Jahon | 20:48 / 09.04.2019
71961
4 daqiqa o‘qiladi

Qaysi davlatlarda ochlik hukm surmoqda?

Fan-texnika yuksak taraqqiyotga erishgan yigirma birinchi asrga kelib ham insoniyatning bu elementar muammodan qutula olmaganiga qator sabablar bor, albatta. Qurg‘oqchilik, tabiiy ofatlar kamlik qilganday odamzod aynan eng og‘ir hududlarda uzluksiz urushlar, korrupsiya, savodsizlik kabi muammolarni qorishtirib, o‘zini battar murakkab ahvolga solaveradi. E'tiboringizga ochlik muntazam hukm surayotgan 7 davlatni keltirib o‘tamiz.

Ma'lum bo‘lishicha:

* BMT 1948 yildayoq Inson huquqlariga oid Butunjahon Deklaratsiyasida har bir shaxs munosib ovqatlanish huquqiga ega ekanligi to‘g‘risida band bitilgan;

* BMT Oziq-ovqat tashkiloti (FAO) ma'lumotlariga ko‘ra, sayyoramizning har yettinchi vakili to‘yib ovqat yemaydi;

* Hisob-kitoblarga ko‘ra har 3,6 soniyada bir inson aynan ochlik tufayli vafot etmoqda.

7. Eritreya

6 million aholining 80 foizi qishloq xo‘jaligida jon kuydirsa-da, bu soha YaIMning 10 foizini ham bermaydi. Eritreyaliklarning 70 foizidan ortig‘i qashshoqlik girdobida yashaydi va ochlik bu hududda mustahkam o‘rnashib olgan muammodir. So‘nggi ma'lumotlarga qaraganda, aholi jon boshiga YaIM 482 AQSh dollariga qadar tushgan va bu o‘tgan yillardagidan ham yomon ko‘rsatkich.

Foto: BMT

6. Sudan

Sharqiy Afrikadagi bu davlatning ahvoliga ham havas qilib bo‘lmaydi. Davlatlar, qabilalar, guruhlar va qishloqlar o‘rtasidagi muntazam urushlar xalqning tinkasini quritgan. Terrorchilik xurujlari vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Bu holatlarning hammasi ochlik muammosini yildan yilga chuqurlashtirib bormoqda.

5. Zambiya

Janubiy Afrikadagi bu davlatning katta yoshli (15—49 yosh)  aholisining 15 foizga yaqini OITSning og‘ir shakliga duchor bo‘lishgan va davolanish imkoniyatiga ega emas. Zambiyaliklarning 82 foizi qashshoqlikda kun kechirayotgani hisoblab chiqilgan va bu holat tabiiyki, ochlikning kuchayishiga zamin yaratgan. Muntazam ziddiyatlar ham vaziyatni og‘irlashtiradi.

Foto: REUTERS

4. Yaman

Afrika davlatlari orasida arab davlati aralashib qolishi bejizga emas. So‘nggi yillarda mafkuraviy ziddiyatlar, qo‘shni davlatlar qo‘shini kiritilib olib borilayotgan ochiq urushlar, kundan-kunga quloch yozayotgan vabo epidemiyasi odamlarning sillasini quritgan. Aholining mutlaq ko‘pchiligi ochlik girdobida, bu holatlar birlashib go‘daklar o‘limining keskin ortishiga sabab bo‘lgan.

3. Serra-Leone respublikasi

G‘arbiy Afrikadagi Serra-Leone Respublikasi Atlantika okeani qirg‘og‘ida joylashgan. Qulay joylashuvi, tabiiy resurslarga boyligiga qaramay eng qashshoq, eng och odamlar shu davlatda yashaydi, deyilsa mubolag‘a emas. Sababi ko‘pchilik davlatlar bu ro‘yxatga turli sabablarga ko‘ra oxirgi yillarda kirib qolishgan va ularning o‘rni almashib turadi. Ammo Serra-Leonedagi ochlik asriy tarixga ega va oxiri ko‘rinay demaydi.

Foto: REUTERS

2. Markaziy Afrika Respublikasi

Bu davlatda oltin, olmos, neft kabi foydali qazilmalar, katta maydonlarda o‘rmonlar bor. Biroq siyosiy beqarorlik, korrupsiya, uzluksiz urushlar, o‘ta yuqori jinoyatchilik iqtisodni izdan chiqargan. MAR faqat xalqaro tashkilotlar ko‘magiga tayanib yashaydi. Har 1000 chaqaloqdan 105 nafari nobud bo‘ladi. Aholining mutlaq ko‘pchiligi ochlikdan qiynaladi.

1. Chad

Markaziy Afrikadagi bu davlatda muammolar qalashib yotibdi. Sog‘liqni saqlash izdan chiqqan, infeksion kasalliklar avjida, elementar gigiyena unutilgan, o‘lim ko‘rsatkichi juda yuqori.  Ichimlik suvi va oddiy yeguliklar yetishmasligi natijasida aholining o‘rtacha yoshi 45 yosh atrofida.

Abror Zohidov tayyorladi

Mavzuga oid