AES joylashgan shaharda yashash qanchalik xavfsiz? Novovoronejliklar fikri
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, jamoatchilik arboblari hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Vazirlar Mahkamasining 1049-sonli farmoyishiga muvofiq Novovoronej shahrida bo‘ldi hamda Rossiyaning atom energetikasiga oid ilg‘or tajribasi bilan yaqindan tanishdi. Kun.uz muxbiri tashrif davomida Novovoronejda yashovchi aholining atom elektr stansiyasi (AES) joylashgan shaharda yashash qanday ekaniga doir fikrlariga qiziqish bildirdi va ularni siz bilan bo‘lishishga qaror qildi.
Tashrifimiz davomida ob-havo sovuq bo‘lgani va qor yog‘gani sababli ko‘chada odamlarni deyarli uchratmadik. Shu bois yo‘l-yo‘lakay shaharda joylashgan sport kompleksi va ko‘ngilochar markazida to‘xtab, mahalliy aholi vakillariga murojaat qildik.
Vladimir Anpilogov, sport kompleksi qo‘riqchisi:
“AES yaqinida yashash qanday deysizmi? Ajoyib! Bloklar bor ekan, aholi ish bilan ta'minlangan, maoshlar yetarlicha. Bizning do‘konlar tarmog‘imiz, ko‘ngilochar maskanlarimiz juda yaxshi. Bu yerdan ketish haqida o‘ylab ham ko‘rmaganman. Pensionerman, bungacha 28 yil davomida sanatoriyda ishlaganman. Men bu yerda hali shahar barpo qilinmagan vaqtlarni ham eslayman: na yo‘l, na infratuzilma, tayinli hech nima yo‘q edi... AES qurilishi bilan shahar ko‘rkamlashdi, rivojlana boshladi, unga qiziquvchilar soni ko‘paydi. Butun umr shu yerda yashayapman va shu kunga qadar hech qanday xavf sezganim yo‘q, hech qanaqa qo‘rquv ham yo‘q. Darvoqe, yaqinda yoshi 100 dan oshgan onaxonni uchratdim, tetik, hatto milliy qo‘shiqlarni ham kuylab berdi. Bo‘sh vaqtimda ov va baliqchilik bilan shug‘ullanaman, dala hovlimizda dam olaman. Farzandlarim ham shu shaharda yashashini istayman, albatta, chunki bu yerda hamma narsa bor. AES ishchilari uchun esa qo‘shimcha tibbiy sug‘urta ham bor, kuyovim radioaktiv obektlarni saqlash sexining boshlig‘i bo‘lib ishlaydi, o‘zini ko‘rsangiz - baquvvat! Sog‘liq borasida hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. Bundan qo‘rqish kerak emas”.
Inna Kudryashova, jamoatchilik tashkiloti xodimi:
“1976 yildan buyon Novovoronej shahrida istiqomat qilaman. Ilgari bu yer qishloq joylar bo‘lgan. Odamlar taraqqiyotdan yiroq bo‘lgan. Atom elektr stansiyasi qurilishi bilan eng avvalo, shahar qad ko‘tara boshladi va bu yerga juda ko‘p odamlar kela boshladi, zero ilk AES aynan shu shaharda joylashgan edi. Bu - boshqa intellektual daraja va boshqa turmush sifati. Qishloq aholisi shahar aholisiga aylandi, texnikumlarga o‘qishga kirdi. Ko‘pchilik AES yo‘nalishida ta'lim olib, atomchi bo‘lib ishlay boshladi. Bu esa yaxshi ish haqi, munosib hayot tarzi va umuman yangi bosqichdir. Ayniqsa, yoshlar uchun katta imkon demakdir. Ekologiyaga kelsak, 55 yildan beri stansiya ishlayotgan bo‘lsa, biz mutlaqo xotirjam yashab kelyapmiz. AES – bu arzon elektr energiya va issiqlik, axir. Bu yerda yashovchi odamlar atomchilar shahrida yashashlari bilan faxrlanishadi”.
Lola Raxmanbayeva
Mavzuga oid
11:40 / 19.10.2024
Yaponiyada birinchi marta 50 yildan ortiq ishlayotgan AES reaktori faoliyatiga ruxsat berildi
20:20 / 16.10.2024
AES direksiyasi rahbari: Ishlatilgan yadro yoqilg‘isi Rossiyaga olib ketiladi
15:00 / 14.10.2024
Fransiya radioaktiv chiqindilarni qozon va vilkalarga aylantirishni rejalashtirmoqda
20:57 / 08.10.2024