Jamiyat | 13:12 / 21.06.2018
24858
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiy aholisi tovuqlarni sotib olishga majburlashayotgani haqida xabar berdi

Foto: iStock

Navoiy viloyatidagi byudjyet tashkilotlari xodimlarini tovuq sotib olishga majburlashmoqda. Bu haqda Gazeta.uz Navoiy shahri aholisiga asosan yozmoqda. Ularga ko‘ra, o‘qituvchilar, shifokorlar, bank xodimlari, bolalar bog‘chasi tarbiyachilari va boshqalar parranda sotib olish uchun pul topshirishmoqda.

«Bizning bo‘limga 70ta tovuq taqsimlandi, bu yerda 50 kishi ishlaydi, - degan Navoiy tibbiyot birlashmasining o‘z nomini oshkor etishni istamagan xodimi. - Tovuqlar 30 ming so‘mdan sotilmoqda. Avvalgi marta 10ta tovuqni 8-10 ming so‘mdan sotishgandi. O‘shanda biz sotib olishga rozi bo‘ldik, lekin bu yana takrorlanishini kutmagandik. Pul maoshdan ushlab qolinmayapti, balki bankka borib to‘lashni so‘rashmoqda. Biz hamkasbimizning plastik kartasiga pul o‘tkazdik, bu u borib, hamma uchun pul to‘lashi uchun qilindi».

Uning aytishicha, yig‘ilish davomida tibbiyot birlashmasi rahbari xodimlar tomonidan qancha tovuqni sotib olish shartligi haqida xabar bergan.

«Ba'zi xodimlarning oyligi kam, sababi ular 0,25 yoki 0,5 stavkada ishlaydi. Ular tovuqlarni ish haqiga qarab taqsimlashni so‘rashdi, lekin har bir xodim hech bo‘lmasa bitta tovuqni sotib olishi kerakligi aytildi. Boshqa joylarda 5-10-20tadan tovuq sotib olishmoqda. Parrandani qayerda saqlashlari haqida so‘rashgan kvartira egalari esa, ularni shunchaki so‘yishni taklif qilishdi», - degan u.

Davlat raqobat qo‘mitasi Navoiy viloyati boshqarmasidan Gazeta.uz’ga xabar berishlaricha, tovuqlar taqsimoti hokimlik shug‘ullanmoqda, ular parrandani nafaqat byudjyet tashkilotlariga, balki barcha fuqarolarga sotib olishni taklif qilmoqda.

Boshqarma ma'lumotlariga ko‘ra, aholiga shu yil mart oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifi chog‘ida ishga tushirilgan Karmana Golden Eggs korxonasining tovuqlari sotilmoqda. 20 iyun holatiga ko‘ra, xaridorlar 75,6 ming bosh parranda uchun banklar orqali 30 ming so‘mdan pul mablag‘larini o‘tkazib bergan, ulardan 45 mingtasi mijozlarga yetkazib berilgan.

Navoiy viloyati hokimligidan aniqlik kiritishlaricha, aholini tovuq bilan ta'minlash kampaniyasi «Har bir oila - tadbirkor» dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, viloyat hokimligidan qayd etishlaricha, tovuqlarni sotish qishloq joylarda foydalanilmayotgan yerlardan foydalanish istagi bilan bog‘liq.

«Tovuqlar tomorqa uchastkalari bor bo‘lgan kishilarga sotilmoqda. Kimdir qarovsiz qolgan kvartira yoki uyga ega. Biz odamlarga yer maydonlaridan samarali foydalanish uchun hech bo‘lmaganda tovuqxona qurishni taklif qilmoqdamiz», - deydi hokimlik vakili.

Uning bildirishicha, parrandani sotish olish - har bir fuqaro uchun ixtiyoriy tanlovdir. «Xohlamagan kishi sotib olmayapti. Bizga tovuqlar sotib olishni istamagan tashkilot rahbarlari murojaat qilishdi. Misol uchun, kimdir 50ta tovuqni sotib ololmasligini aytib, 10ta so‘ramoqda, boshqalar esa, aksincha, ko‘proq so‘rashmoqda».

Qishloq joylaridagi uyni ko‘zdan kechirish vaqtida foydalanilmayotgan ko‘plab yer uchastkalari aniqlandi, ularning egalari shaharda yashaydilar va ishlaydilar, degan u.

Nashr maqolasida bildirilishicha, prezidentning aprel oyidagi qaroriga muvofiq, fermerlar, dehqon xo‘jaliklari kengashlari va tomorqa yer egalariga yerdan maqsadli hamda samarali foydalanishni muntazam ravishda monitoring qilish huquqi berildi. Shuningdek, ular tuman hokimlariga fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining yer uchastkalariga huquqlarini to‘xtatish zarurligi to‘g‘risida takliflar taqdim etishlari mumkin.

Mavzuga oid