Jamiyat | 23:56 / 30.03.2019
13106
12 daqiqa o‘qiladi

Nazar Eshonqul: «Samimiyat va o‘zaro yaxlitlikning yo‘qligi - eng katta muammomiz»

Jamiyat, adabiyot xususan, o‘zbek adabiyoti, uning tahlillari, muammolari yuzasidan qator ko‘rsatuv va suhbatlarni o‘quvchilar e'tiboriga havola etib kelayotgan Kun.uz’ning navbatdagi suhbatdoshi taniqli yozuvchi Nazar Eshonqul bo‘ldi.

Yozuvchi bilan bugungi jamiyat va adabiyot haqidagi suhbatimiz ochiq va samimiy ruhda o‘tdi.

Video: Mover (Tas-IX)

Video: Youtube

 

— Adabiyot vakillari bilan yangi o‘zbek adabiyotining falsafasi haqida gaplashganimizda uni yaratishga intilayotgan yozuvchi sifatida sizni ham e'tirof etishadi. Aytingchi, o‘z asarlaringizda o‘quvchiga asosan qanday fikrlarni, qanday falsafani yetkazishni xohlaysiz?

— Shaxsan men adabiyotni falsafa deb bilaman. Insonlar bilan gaplashish vositasiga aylangan falsafa. Albatta, faylasuflar gaplashadigan falsafa emas, odamlar bilan birgalikda muhokama qilinadigan, ramzlar, badiiy so‘z va vositalar orqali muhokama qilinadigan falsafa deb bilaman.

Endi bilmadim, men qaysi falsafani ilgari surayotgan yoki surmayotganimni. Buni meni asarlarim, hikoyalarimni o‘qib ko‘rgan kishilar, tanqidchilar biladi. Lekin shuni aniq bilamanki, odam kim qayerdan keldi, uning bosh vazifasi va missiyasi nimadan iborat, uni ertangi kunda nimalar kutib turibdi, hozirgi fojialar davom etsa, uning oqibati qanday bo‘ladi, insonning botinida turgan shayton va rahmon kurashida qaysi tomon yengilyapti va nima sababdan degan savollarga javob izlayman. Deyarli barcha hikoyalarim ana shu savollar va ularga javob izlashdan iborat.

—Xushomad va maddohlik — har bir zamonda ham insoniyatning eng katta illatlari. Afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik odamlar aynan shu illatlarni yaxshi yashashning qonuniyatiga aylantirib olgan, desak xato bo‘lmaydi. Aytingchi, shunday ketsa va borib-borib xushomad va maddohlik milliy fazilatga aylanib qolsa nima bo‘ladi?

— Milliy fazilatga aylanmaydi. Milliy illatga aylanishi mumkin. Bu illatlar milliy fazilatga aylansa, u juda katta fojia bo‘ladi. Chunki xushomad va maddohlik bu qullikning belgisi. Qullik esa o‘rta asrlarning feodalistik jamiyatiga xos belgi.

Har qanday xushomad va maddohlik ortida qandaydir ilinj, manfaat yotadi. Shu ma'noda biz kimgaki xushomad qilayotgan bo‘lsak, bilish kerakki, o‘sha xushomad qilinayotgan odamni haqorat qilyapmiz. Jahon afkor ommasi, xalqlar va aql idrokli insonlar oldida haqorat qilyapmiz. Bu orqali esa millat sifatidagi madaniy saviyamizni ko‘rsatib qo‘yyapmiz.

Jahon biladi, qayerdagi yaltoqlik bor ekan, u yerda qullik yashayapti. Millat esa qullik psixologiyasidan qutulmagan.

Tabiiyki, munosabatlar ham shunga yarasha bo‘ladi. Bizga nisbatan uchinchi yoki to‘rtinchi darajali millat sifatida munosabatda bo‘lishadi. Shuning uchun bu kabi yaltoqliklardan tiyilishimiz kerak.

— Eng achinarlisi, bugun maddohlik va xushomadni qoyillatadigan ayrim kishilar o‘zi ko‘zlagan o‘rinlarga ko‘tarilmoqda...

— Gapingizda jon bor. Haqiqatdan ham o‘z vaqtida maddohlik adabiy tan olinishning ko‘rinishi ham hisoblangan. Ammo bu narsalar baribir o‘tkinchi ekanligini hammamiz ko‘rdik.

O‘ylashimcha, tarixdan xulosa qilgan holda arqonni uzun qilib tashlash va yaltoqlik, maddohlik orqali ma'lum o‘rinlarga ko‘tarilayotganlarga ham imkon berish kerak. Ularni kimligini aql-u farosati bor insonlar o‘zi ko‘rib, bilib turishibdi.

Yaltoqlanuvchilar, maddohlar, ehtimol, o‘z davrida ma'lum amal va o‘rinlarga erishar, ammo vaqt o‘tib bularning bari nolga teng bo‘laveradi. Aksincha, hech bir e'tirofga sazovor bo‘lmagan, kimgadir yaltoqlik va maddohlik qilmagan insonlar millat qahramoniga aylanishi mumkin. Bunga tarixda misollar ko‘p. Buni vaqt ko‘rsatadi. Ammo baribir unga qarshi vaqtida kurashish kerak.

Bir misol keltiraman, Sovet ittifoqi davrida Demyan Bedniy degan shoir bo‘lgan. Sotsialistik realizmning dastlabki 20 yilida undan mashhur shoir bo‘lmagan, lekin oxir-oqibatda deyarli 20 yilda unutilib ketdi. Hech kimga kerak bo‘lmadi.

Sizlarning yoshingiz biroz kichik, men o‘tgan asrning yetmishinchi yillaridan boshlab adabiy asar o‘qib boshlagan bo‘lsam, to mustaqillikkacha bo‘lgan davrda o‘qigan ko‘pgina yozuvchilarimni hozir o‘qib bo‘lmaydi. Buning sababi o‘sha davrda yaltoqlanib, xushomad va davr nuqtai nazari bilan, mafkura, siyosatni ulug‘lab yozilgan asarlar tarihda saqlanib qolishga loyiq emas.

Ko‘ryapsizmi, hamma narsaga davrning o‘zi baho beradi.

— Nazar aka, jamiyat odamlarining o‘y-xayollari, dunyoqarashiga yozuvchilar baribir o‘zgacha nazar bilan qarashadi va uni asarlarida ifodalashadi. Xo‘sh, siz bugungi millat, odamlar tafakkurini qanday baholaysiz? Tafakkurimizda nimalar o‘zgarmoqda-yu, nimalar hanuz eskicha va hamon qotib qolmoqda?

— Keyingi ikki-uch yil ichida shu mamlakat fuqarosi va millat vakili sifatida meni xursand qilgan birdan-bir jihat bu — tabiiy ravishda siyosiy plyuralizmning kuchaygani. Odamlar o‘z fikrlarini erkin ayta olayapti. To‘g‘ri, bular hali mukammal darajaga yetgani yo‘q, lekin shu narsalarga intilayotganimizning o‘zi dunyoning eng kuchli davlatlarini biz bilan hisoblashishga majbur qiladigan holat.

Ammo bizda bu ishlarni boshida turgan prezident kabi va uning darajasida fikrlovchi qatlam yo‘q. Albatta, buni obektiv va sub'yektiv sabablari ko‘p.

Shu kabi jimlik, shu kabi karaxtlik, odamlarning to‘g‘ri gapni hali ham aytolmayotganligi, bir-birimiz bilan samimiy bo‘lib yutuq va kamchiliklarimiz haqida gaplasholmayotganimiz meni qiynaydi.

Ehtimol, bugun yutuqlar haqida gaplashish kerak emasdir. Bir-birimiz bilan samimiy bo‘lib, qanday xatolar qilganimiz, oldimizda qanday kamchiliklar turgani va muammolarning yechimi borasida fikrlashishimiz kerak.

Aynan insoniy samimiyatning yo‘qligini, o‘zaro yaxlitlikning yo‘qligini bugungi eng katta muammolarimizdan deb hisoblayman.

Nazarimda, odamlarimizdagi ichki qo‘rquv, hadiksirash va balki bu o‘zgarishlar o‘tkinchi, ertaga hammasi tugab ketadi, boshqacha bo‘ladi, degan xavotir jamiyatni tark etmayapti.

— Xo‘sh, siz aytayotgan samimiyatning yetishmayotgani nimadan?

— O‘zaro ishonch yo‘qligidan. Ma'lum bir davrda bir-birimizga dushman sifatida qaradik. “Bu dushman bo‘lsa kerak”, “Bu bizga qo‘shilmasa kerak”, “Kim biz bilan emas, u bizning dushman” degan qarash bilan yashadik. Oxir oqibatda odamlarda o‘zaro ishonchsizlik paydo bo‘ldi va hozir ham bu davom etmoqda.

Qaytaraman, samimiy fikrlashish kerak. Shu jamiyat, shu yurt taqdiri uchun yozuvchining qo‘lidan nima ish keladi, tarixchining, olimning qo‘lidan nima ish keladi, degan savollarni o‘rtaga tashlashimiz kerak. Bu, ehtimol balandparvoz, pafosli gap bo‘lib tuyilar, lekin bugun aynan shunday davr. Agar ochiq fikrlashmasak, bu hadiksirash yana davom etadi, bo‘linish davom etadi, oxir-oqibatda esa olomonga aylanib ketishimiz mumkin. Inkor qilmayman, oramizda xalqni olomonga aylantirishga harakat qilayotgan kuchlar ham bor.

— So‘z erkinligi, fikr erkinligi haqida gapirdingiz. Bugun ko‘pgina voqeliklarga odamlarning reaksiyasi, ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarini ko‘rib xalq va olomon tushunchasiga qayta-qayta murojaat qilinayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Siz xalq bilan olomonning farqini nimalarda ko‘rasiz?

— Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz fikr bildirayotganlarning qay biri xalq va qay biri olomon ekanligini darrov tushunasiz.

Olamon bu — o‘z qarichidan tepaga ko‘tarilolmagan, faqat o‘z manfaati yo‘lida xizmat qiladigan va shu doirada fikr bildiradigan odamlar to‘dasi. Vatan, millat, xalqni birlik va yaxlitlikka undaydigan, xatolarni kechirgan holda o‘zaro birlashuvga undaydigan, erta uchun yashaydigan odamlar bu xalq.

Olomon faqat kichik manfaatlar haqida o‘ylaydi. Oilam, uyim, mahallam deydi. Shu kichik doiradagi masalalar uni qiziqtiradi. Yuqorida biz aytgan tushunchalar esa uni qiziqtirmaydi.

Shu bilan birga so‘nggi paytlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda mahalliy hokimiyat vakillari ham jo‘yali fikrlar, takliflar bilan o‘rtaga chiqayotgani, xatolarni ochiq tan olayotgani kuzatilmoqda. Bu esa kishini xursand qiladi.

Ana shu yo‘lni kuchaytirishimiz kerak.

Biz aytayotgan olomonning xalq bo‘lishi esa adabiyotga bog‘liq. Kitob o‘qigan kishi borki, xalq, haqida katta g‘oyalar haqida o‘ylay boshlaydi. Kitob o‘qimagan esa olomonligicha qoladi.

— Siyosat va mafkuraga qul ijodkordan erkin, katta narsalar kutib bo‘lmaydi deyishadi. Ayting-chi, ijodkor o‘zini siyosat va mafkuraga qullikdan qanday saqlab qolishi kerak?

— Saroy va ijodkor qachon birlashadi, qachonki saroy adolat tarafda tursa. Agar saroy ijodkorni, milliy qadriyatlarni, adolatni himoya qilsa, hurmat qilsa, ijodkor saroyning yonida turadi. Ular birgalashib oliy maqsad va oliy e'tiqod uchun kurashadi. Mabodo saroy yolg‘onga botsa, zulmga kuch bersa, qorani oq deyish, odamlarni bunga majburlash boshlansa, haqiqiy ijodkor chetga chiqadi. Sizning savolingizga javobim shu. Agar mafkura umummilliy, umuminsoniy, adolatli g‘oyalarga xizmat qilsa ijodkor ham unga xizmat qiladi. Aslida, adabiyotning vazifasi shu.

Agar maqsad adabiyotni ma'lum bir guruh, siyosiy g‘oya yoki ta'limotga yoki ma'lum davr odamlariga xizmat qildirish bo‘lsa, bu noto‘g‘ri.

Siyosat uchun yozilgan tom-tom kitoblar esa hech qachon adabiyotga kirmaydi. Qog‘oz bo‘lib javonlarni to‘ldiradi xolos.

— Shu ma'noda siz uchun ijodkorning siniqligi nima?

— Ijodkorning siniqligi bor haqiqatni aytolmasligi, fuqarolik pozitsiyasini himoya qilolmasligi. Bu yo‘lda qo‘rqoqlik qilishi, ko‘p andishaga berilishi, lanjlik qilishi.

Yozuvchi ko‘proq jamiyatga aralashishi, odamlarni so‘z ortidan, oliy, haq so‘z izidan ergashtirish lozim.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid