O‘zbekiston | 11:03 / 11.03.2019
56695
5 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vaziri ota-onalarga murojaat bilan chiqdi 

Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Facebook’dagi sahifasida ota-onalarga murojaat bilan chiqdi.

Vazir Prezident maktablarida qabul va ta'lim jarayoni Buyuk Britaniyaning Kembridj universiteti bilan hamkorlikda olib borilishini inobatga olib, ingliz tili o‘rganishning muhimligi haqida eslatib o‘tgan.

“Albatta, hali imtihonlarning qanday o‘tishi haqida ma'lumotlar mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgandan keyin batafsil e'lon qilinadi. Ingliz tilini o‘rganishni esa hozirdan boshlash kerak. Maktabda asosiy fanlar xorijiy pedagoglar tomonidan ingliz tilida olib borilgani uchun ham o‘qish jarayonida ingliz tilini bilish juda zarur”, - deydi u.

Ta'kidlanishicha, Prezident maktablariga o‘quvchilar birinchi yilda 5-10-sinflarga qabul qilinishini inobatga olinsa, aynan shu o‘quv yilida ushbu maktablarga kirishga imkoniyat ko‘proq bo‘ladi. Keyingi yillardan esa qabul faqat 5-sinfdan.

“Eng asosiysi, Prezidentimiz ushbu maktablarga qabul imtihonlari adolatli o‘tishini ta'minlash vazifasini belgilab berganlar. Shu sababli ham ushbu maktablarga qabul imtihonlari shaffof va adolatli o‘tishini bu sohada dunyodagi eng nufuzli tashkilotlardan biri Cambridge Assessment tomonidan ta'minlanishi kelishildi.

Namangandagi majlisda ham Prezidentimiz ushbu masalaga yana alohida to‘xtalib, bu maktablarda aynan eng qobiliyatli o‘quvchilar o‘qishi zarurligi, ularning ota-onasi yoki oilaviy sharoitiga bog‘lanmagan holda qabul imtihonlarini adolatli tashkil etilishi muhimligini ta'kidlab o‘tdilar”, - deb yozadi Shermatov.

Bildirilishicha, bu maktablar qobiliyatli bolalar uchun o‘ziga xos ijtimoiy lift vazifasini o‘taydi, chunki bu kabi sharoitda o‘qigan oddiy oilaning farzandiga kelajakda katta imkoniyat eshiklari ochiladi.

Shuningdek, bu maktablarga kira olmagan taqdirda ham bolaning ingliz tilini bilishi uning kelajakda muvaffaqiyatga erishishiga jiddiy turtki bo‘ladi.

“Dunyodagi 60 ga yaqin davlatlarda ingliz tili davlat tili hisoblanadi hamda eng ko‘p o‘rganiladigan xorijiy til ham ingliz tilidir.

Kelgusida farzandingiz chet ellik bilan so‘zlashganda ingliz tilini bilishi juda qo‘l keladi. U chet elga chiqmagan taqdirda ham mamlakatimizda hozirgi kunda eng yuqori oylik berilayotgan sohalarda ingliz tilini bilish juda muhim ekanini davr taqozo etyapti. Qo‘shimcha kuchli AKT bo‘yicha bilim talab qilinadigan sohalardan tashqari, masalan, mamlakatimizda turizm rivojlanishi natijasida bu sohadagi korxonalar yaxshi mutaxassisga o‘rtacha ming dollardan ortiq oylik berishga tayyorligini bildirib vakansiyalarni e'lon qilib bormoqda. 

Ingliz tilini maktabdan tashqari paytlarda o‘rganish imkoniyatlari ham juda ko‘p. Biz yoshligimizda ingliz tilidagi audio yoki video bo‘lsa do‘stlarimizdan iltimos qilib olib o‘rganar edik. Hozir esa internet imkoniyatlaridan foydalanilsa umuman ingliz tili bazasi bo‘lmagan bola ham uni juda yaxshi o‘rganib olishi mumkin. Ingliz tilini o‘rganish boshqa chet tillarini o‘rganishga nisbatan juda oson”, - deydi vazir.

Sh.Shermatov murojaatida ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha bir qator bepul resurslarni tavsiya qilgan. 

“Umuman olganda, biz farzandlarimizga BMTning 6 ta rasmiy tilidan kamida ikkitasini to‘laqonli bilish imkoniyatini yarata olsak, albatta ularni kelajakdagi muvaffaqiyatlariga mustahkam poydevor yaratib bergan bo‘lamiz.

Internet yomon ishlaydi degan iddaolar ingliz tilini o‘rganmaslikka bahona bo‘lmasligi kerak. Oddiy misol, O‘zbekistondan oyiga 2 mlndan ortiq foydalanuvchi Odnoklassnikida faol, 1 mln atrofida Feysbukda, Telegrammda qanchaligi aniqmas-ku, lekin uning dunyodagi 200 mlnlik auditoriyasida eng katta o‘rinlardan biri aynan O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda bekor vaqt ketkazishdan ko‘ra, ularning imkoniyatlaridan foydalanib ham ingliz tilini o‘rgansa bo‘ladi”, - deydi u.

Bundan oldin, Prezident maktablarining asosiy vazifalari belgilangandi.

Mavzuga oid