Jamiyat | 19:21 / 21.03.2019
34300
7 daqiqa o‘qiladi

Ikki taqdir (deputatlar va tegishli vazirliklar e'tiboriga)

“Sizlarga nusrat va rizq berilishi – zaiflaringiz sababidandir!” (hadis)                 

Kuni kecha shifoxonada davolanish asnosida ikki taqdirga duch keldim. Bu taqdirlar shunchaki ikki insonning taqdiri emas, balki ko‘plab boshqa taqdirlar bilan aynan bo‘lgani bois, hamda qonunlarimiz qay darajada nomukammal ekanligini mulohaza qilganim holda ular haqida ko‘rganimni yozmoqni lozim bildim. 

Birinchi taqdir

Eldorbek Mallaboyev. 30 yosh. Andijon viloyati, Jalaquduq tumanida istiqomat qiladi. Rossiyada ishlayotgan paytida ustiga og‘ir yog‘och tushib ketib, umurtqa pog‘onasi singan. Aravachaga “mixlangan”. 5 yashar bir o‘g‘li bor. Keksa otasi uning qarovchisi vazifasida. 

“Qancha nafaqa olasiz?” – degan savolimga “243 ming so‘m” deb javob qildi. 243 ming so‘m!

Uning turar joyi bo‘yicha ijtimoiy ta'minot bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib so‘radim, “qonunda shuncha nafaqa yozilgan, aka, ish staji yo‘q ekan u yigitning, shuning uchun shuncha nafaqa tayinladik” – javob qildi xodim. Nima deyishni ham bilmay qoldim. Keyin o‘yladim: “bu yigit yosh oilasini ta'minlash uchun, ro‘zg‘orini but qilish uchun Rossiyaga ishlashga borgan, taqdir taqozosi bilan ko‘ngilsiz hodisaga uchragan, nogiron bo‘lib qolgan, mehnat daftarchasi tutishga imkoni bo‘lmagan – qonuniy ish staji orttira olmagan. Uning aybi nima, mehnat daftarchasi tutolmaganimi? Unga va boshqa – shu holatga tushganlarga, ya'ni ish staji orttirolmay nogiron bo‘lib qolganlarga biroz bo‘lsa-da ko‘proq nafaqa tayinlashning imkoni yo‘qmi? Axir bular ham O‘zbekiston fuqarosi, davlatidan e'tibor, yordam kutadi! 243 ming so‘mni qaysi ehtiyojiga yetkazsin?”

Ikkinchi taqdir

Suhrobbek Bekberganov. 17 yosh. Xorazm viloyati, Yangibozor tumani, Bo‘zqal'a qishlog‘ida yashaydi. Suvga sho‘ng‘iyman deb bo‘ynini sindirib qo‘ygan, qo‘l oyog‘i ishlamay qolgan, doimiy qarovga muhtoj. Bunday holatda bolaga kim qarardi deysiz – albatta, onaizor... Uning baxtiga onasi bor ekan. ONA to‘liq ojiz bo‘lib qolgan, kunu-tun qarovga muhtoj bo‘lib qolgan, o‘zi na ovqat yeya oladigan, na hojatiga chiqa oladigan ojiz jigargo‘shasiga qarab o‘tirish, buning ustiga uning ruhini ko‘tarishni o‘z egniga olganini ko‘rdim. Bolasining ahvolini ko‘rib ichidagi tilka-pora qalbini hech kimga oshkor qilmasdan, doim kulib turib o‘g‘liga qarab o‘tirardi.

“O‘g‘lim falokatga uchrashidan oldin o‘qituvchi bo‘lib ishlardim, bu hodisadan keyin ishdan ketdim” – dedi menga ayol. “Nogiron bolangizga qarayotganingiz uchun Sizga nafaqa tayinlashdimi?” – so‘radim undan. “Yo‘q” dedi u.

Yana turar joy bo‘yicha ijtimoiy ta'minot bo‘limiga qo‘ng‘iroq. “Bu holatda nafaqa berish ko‘zda tutilmagan qonunda” – dedi ijtimoiy ta'minot bo‘limi xodimi. Surishtirgan edim, rostdan ham, bunday holatda nafaqa ko‘zda tutilmagan ekan. Mavzuga doir topganim – nogiron bolasiga qaragan davri onalar uchun ish stajiga qo‘shilishi haqida qonunga o‘zgartish kiritilgani.

Savol tug‘iladi: bolasining nogiron bo‘lib qolgani munosabati bilan ishini tashlab majruh bolasiga qarashga majbur bo‘lgan onalarga (nega faqat onalarga, ko‘plab holatlarda nogironning turmush o‘rtog‘i, opasi yoki boshqa oila a'zosi ham bo‘lishi mumkin-ku!) hozir, shu vaqtda davlatning yordami kerak emasmi? Bu masala alohida ko‘rib chiqilishi lozim, deb hisoblayman.

Soha islohotga muhtoj

O‘zim ham aravachada harakatlanadigan nogironman. Bir yarim yasharligimda umurtqa pog‘onamda operatsiya bo‘lib, 43 yildirki yurmayman. Esimni taniganimdan buyon hech bir meditsina xodimi mening holimni ko‘rishga kelmagan. 5-10 yilda bir shikoyat yozardim, shundagina “delegatsiya” bo‘lib kelib qolishardi. Ammo o‘zlari – yo‘q.

Holat bilan tanishman – joylarda qarov va e'tiborga muhtoj bo‘lgan nogironlarning ahvolini tibbiy nazorat qilish sohasi o‘ta qoniqarsiz darajada. Mazkur soha isloh qilinishi lozim. Chet el tajribalarini o‘rganib sohada yangicha tizimni shakllantirish lozim. Qarovsiz qolgani bois sog‘ligi achinarli holga kelgan, yaralari gazak olib ketgan, ba'zi hollarda vafot etgan nogironlarning ko‘pini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.

Bu aytganlarim Yaratganning irodasi o‘laroq oddiy odamlarday hayot kechirish imkoniyatidan bebahra bo‘lgan, jismoniy imkoniyati cheklangan nogironlarni qiynab kelayotgan muammolarning yuzdan biri desam, adashmagan bo‘laman. Maqsadim hikoyamdagi shu ikki taqdir haqida xalq vakillari bo‘lmish deputatlar-u vazirlar ham o‘qisa. Shoyadki amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirishda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga yanada ko‘proq e'tibor qaratsalar.

“Sizlarga nusrat va rizq berilishi – zaiflaringiz sababidandir!” Bu so‘zlar Allohning elchisi Muhammad alayhissalomning so‘zlari. Demakki jamiyat rizqi butun bo‘lishini istasa, avvalo zaif toifaning g‘amini yeyishi kerak ekan.

Shokir Sharipov,
Kun.uz publitsisti.

Mavzuga oid