Jamiyat | 20:15 / 06.02.2019
39389
3 daqiqa o‘qiladi

O'zbekiston 24 aybsizlik prezumpsiyasini chetlab o‘tyapti

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarkibiga kiruvchi O'zbekiston 24 huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda tayyorlangan lavhada mamlakat qonunchiligida belgilagan aybsizlik prezumpsiyasini chetlab o‘tyapti. Bu haqda telekanal efirga uzatgan lavhaga tayangan holda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

«Beli og‘rimasdan non yeyishni, o‘g‘rilik ortidan daromad topishni kasb qilib olganlardan biri H.D.dir (telekanal ayblanuvchining ismi-sharifini to‘liq ta'kidlagan — tahr.)», —deb boshlanadi lavha. 

O'zbekiston 24 muxbirlari hali sud qarori bilan shaxsning jinoyati tasdiqlanmay, H.D.ning barcha shaxsiy ma'lumotlari va yuz ko‘rinishini efir orqali ommaga ko‘rsatgan holda uni jinoyat sodir etganini tasdiqlagan. 

Bosh prokuratura matbuot kotibi Surayyo Rahmonovaning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, H.D.ga nisbatan 2018 yil​ 28 dekabrda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «​a»​ bandi, 227-moddasi 2-qismi «​a»​ bandlari bilan ayblov e'lon qilingan va unga nisbatan ​yuritilgan jinoyat ishi o‘tgan yilning 29 dekabr kuni sudga yuborilgan.

Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidovga ko‘ra, H.D.​ ishi bo‘yicha sud yakuniy qaroriga kelmagan va sud ishi hali davom etmoqda. Ya'ni H.D.​ harakatlari yuzasidan kuchga kirgan sud hukmi mavjud emas. 

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Ya'ni har kim, jumladan OAV ham aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga qat'iy amal qilishga majbur. 

Dastlabki tergovning holatlari va unga jalb qilingan shaxslar haqida keng jamoatchilikka turli talqindagi xabarlarni tarqatish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida belgilangan aybsizlik prezumpsiyasi qoidalariga zid va bunday holatlar o‘zgalarning sha'ni va qadr-qimmatiga putur yetkazishi mumkin.​

Mavzuga oid