O‘zbekiston | 20:18 / 02.08.2018
36251
4 daqiqa o‘qiladi

Quyoshga qarshi soyabonlar, kutish zaliga aylangan to‘yxona. Urganchda test imtihonlarining bir kuni (fotohisobot)

Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida oliy o‘quv dargohlariga kirish uchun test imtihonlari boshlandi. Kun.uz ham abituriyentlar qatori barcha bosqichlardan o‘tib, test jarayonida ishtirok etdi va bu haqda fotohisobot tayyorladi.

Tonggi soat 6.30. Urganch shahridagi «Yoshlik» sport-majmuasiga abituriyentlar oshiqmoqda. Xalq tilida «Manej» deb ataladigan bu dargohda test imtihonlari o‘tkaziladi.

Manej oldida uchta katta soyabon o‘rnatilgan. Bu abituriyentlarni quyoshning issiq taftidan asraydi.

Soat 7.00. Abituriyentlar manejga kiritilmoqda. Har bir guruh alohida, tartib bilan nazorat postidan o‘tadi.

Postdagi xodimlar abituriyentlarning hujjatini tekshirib, ularni nazoratdan o‘tkazib, keyin ichkariga kiritmoqda. 

Qizlar uchun alohida, parda bilan to‘silgan nazorat xonasi bor. Kitob, shpargalka, mobil telefonlar bilan qo‘lga tushganlar bayonnoma orqali rasmiylashtiriladi va testdan chetlatiladi.

Manejga kirish eshiklari ustiga videokameralar o‘rnatilgan. U abituriyentning yuzi orqali identifikatsiya qilish tizimiga ulangan. Bu tizim orqali begona shaxslarning test imtihoniga kirib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Test imtihonlari o‘tkaziladigan pavilon 1200 abituriyentga mo‘ljallangan. U yerda abituriyentlarni alohida stol va stul, ruchka va test javob varaqasini to‘ldirish yo‘riqnomasi kutmoqda.

Nazoratchi test kitoblari solingan qutining plombasini abituriyentlar ko‘z o‘ngida ochadi va ularni tarqatadi. Kitoblarni ochib ko‘rmasdan tanlab olish imkoniyati bor.

Abituriyentlar o‘zlari haqidagi zarur ma'lumotlarni javob varaqasiga yozadi.

Soat 8.00. Test imtihoni boshlandi. Bu haqda ovozkuchaytirgich yordamida e'lon qilindi. Katta ekranda esa test yakunlanishiga qolgan vaqt ko‘rsatib turiladi.

Abituriyentlar test savollarini yechishmoqda. Ularning orasida maxsus sirtqi bo‘limga hujjat topshirgan katta yoshdagi ayollar va erkaklar ham bor.

Pavilonda 20dan ortiq videokamera o‘rnatilgan. Ular orqali test jarayoni maxsus xodimlar tomonidan kuzatib boriladi. 

Manej yonida joylashgan «Yoshlik» to‘yxonasi ota-onalar kutish zaliga aylantirilgan. 

Bu yerda katta ekran o‘rnatilgan bo‘lib, ota-onalar onlayn rejimida test jarayonini kuzatib borishadi. 

Biroq, katta ekrandagi tasvir tiniq emas. Shu tufayli, ba'zi ota-onalar tashqarida kutib turishni afzal ko‘rishgan.

Test oxirlab bormoqda. Testlarni yechib bo‘lgan abituriyentlar javob varaqasi va kitobini nazoratchilarga topshirmoqda. Testda ishtirok etayotganlar soni ham asta-sekin kamayib boryapti.

Nazoratchilar abituriyentlardan kitob, titul va javob varaqasini qabul qilib olmoqda. Ular tomonidan barcha ma'lumotlar to‘liq kiritilgani tekshirilmoqda.

Soat 11.00. Test imtihoni tugadi. Barcha abituriyentlar pavilonni tark etishdi.

Nazoratchilar kitoblar, titul va javob varaqalarini maxsus quti va konvertlarga joylab, uni plombalashadi. 

Test imtihoni raisi nazoratchilardan quti va konvertlarni qabul qilib oladi.

Xodimlar barcha javob varaqalarini maxsus qutiga joylab, muhrlaydi.

Qutilar xaltaga solinadi va muhrlanadi. 

Test kitoblari va javob varaqalari olib ketish uchun tayyor.

Davlat test markazaning maxsus feldegerlik xizmati xodimlari xaltalarga o‘zining muhrini ham qo‘yadi. 

Xaltalar feldegerlik xizmati xodimlari tomonidan olib ketildi. Test imtihoni jarayoni tugadi.

Shu bugunning o‘zida ular samolyot orqali Toshkent shahriga, Davlat test markaziga yetkaziladi. Ertaga esa DTM veb-saytida abituriyentlarning ballari e'lon qilinadi.

Urganch shahrining «Yoshlik» sport majmuasida o‘tkazilgan test imtihonlarining bir smenasi mana shu tarzda o‘tdi.

Mavzuga oid