘lab keling» dedi. Notarius idorasi joylashgan joydan Nurafshon («To‘ytepa» shaharning avvalgi nomi bo‘lib, hozirda ushbu shahar Toshkent viloyatining rasman tan olingan markazi hisoblanadi) shahargacha o‘rtada sal kam 20 kilometr masofa borligini bilganim uchun avvaliga xodim - yo yanglishdi yoki hazillashyapti, deb o‘yladim. Aniqlik kiritishga jazm etdim va savolimga to‘lov aynan «Xalq banki»ning Nurafshon shahridagi filialida amalga oshirilishi lozimligi haqidagi aniq javobni oldim. Javobga qo‘shimcha qilar ekan, xodima buni «Xalq banki»ning joylardagi shoxobchalari qisqartirib yuborilgani bilan izohlab qo‘ydi.
Nachora, deya taqdirga tan berib, Nurafshon shahri tomon yo‘l oldim. Yarim soatlar chamasi yo‘l yurib, amallab «Xalq banki»ni topib keldim. Bank ichiga kirar ekanman, bu bir mening muammom emasligini tushundim!
Yuzga yaqin to‘lov qilmoqchi bo‘lgan fuqarolaru va 2ta kirim kassasi. Navbatning boshini topib olish uchun o‘rta hisobda 10 daqiqa vaqtim ketdi. Navbatga turib olgach imkon topib, vaziyatga oydinlik kiritish uchun bank xodimini so‘roqqa tutdim. «Respublikaning topshirig‘i bilan barcha shoxobchalar yopildi. Shuning uchun barcha to‘lovlar tuman filialida qabul qilinmoqda», deya javob oldim savolimga.
Bir soatlar chamasi vaqt o‘tib navbatim yetib keldi, lekin bu vaqt orasida navbatda turganlarning (ularning orasida yosh bola ko‘targan kelinchaklar deysizmi, keksa yoshdagi otaxonu-onaxonlar yoki nogiron...) yuzaga kelgan vaziyatdan noroziligini ko‘rib, to‘g‘risi achinib kettim. Hamma tezroq shu tor «kulba»dan chiqib ketsam, deydi, birov birovga navbatini beray demaydi. Navbatda turganlarning aksariyati menga tanish chehralar, ha ularni men notarius idorasida uchratganman.
Hullas, bankdagi ishim bitdi (deb o‘yladim hozircha). Bank muassasasidan chiqib, notarius tomon oshiqar ekanman, ko‘zim bexosdan avtobusdan tushayotgan tanish ayolga tushdi. E'tibor berib qarasam, bundan bir necha soat avval notariusda men yonma-yon o‘tirgan, yoshi taxminan 80ga yaqinlashib qolgan rus ayoli, tushunishimcha u ham to‘lov qilish uchun bankni izlab kelmoqda. Shunda ko‘nglimda kuchli o‘kinch va afsus tuyg‘usini sezdim: «shu bechoragina onaxonni ham o‘zim bilan birga olib kelishim mumkin ediku, hech bo‘lmasa o‘zim bilan olib ketarman, yo‘g‘ye, u ayol hali bir soatdan oshiqroq navbatda turadiku axir, yaxshisi o‘zimning ishlarimni bitira qolay...»
Notariusga qaytib keldim. Notariusdagi ishim ham ko‘p cho‘zilmadi. Oldi-sotdi shartnomasini olar ekanman hali tushlik vaqtiga qadar ozgina vaqt qolganidan foydalanib MROga (MRO aslida nima ekanligini bilmaymanu, xalq orasida bu tashkilotga avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ sifatida shunday ta'rif beriladi) chopdim.
Notariusning shundoqqina yonida joylashgan MROga kirib kelganimda soat 12dan 50 daqiqa o‘tgan edi. Men uchun kunning eng «dahshatli» voqeasi shu yerda ro‘y berdi. MROning arizalarni qabul qiluvchi xodimidan tegishli pulni Nurafshon shahridagi «Xalq banki» filialiga to‘lashim kerakligini eshitishim men uchun qanday kayfiyat baxsh etganini tasavvur etish qiyin.
Hammasi qaytadan boshlandi, qaydasan Nurafshon, qaydasan «Xalq banki»... (shukrki erta tongda o‘zim bilan g‘amlab olgan sabrning bir qismi qolgan ekan, bo‘lmasa mashina minish fikridan qaytarmidim).
Xullas, ishlarim bitdi, mashinali ham bo‘ldim, lekin menga bugungi ko‘rgan-kechirganlarim sira tinchlik bermayapti:
- kecha, undan avvalgi kuni, undan avvalgi kunichi, o‘sha kuni ham shunday edimi, ertaga ham shunday bo‘ladimi, «ko‘zim ochiqligida uyimni nabiramga meros qilib qo‘yay» onaxon ertaga ham kunning issig‘ida tumanning bir chekkasidan avtobusga o‘tirib, arzimagan 172.240 so‘mni to‘lash uchun viloyat markaziga keladimi?
- «2018 yil 1 fevraldan Adliya vazirligi tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun davlat boji va boshqa to‘lovlarni elektron tarzda amalga oshirish mexanizmi joriy etildi» deya baralla bong urilganda, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani nazarda tutilmagan edimi?
- bu faqat O‘rta Chirchiq tumanidami yoki hamma joyda shundaymi?
- shunday bo‘lishiga kim aybdor: bankmi, notariusmi, MROmi?
- bu haqida «Xalq banki»ning Nurafshon filialidan uncha uzoqda bo‘lmagan viloyat hokimligi yoki bankning viloyat boshqarmasi xabardormikin?
Xullas savollar bisyor, lekin uni kimga berishni bilmay dog‘da kishi.
To‘g‘ri bu bilan mening biror joyim kamayib qolgani yo‘q, «arzimagan» bir kunim va ozroq benzinim ketti xolos, lekin menikidek imkoniyatga ega bo‘lmagan xalqqa ko‘p jabr bo‘libdida...
Aytishadiku «qornimga emas qadrimga yig‘layman» deb.
Dilshod Abduqodirov
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
11:55 / 14.12.2024
Xalq banki korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflik bo‘yicha natijalarni e’lon qildi
19:00 / 25.10.2024
“Ba’zi nogironlar to‘rt muchasi sog‘lardan yaxshi ishlashadi” – buxorolik tadbirkor
17:00 / 20.06.2024
Xalq banki tomonidan vodiyga press-tur tashkil etildi
16:54 / 29.05.2024