Jahon | 19:02 / 28.07.2018
12862
2 daqiqa o‘qiladi

Iosif Kobzon komaga tushdi. Uning oilasi bu xabarni inkor etyapti

Foto: Vyacheslav Prokofev/TASS

Rossiya Davlat dumasi deputati va estrada qo‘shiqchisi Iosif Kobzon komaga tushdi. Bu haqda REN TV telekanali xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, shanbaga o‘tar tunda Kobzonning ahvoli keskin yomonlashgan.

27 iyul kuni qo‘shiqchi o‘pkalarga qo‘shimcha havo yuborish uskunasiga ulab qo‘yilgani xabar qilindi. Bundan oldin artist Moskvadagi shifoxonalaridan birining neyroxirurgiya bo‘limi jonlantirish bo‘limiga o‘tkazildi. Uning ahvoli og‘ir, biroq barqaror deb baholanayotgandi.

Iosif Kobzonning singlisi Gelena Kandel RT telekanali bilan suhbatda artist komada ekanligi haqidagi ma'lumotni inkor qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kobzon xotini va tibbiyot hamshirasi bilan qahva ichib o‘tiribdi. «Uning va qarindoshlarimizning ustidan qanday qilib shunday mazax qilish mumkin? Hozir barcha qarindoshlarga qo‘ng‘iroq qilib chiqdim, chunki ular bu xabardan shokka tushib qolishdi», - dedi Kandel.

Shuningdek, Kobzonning singlisi artist rejalashtirilgan davolanishda ekanini ta'kidladi. «U kasalligi tufayli bu davolanishga muhtoj... Unda o‘zining shaxsiy makoniga ega bo‘lish huquqi bor. Sizlar uning ijodi haqida yozishingiz mumkin, lekin uning sog‘lig‘iga aralashish - bu qabul qilib bo‘lmas narsa. Bu birga qayg‘urish emas. Bu qotillik. Agar u internetdan foydalanganda nima bo‘lardi?» - deydi Kandel.

Mavzuga oid