O‘zbekiston | 22:00 / 17.07.2018
27151
8 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis deputati korrupsiya va poraxo‘rlik borasida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Hamroyev Facebook’dagi sahifasi orqali jamiyatdagi jirkanch illat – korrupsiya va poraxo‘rlik haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Quyida ushbu deputat fikrlari bilan tanishish imkoniga egasiz.

Kulohni bilasiz: qalandar va darveshlar kiyadigan uchli qalpoq. O‘tmishimizda u bilan bog‘liq ajoyib voqea bor. 

Bahodir Yalangto‘sh (Nizomiddin Yalangto‘shbiy Otaliq, 1576-1656 y) Samarqandga bir emas ikki marta (1612 va 1645 yillarda) hokim etib tayinlangan. U saltanat va Samarqand xalqi oldidagi xizmatlari uchun “Otaliq” unvoniga (“El otasi” ma'nosini angladi) sazovor bo‘lgan. Tarixda har qanday hokim bunday unvonga loyiq bo‘lavermagan.
 
Xo‘sh, Bahodir Yalangto‘sh qanday xizmatlar qilganki, bunday yuksak unvonga sazovor bo‘lgan? 
Tarixiy manbalarga ko‘ra, mohir sarkarda sifatida dushmanlar ustidan qozongan g‘alabalari, saltanat sarhadlarini daxlsiz saqlashdagi xizmatlari, Samarqand muzofotini obod, qo‘rg‘onini mustahkam, elini farovon etgan, azim shahardagi yaratuvchilik ishlari uchun Yalangto‘shbiy “El otasi” unvoniga loyiq topilgan.

Taajjubki, ana shunday yuksak rutbadagi inson tunu-kun darveshlar qalpog‘i — kuloh kiyib yurar ekan. O‘sha kezlarda Samarqandning Registon maydoni tegrasida joylashgan bozorni aylanishni xush ko‘rgan hokimu mutlaq Yalangto‘shbiyni oddiy faqiru-fuqarolardan ajratib bo‘lmas, chunki egnidagi korjomasi hamin qadar el qatori bo‘lar ekan. 

...Bir kuni u kishiga hamroh g‘aznachi va bir navkar gavjum joyda hokimning qalandar kulohini qora qilib ergashib borar edi. Mavsum boshi bo‘lgani uchunmi, hokim qovun sotayotgan bir dehqon yigitning oldida to‘xtabdi. Chog‘roq qovunlardan qo‘liga olib, shapatilab-shapatilab ko‘rib, ikki donasini ajratibdi. Narxini so‘rab, savdolashibdi. Narx bichilgach, hokim belbog‘iga ilingan hamyonni paypaslasa, hamyon bo‘sh emish... Hokim buni kuzatib turgan dehqonga jilmayibdi-da, yonida ergashib yurgan g‘aznachiga yuzlanib, “G‘aznadagi maoshimdan haqim bormi?” deb so‘rabdi. G‘aznachi qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygan holda ikki bukilib, “G‘azna sizning ixtiyoringizda, taqsir” debdi. Yalangto‘shbiy qoshini chimirib, unga qattiq tikilgancha, “G‘azna bilan mening maoshimni adashtirmang!” debdi. G‘aznachi gapni tushunib, “haqingiz yo‘q” degan ishora beribdi-da, mulzam bo‘lgancha, bir qadam tislanib, jim turaveribdi.

Bahodir Yalangto‘sh boshidagi kulohini avaylab yechib, dehqon yigitga uzatibdida “Shu kulohga ayirgan qovunlarimni berasanmi?” debdi. Dehqon kulohni qo‘liga olib, ko‘zdan kechirgach, “Juda eski ekan-da, taqsir” debdi. Savdoga guvoh bo‘lib turgan navkar hokimning orqasidan turib, dehqonga imo-ishora qilar, goh bosh barmog‘i bilan qarorgoh tomonni ko‘rsatar, goh chopon yoqasini ochib, to‘shini yalang qilar edi. 

Nihoyat dehqon qarshisida Samarqand hokimi Bahodir Yalangto‘sh turganini fahmladi. “Taqsir, Bahodir Yalangto‘shning kulohi biz uchun tabarruk”, deya ko‘ziga surtib, qo‘njiga tiqibdi, yerdan qovunlarni olib, hokimning qo‘liga tutqazibdi... 

Butun Samarqand izmida bo‘lgan Bahodir Yalangto‘sh g‘azna u yoqda tursin, hatto oddiy dehqondan bir dona qovunni tekin olish, ya'ni, uning haqiga xiyonat qilishni o‘ziga ep bilmagan. Qissadan hissa shuki, xalqning hokimni halol, diyonatli, el otasi, deb bilgani — elning ishonchini suiiste'mol qilmaganligi uchundir. 

Yana bir muhim dalil borki, aytmasak bo‘lmas. 

Manbalarda aytilishicha, “Tillakori” madrasasining gumbaziga yetmish kilogrammdan ziyod oltin sarflangan. Madrasa gumbazining nafisligi, naqqoshlar ishining murakkabligi bo‘yicha bu gumbaz “Go‘ri Amir” maqbarasi gumbazidan qolishmaydi. Sherdor madrasasining salobati, go‘zalligi hozirga qadar barchani hayratga soladi.  

Samarqandning “Yer yuzining sayqali” bo‘lishiga hissa qo‘shgan “Tillakori” va “Sherdor” madrasalarini qurdirgan shunday buyuk shaxs, o‘ziga mo‘'jazgina maqbara ham qurdirmagan. 
Hatto, madrasalarning qurilishida ishchilarga go‘sht yetkazib bergan qassob o‘zini Registonda dafn etishlarini so‘raganida shu oddiy qassobning iltimosi vojib etilgan...

Bahodir Yalangto‘sh esa, o‘zini Samarqand shahridan o‘n ikki kilometr naridagi Dahbed qishlog‘ida mozori joylashgan Maxdumi A'zam zurriyodi bo‘lmish, tariqat ilmi bilimdoni Hoji Rashid Dahbediyning oyoq uchiga qo‘yishlarini vasiyat qilgan. Mozor bo‘sag‘asini hatlaganda qarshingizdagi qabr Samarqand viloyati hokimi Nizomiddin Yalangto‘shbiy Otaliqning mangu qo‘nim topgan makonidir. 

O‘tmishda poraxo‘rlik, ya'ni korrupsiya bo‘lmagan desak, yanglishamiz. Albatta, bu illat insoniyat tanasiga asosan “nafs” ko‘rinishida zulukdek yopishib, davlat asoslarini yemirib, jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qilib keladi. Korrupsiya ildiz otgan joyda adolatsizlik, iymonsizlik, qonunga hurmatsizlik hukmronlik qilib, parokandalik yuz berishi tarixdan ma'lum. 

Insoniyat bu illatning payini qirqish uchun mudom qonunlarga tayanib kurashib kelmoqda.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘z vakolatiga kirishishi bilan, Prezident sifatida imzo chekkan eng birinchi qonun ham “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bo‘ldi (2017 yil 3 yanvar). O‘zbekistonda ushbu qonunning ijrosini ta'minlash maqsadida Prezidentning 2017 yil 2 fevraldagi Qarori hamda 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “Davlat dasturi” qabul qilindi. Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlar bilan tanishib chiqsangiz, korrupsiyaga qarshi kurashish, unga butkul chek qo‘yish uchun beixtiyor “Bundan ortiq yana nima qilish kerak?”, deb o‘zingizga savol berasiz. 

Ammo keyingi paytlarda xalqimiz va Prezidentimiz ishonch bildirgan ayrim amaldorlarning poraxo‘rligi bilan bog‘liq voqealar hali oldimizda qilinajak ishlarimiz ko‘p ekanidan dalolat beradi. Deputatlar korpusi ham mazkur qonun va Davlat dasturi ijrosini ta'minlash borasidagi vazifalarni qat'iy ado etishda chetda turmasligi, Oliy Majlis va mahalliy Kengashlar deputatlari aholining ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatini shaklllantirishda jonbozlik ko‘rsatmog‘i lozim. 

Zero, jamiyatda bir nafar poraxo‘r yo korrupsiya quliga aylangan amaldorning chiqishi xalqning davlatga hamda rahbarlarga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadi. Agar o‘sha beburd amaldorning ko‘ksida deputat yoki senator nishoni bo‘lsa – urdi xudo deyavering. Bundan mudhish manzara bo‘lmasa kerak... 

Alisher Hamroyev
Oliy Majlis 
Qonunchilik palatasi deputati

Mavzuga oid