O‘zbekiston | 15:14 / 05.01.2019
61878
3 daqiqa o‘qiladi

Prezidentning Germaniyaga tashrif sanasi ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 20-22 yanvar kunlari Germaniya Federativ Respublikasiga tashrif buyuradi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Kutilayotgan tashrifga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida, 2018 yil 8 noyabr kuni Berlin shahrida hukumat delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas bilan uchrashgandi. Ular «O‘zbekiston - Yevropa Ittifoqi» shaklidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilib, Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tishgan. 

Shuningdek, Abdulaziz Komilov Berlin shahrida Germaniya kanslerining tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Yan Hekker bilan ham uchrashgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Ergashev esa Germaniya Federativ Respublikasi hukumatining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Markus Potsel bilan uchrashganda, «​Mozori-Sharif – Hirot»​ temir yo‘l magistralini, «​Surxon – Puli-Xumri»​ elektr uzatish liniyasini, turli uzunlikdagi avtomobil yo‘llarini va Afg‘onistondagi boshqa infrastruktura obektlarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish uchun moliyaviy manbalarni jalb qilish masalasi ham muhokama qilingan. 

Uchrashuv davomida O‘zbekiston tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ta'lim yo‘nalishidagi loyihalarda, jumladan Termizda tashkil etilgan Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi hamda Afg‘onistonda ta'limni qo‘llab-quvvatlash xalqaro fondi faoliyatida Germaniya tomonining ishtirok etishi muhimligi qayd etilgan.

Ilk bor, Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbirda Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar sababli O‘zbekiston-Germaniya do‘stligi yangi sur'at olganligiga alohida to‘xtalib o‘tgandi. O‘shanda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil yanvar oyida Germaniyaga tashrifi davomida kansler Angela Merkel va GFR federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan bo‘lib o‘tadigan muzokaralar ham elchi tomonidan aytib o‘tilgandi.

2018 yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 13 foizga o‘sgan. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, u 526 million dollarni tashkil qiladi. ​

Mavzuga oid