Samarqandda test sinovlari qanday o‘tmoqda? - foto
Samarqandda oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test sinovlarining barchasi Ro‘dakiy va Dahbet ko‘chalari kesishmasida, bir-biriga yaqin joylashgan 5 ta binoda bo‘lib o‘tmoqda.
Camarqand pedagogika va servis kasb-hunar kolleji, Gimnastika va sport turlari bo‘yicha Samarqand bolalar va o‘smirlar maxsus sport maktabi, Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi akademik litsey sport majmuasida abituriyentlar uchun barcha sharoit hozirlangan. Jumladan, xonalardagi haroratning salqin bo‘lishi kuchli konditsionerlar bilan bir maromda ushlab turilibdi.
Ro‘dakiy ko‘chasida test sinovlari o‘tadigan vaqtda avtomobillar qatnovi cheklangan, faqat tramvay qatnab turibdi.
Test imtihonlariga kirishda abituriyentlar huquq-tartibot organlarilarining sinchkov nazoratidan o‘tishadi. Metallodetektorlar vositasida imtihon o‘tadigan hududga aloqa vositalari olib kirilishining oldi olinmoqda.
Yuzni tanish texnologiyasidan foydalanib, abituriyentlarning o‘rniga boshqa shaxslar kirmasligi nazorat ostiga olingan.
Abituriyentlar tomonidan test sinovlari vaqtida o‘rnatilgan qoidalarni buzmasligi guruh nazoratchilari tomonidan sinchkovlik bilan kuzatib borilmoqda.
Ota-onalar uchun SamMI klinikasi hududidagi bog‘dan dam olish joyi hozirlangan. Ularga salqin ichimliklar, yegulik bilan birga 2 ta LED ekran orqali test sinovlari qanday o‘tayotganini jonli efirda kuzatish imkoniyati yaratib berilgan.
Ota-onalar farzandim o‘qishga kirsin deb duo qilib o‘tirishibdi.
- Qizim SamDUning boshlang‘ich ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha test imtihonlarini topshirmoqda. Bu yil tekshirish qattiq bo‘lyapti. Bilimi bor, yaxshi tayyorlangan abituriyent, albatta, o‘qishga kiradi. Jumladan, mening qizim ham uchinchi yil tayyorgarlik ko‘rib, o‘qishga topshirdi. Bu yil, albatta, o‘qishga kirishiga ishonib o‘tiribman, - dedi Nuroboddan kelgan onaxon.
Biz test sinovlarini topshirib chiqayotgan ayrim abituriyentlarni suhbatga tortdik. Ular test sinovlariga kirish chog‘ida tekshirish bo‘lgani, ichkarida hech kim uyali aloqa vositalarini olib kirolmaganini aytib o‘tishdi.
Sh.Shokirjonov va B.Mustanov suratlari.