O‘zbekiston | 22:17 / 19.03.2019
54369
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev telefon orqali muloqot qilishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni bugun Prezident vakolatlarini zimmasidan soqit etish to‘g‘risida e'lon qilgan Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev bir-birlarini samimiy qutlab, O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib, ko‘p qirrali sermahsul hamkorlik kengayib borayotganini alohida mamnuniyat bilan ta'kidladilar.

O‘zbekiston Prezidenti uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlari uchun mustahkam poydevor yaratishga qardosh Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti qo‘shgan hissani yuksak baholadi va chuqur minnatdorlik bilan qayd etdi.

Muloqotda Nursulton Nazarboyev rahbarligida zamonaviy bozor iqtisodiyotiga ega davlat barpo etilgani ta'kidlandi. Tinchlik va barqarorlik, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik ta'minlandi, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘si mustahkamlandi. Bugun Qozog‘iston dunyoning 50 rivojlangan davlatlari sirasiga kiradi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va Qozog‘iston xalqiga xizmat qilish yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi.

Tomonlar davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlik bundan buyon ham izchil mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 19 mart kuni Nazarboyev respublika telekanallari efirida Qozog‘iston xalqiga maxsus murojaat bilan chiqish qila turib, o‘z vakolatlarini topshirishini e'lon qildi.

Mavzuga oid