Fan-texnika | 03:50 / 14.04.2019
39449
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” navbatdagi Dreamlinerʼni qabul qildi

Kecha, 13 aprel kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” navbatdagi Boeing 787-8 Dreamliner yo‘lovchi avialaynerini qabul qilib oldi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Bu haqda Milliy aviakompaniya tomonidan OAV xodimlari uchun yangi havo layneri bilan tanishuv tadbirida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Mazkur avialayner avvalgilari kabi raqobatbardoshlik va parvozlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida MAK aviaparkini zamonaviy aviatsiya texnikalari bilan yangilash va kengaytirish maqsadidagi investitsion loyiha doirasida xarid qilindi.

Avvalgi uchta Boeing 787-8 Dreamliner kabi ishlab chiqaruvchi zavodidan keltirilgan mazkur samolyot o‘zidan avvalgi avlod laynerlaridan ko‘ra bir qancha qulayliklarga ega. Unga, jumladan, yonilg‘i sarflash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga karbonat angidrid gazining ajralib chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi dvigatellar o‘rnatilgan.

Avialayner jami 246, xususan, biznes klassda – 24 nafar va ekonom klassda – 222 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan.

Yangi laynerda yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida ayrim yangiliklarga qo‘l urilganini ko‘rish mumkin. Jumladan, shinam samolyot sahni, qulay o‘rindiqlar, yangi pol qoplamalari, yoritish va pol izolyatsiyasi, o‘rindiqlarda har bir yo‘lovchi uchun HD sensor monitorlar o‘rnatilgan.

Havo layneri Milliy aviakompaniya foydalanayotgan boshqa uchta Dreamlinerʼdan internetga kirish uskunalari mavjudligi bilan farq qiladi. Bu aviakompaniyaning “Bortda internet” xizmatidan foydalanish mumkin bo‘lgan uchinchi layneridir.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Boeing 787-8 Dreamlenerning Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachisi hisoblanadi. Milliy aviakompaniya tomonidan ularning tijoriy ekspluatatsiyasi 2016 yilda boshlangan.

Milliy aviakompaniya tomonidan 2020 yilga qadar mazkur rusumdagi yana oltita samolyot keltiriladi va MDHda bunday laynerlarning yetakchi foydalanuvchisiga aylanadi, deya xabar qildi Kun.uz muxbiri aviakompaniya xodimiga asoslanib. 

Mavzuga oid