O‘zbekiston | 18:16 / 17.12.2018
5320
3 daqiqa o‘qiladi

Film namoyishi uchun ruxsatnoma berish tartibi belgilandi

Foto: panthermedia/vostock-photo

Hukumat qarori bilan Filmning ommaviy namoyishini amalga oshirish uchun bir marchalik ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Adliya vazirligi telegram-kanalida yozishicha, filmning ommaviy namoyishini amalga oshirish uchun bir marchalik ruxsatnoma “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan beriladi, quyidagilar bundan mustasno:

• Prezident hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan ommaviy namoyish qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan filmlar;
• festivallar, seminarlar, retrospektiv namoyishlar va boshqa shu kabi madaniy tadbirlar uchun notijorat maqsadlarda xorijiy mamlakatlardan olib kirilgan (yetkazib berilgan) filmlar.

Nizom bilan ruxsatnoma berish talablari va shartlari belgilandi. Shunga ko‘ra, ruxsatnoma olish uchun ariza beruvchi tomonidan vakolatli organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

• ariza;
• filmga nisbatan mutlaq huquq egalari tomonidan taqdim etilgan arizalar bo‘yicha ular va film mualliflari (sahnalashtiruvchi rejissyor, ssenariy muallifi, musiqa asari muallifi, sahnalashtiruvchi operator va sahnalashtiruvchi rassom) o‘rtasida tuzilgan shartnomalar nusxasi;
• filmdan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan taqdim etilgan arizalar bo‘yicha filmdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
• filmning qisqacha annotatsiyasi;
• film mualliflari to‘g‘risida ma'lumot;
• filmda bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotning mavjudligi yoki mavjud emasligi, uning muayyan yosh toifasiga mosligi yoki mos emasligi to‘g‘risidagi tegishli ekspert xulosasining nusxasi;
• film yozilgan elektron axborot tashuvchilar;
• ariza ko‘rib chiqilganligi uchun ariza beruvchi tomonidan yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.

Hujjatlar ariza beruvchi tomonidan vakolatli organga bevosita berilishi, shuningdek, ariza beruvchi bunday vakolatni o‘z vakiliga berishi yoxud murojaatni pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, mazkur nizom teleradioeshittirishlar, shuningdek, televizion filmlarni ishlab chiqarish va televideniyeda namoyish etish sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Mavzuga oid