O‘zbekiston | 17:34 / 09.02.2019
44966
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik: 500 mingdan puli ushlab qolingan o‘qituvchilar ishida aybdorlar aniqlandi 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘qituvchilarning maoshidan ushlanib qolgan pullar o‘rganildi. 

Inspeksiya xabariga ko‘ra, tumandagi 82 ta umumta'lim maktablarida ishlovchi 5154 nafar pedagog xodimlarning 3115 nafaridan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va boshqa kommunal to‘lovlar uchun noqonuniy ravishda roziligi olinmay, ish haqidan ushlab qolingan.

«Mazkur holat bo‘yicha aybdor bo‘lgan Amudaryo tumani xalq ta'limi bo‘limi mudirining o‘rinbosari R. Matqurbanov hamda Xalq ta'limi boshqarmasi Markazlashtirilgan moliya buxgalteriya xizmati bosh hisobchisi M. Qalandarov O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi bilan eng kam ish haqining besh baravari (1 013 650 so‘m) miqdorida jarimaga tortildi», — deyiladi axborotda.

Ma'lum qilinishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mazkur huquqbuzarlik holati bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga 2019 yil 8 fevral kuni qonunbuzilishini bartaraf etish va kelgusida yo‘l quymaslik yuzasidan belgilangan tartibda taqdimnoma kiritildi.

Shunga qaramay, Kun.uz muxbirida nusxasi mavjud tuman xalq ta'limiga yuborilgan MIB talabnomasida boshqa manzara aks etgan.

2019 yil 5 fevral kuni Amudaryo tumani MIB bo‘limi boshlig‘i Ergash Jumamurodov imzosi bilan tasdiqlangan talabnoma xatida (11/1288-19) xodimlarning ish haqidan kommunal to‘lovlar uchun ushlab qolish masalasi bayon etilgan va reja belgilab berilgan. Mana shu reja 10 fevralga qadar mutasaddilar rejani bajarishi kerak edi. Oqibatda o‘qituvchilarning maoshidan asossiz pullar ushlab qolingani haqida barchamiz bildik.

Garchi Majburiy ijro byurosi Amudaryo tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Hasan Jumaqulov to‘lovlar uchun ushlab qolinadigan pullar ishchilar ixtiyoriga ko‘ra amalga oshirilishini ta'kidlasa-da, talabnomada 10 fevralga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan reja nega keltirilgani shubhani paydo qiladi. Balki bu masalaga prokuratura organlari tekshiruvi oydinlik kiritar.

Kun.uz surishtiruvi esa davom etmoqda.​

Mavzuga oid