O‘zbekiston | 08:21 / 16.04.2019
119116
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston prezidenti O‘zbekistonga qanday taklif bilan chiqqani ma'lum bo‘ldi

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekistonga qo‘shma turistik klaster tashkil etish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda u O‘zbekistonda Qozog‘iston yili ochilishiga bag‘ishlangan marosimdagi nutqida ma'lum qilgan.

«O‘zbekistonda Qozog‘iston yili nafaqat ikki tomonlama munosabatlarimizda, balki butun Markaziy Osiyoda o‘zaro anglashuv va ishonch muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi o‘ziga xos ulkan voqeadir. Men mamlakatlarimizning nafaqat turkiy, balki butun jahon madaniyati durdonasi bo‘lgan bosh ma'naviy va tarixiy markazlarini o‘zaro bog‘lashni taklif etaman. Turkiston, Samarqand va Buxoro shaharlarini bir yo‘nalish orqali tutashtirgan holda turizm klasterini ochish mumkin, deb hisoblayman», - dedi Toqayev.

Uning ta'kidlashicha, Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va samarali hamkorlik tarixiy do‘stlikning mantiqiy davomi bo‘lib, keyingi yillarda qardosh va do‘st mamlakatlarning siyosiy, iqtisodiy, gumanitar aloqalari yanada yuksak bosqichga ko‘tarildi. 

«Chegaradosh hududlar hamkorligi mustahkamlanib bormoqda, tovar ayirboshlash hajmi muttasil ortmoqda. Shuni qat'iy ishonch bilan ta'kidlashim mumkinki, bugungi kunda Qozog‘iston – O‘zbekiston munosabatlarida muammoli masalalar mavjud emas. Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev va muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa'y-harakatlari tufayli Qozog‘iston – O‘zbekiston munosabatlari haqiqiy yuksalish davrini boshdan kechirmoqda», - deya ma'lum qildi Qozog‘iston rahbari.

Mavzuga oid